JOM CHOʻLI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
JOM CHOʻLI haqida malumot bilib oling.

JOM CHOʻLISamarqand viloyatidagi choʻl. Zarafshon tizma togʻlarining gʻarbiy va Zirabuloqtogʻlarining sharqiy etaklarida joylashgan. Jom choʻlida boʻylama choʻzilgan qirlar, toʻlqinsimon lyossli tekisliklar bor. Oʻrtacha bal. 500—600 m, asosiy balandliklar Zarafshon togʻlari etaklaridan jan.-gʻarb tomon pasayib boradi. Relyefi oʻydim-chuqur (1 — 10 m va undan ziyod). Jom choʻlining jan.-gʻarbida soyliklar (Sobirsoy, Toshbaqasoy, Kattasoy, Qoʻshilishsoy va b,), sharqida Zarafshon togʻlari etaklaridan boshlanuvchi soylar (Jomsoy, Sayidjilgʻasoy, Kattasoy, Sariqulsoy) gʻarbga tomon yoʻnalgan. Zarafshondan boshlanuvchi Eski Anhor va Jom kanallari choʻlni kesib oʻtadi, ulardan Qashqadaryo vohasida sugʻorishda foydalaniladi.

Jom choʻlining oʻrni Zarafshon va Zirabuloq tizmalari oʻrtasidagi tektonik botikdan iborat. Toʻrtlamchi davrning lyoss va lyossimon jinslari togʻ etaklarida 10—15 m, markaziy qismida 70 m gacha qalinlikda toʻplangan. Grunt suvlari satqining chuqurligi shim. da (Ulus kengligida) 10—20 m, shoʻrligi kamroq (1 — 3 g/l). Artezian suvlari boʻr, paleogen va neogen yotqiziqlarida mavjud, ularning aksariyati shoʻrroq. Efemer, efemeroidlar, qoʻziquloq, oqquray, karrak va b. oʻt oʻsimliklar keng tarqalgan. Tuprogʻi, asosan, tipik boʻz tuproq. Yer osti suvlari sugʻorishda va chorva mollarini suv bilan taʼminlashda ishlatiladi. Togʻ etaklariga yaqin va b. ayrim joylar lalmi dehqonchilikda, soyliklar sugʻoriladigan dehqonchilikda foydalaniladi.

Ensiklopediya.uz
JOM CHOʻLI