JSST koronavirusni davolash bo`yicha tavsiyalarini yangiladi
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga doir tavsiyalarini yangiladi. Mazkur qo`llanma COVID-19ni muolaja qilishga taalluqli yangi usullarning klinik sinovlari bo`yicha jamlangan so`nggi xulosalarga asoslangan.
Yangi tavsiyalarga ko`ra, koronavirus tufayli shifoxonaga yotqizish xavfining uch asosiy toifasi mavjud: yuqori, o`rta va past.
Ko`rsatmalar gospitalizasiya xavfi yuqori va o`rta bo`lgan bemorlarda virusga qarshi remdesivir hamda molnupiravir preparatlarini qo`llash bo`yicha tavsiyalarni o`z ichiga oladi.
Unga muvofiq, shifoxonaga yotqizish xavfi o`rta yoki past bo`lgan va xastalik engil o`tayotgan bemorlarga remdesivir hamda molnupiravir dorilarini qo`llash tavsiya etilmaydi.
Bu preparatlardan faqat yuqori xavf guruhiga mansub kishilarda tibbiy ko`rsatmaga ko`ra foydalanish taklif etiladi.
O`z navbatida, virusga qarshi yangi VV116 preparatini klinik sinovlardan tashqari, kasallikning og`irligidan qat`i nazar, har qanday darajasida qo`llash tavsiya etilmaydi. Bunday cheklov koronavirusga chalingan bemorlarda ivermektin dorisini qo`llashda ham amal qilishi maqsadga muvofiq.
Mutaxassislar fikricha, yangi tavsiyalar COVID-19ning ayni paytdagi faol mutasiya va subvariantlariga xos xususiyatlar hamda global emlash jarayonidan keyin insonlar immunitetida hosil bo`lgan ijobiy o`zgarishlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
JSST koronavirusni davolash bo`yicha tavsiyalarini yangiladi