JINOIY UYUSHMA haqida
JINOIY UYUSHMA
JINOIY UYUSHMA — 2 yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun oldindan birlashishi. Jinoiy uyushma guruh aʼzolarining miqdori, uyushmaning tuzilishi va boshqa belgilariga koʻra bir-biridan farq qiladi. Jinoiy uyushma tuzish yoki unga rahbarlik qilish jinoiy tuzilmani shakllantirish uchun nomzodlarni tanlash, ularni jalb qilish, Jinoiy uyushma, guruh yoki uning boʻlinmalari ishtirokchilari oʻrtasida vazifalarni boʻlish, jinoiy faoliyatning umumiy rejasi yoki alohida tajovuzlar rejasini tuzish kabi xatti-harakatlarda koʻrinadi. Jinoiy uyushmaning yashashi va amal qilishiga qaratilgan faoliyatni olib borish Jinoiy uyushma uchun pul mablagʻlari, transport vositalari, xonalar ajratish, Jinoiy uyushma yoki boʻlinmalarining ishlashi uchun shartsharoitlarni yaratish kabilarda namoyon boʻladi. Har qanday turdagi jinoiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun Jinoiy uyushmaga birlashishning oʻzi tugal jinoyat hisoblanadi. Jinoiy uyushma yoxud uning boʻlinmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilish, shuningdek, ularning mavjud boʻlishi va ishlab turishini taʼminlashga qaratilgan faoliyat uchun Oʻzbekiston Respublikasining JK tegishli moddasiga koʻra jinoiy jazo belgilangan.
Ensiklopediya.uz
JINOIY UYUSHMA