Jismoniy mashq — davolovchi kuch haqida malumot
Sotsiologik tadqiqotlar natijasidan ma’lumki, inson 45 yoshdan so‘ng dori-darmonga, kasalxonaga yotishga ketadigan sarf-harajatlarning aqalli 5 foizini agar bolalik, o‘smirlik, yoshlik davridagi jismoniy sog‘lomlashtirish ishlariga sarflasa, 80-85 yoshgacha dard ko‘rmay hayot kechirishga zamin tayyorlagan bo‘larkan. Bundan ko‘rinadiki, jiddiy kasalliklarning oldini olishda oddiy jismoniy tarbiya mashqlari muntazam bajarib turilishining ahamiyati katta.
Jismoniy mashqlarni maxsus sport-sog‘lomlashtirish maskanlariga bormasdan, uy sharoitida bajarish ham mumkin. Har kuni 15-20 daqiqa hovli yo ko‘cha bo‘ylab sekin yugurish, turnikda tortilish, toza havoda piyoda sayr qilish yoki jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish tana uchun foydali.
Tongda 20 daqiqa jismoniy mashqlar bajarib, keyin kun davomida dam olib yotsangiz ham siz bir kunlik jismoniy faol harakat qilgan hisoblanasiz. Chunki maxsus yo‘naltirilgan mashqlar tanadagi qon aylanishiga ijobiy ta’sir qilib, a’zolarning me’yoriy ishlashini ta’minlaydi, shuningdek moddalar almashinuvini yaxshilab, ko‘tarinki kayfiyatni uyg‘otadi.
“Keksalikda yoshlikdagidan ko‘ra ko‘proq harakat qilish kerak” deyishadi gerontolog olimlar. Chunki keksalik davrida tana a’zolari harakatida sustlashuv boshlanadi, ko‘proq dam olish va tinch hayot kechirishga ehtiyoj seziladi. Ammo tanaga ortiqcha dam berib a’zolarning “dangasa” bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Kam harakat qilish oqibatida yurak-qon tomir, asab, suyak-bo‘g‘im kasalliklari tez rivojlanadi. Shu sababli keksalarning yengil harakat mashqlarini bajarib, kundalik yumushlar bilan shug‘ullanib yurishlari zarurat hisoblanadi. Ertalabki jismoniy mashqlarni keksalar o‘tirgan yoki yotgan holatda ham qo‘l-oyoqlar harakatlari bilan yengil mashqlar bajarish tavsiya etiladi. Bunda har bir kishi o‘z shaxsiy holatiga qarab ko‘proq yoki kamroq mashq bajarishi mumkin. Har kungi jismoniy harakat vaqti 30 daqiqadan oshmasligi kerak.
Keksa yoshlilarda kechayotgan surunkali kasalliklar hisobga olinib, shifokorlar tomonidan maxsus mashqlar buyuriladi. Uzoq yillik tajribalarga tayanib aytadigan bo‘lsak, harakatchanlik qarilikka qarshi kurashning eng samarali vositasidir. Kishilar jiddiy dard bilan og‘rigan hollarda, ya’ni barcha kasalliklarning o‘tkir xuruji paytida, tana zaiflashuvida, insult yoki qon bosimi oshishining og‘ir holatlarida, onkologik va yuqumli kasalliklarda, qandli diabetning og‘ir turlarida, yurak-qon tomir va nafas tizimi yetishmovchiligida og‘ir jismoniy mashqlar bajarish tavsiya etilmaydi.
Kasalliklarni davolash bosqichlari o‘tkazilgandan so‘ng shifokor bilan maslahatlashgan holda maxsus mashqlar bajarish mumkin. Ba’zi bir suyak-bo‘g‘im kasalliklarining o‘tkir holatlarida ham shifokor davolash jarayonida maxsus mashqlar buyuradi. Jismoniy faol odamga kasalliklar yaqinlashmaydi, chunki uning immun tizimi mustahkam bo‘lib, dardni tanaga o‘tkazmaydi. Demak, doimiy jismoniy faol mashqlar bilan shug‘ullanish har qanday yoshdagi kishilar uchun kundalik zaruratga aylanishi lozim.
Unutmang, ertalabki jismoniy mashqlar tufayli:
- bosh miya markazlarining tormozlangan holati barham topadi va ularning qo‘zg‘aluvchanligi asliga keladi;
- odamning jismoniy ishga ham, aqliy ishga ham kirishib ketishi ancha osonlashadi;
- o‘pkaning chuqur bo‘limlari yetarlicha havoga to‘yinadi;
- tungi uyqudan qolgan lanjlik yo‘qoladi;
- karaxtlik bartaraf etiladi;
- tana tetiklashadi;
- kayfiyat yaxshilanadi;
- organizm keyingi og‘irroq mashqlarga tayyorlanadi.
© Durdona SULTONOVA, shifokor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.
Kasalliklar
Jismoniy mashq — davolovchi kuch