JONBOS QALʼA haqida

JONBOS QALʼA haqida

JONBOS QALʼA

JONBOS QALʼA, Yonbosh qalʼa — qad. qalʼa xarobasi. Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻl tumanidagi Sulton Uvays togʻi jan.-sharqida joylashgan (mil. av. 4-a. —mil. 2 – a.). S. P. Tolstoye rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tekshirgan (1938-39). Jonbos qalʼa mayd. 200×170 m; xom gʻisht va paxsadan qilingan qalin va qoʻsh devorlar bilan oʻralgan. Devorlarining bal. 10—11 m, qalinligi 1 — 13 m, ular oʻrtasidagi 2,8 m kenglikda yoʻlak boʻlib, tashqi devorda shaxmat taxtasi tarzida ikki qator qiya shinaklar boʻlgan. Darvozadan boshlangan yoʻl qalʼani teng ikki dahaga ajratgan, yoʻl oxirida otashparastlar ibodatxonasi — otashkada xarobasi, qalʼa ichida 300 dan oshiq uy va kichik xrvlilar, sopol pishiradigan xumdon qazib ochilgan. Charxda yasalgan juda koʻp sifatli sopol idishlar (katta-kichik koʻza, xum, uzun tutqichli qadah, chuqur kosa, qozon va b.) topilgan. Ayrim koʻzalar bandining yuqori qismi idish chetini tishlab turgan arslon va b. jonzodlar shaklidan iborat. Turli rangdagi katta-kichik marjon-munchoqlar orasida Suriya, Misr, Shim. Qora dengiz boʻyi shaharlaridan keltirilganlari ham uchraydi. Jonbos qalʼa mil. 2-a. da xarobaga aylangan.

Ensiklopediya.uz
JONBOS QALʼA