JIHOD haqida

JIHOD haqida

JIHOD

JIHOD, gʻazovot (arab. — gʻayrat qilish, kuchni ishga solish) — islomda din yoʻlida kurash. Dastlab Jihod deyilganda islomni himoya qilish va yoyish uchun kurash tushunilgan. Bu kurashga nisbatan Qurʼonda Muhammad (sav)ning Makka va Madinada kechgan hayot faoliyatining muayyan shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda turlicha koʻrsatmalar bor:

1) koʻpxudoliklar bilan mojaroga bormaslik va ularni oqillik va odob bilan haqiqiy dinga ogʻdirish;

2) islom dushmanlariga qarshi mudofaa urushi olib borish; 3) gʻayridinlarga hujum qilish, lekin muqaddas oylarda harbiy harakatlar olib bormaslik.

Jihodning kelib chiqish tarixi 624-y. boshlarida yuz bergan voqea — musulmon askarining quraysh qabilasining kichik karvoniga rajab oyida (4 muqaddas oyning birida) xujum qilgani bilan bogʻliq. Mushrik — qurayshiylar shu omilga urgʻu berib, Muhammad (sav) va musulmonlarni butun Arabiston boʻylab yomon otliqqa chiqarishga, ularga qarshi katta ittifoq tuzishga harakat qildilar. Ayni shu kezlarda Qurʼonning bir necha oyatlari (Haj, 39; Baqara, 190; Niso, 75) nozil boʻldiki, islomda birinchi bor Jihodga, yaʼni muayyan hollarda dushmanga qarshi kurash olib borishga izn (ruxsat) berildi. Yosh musulmon davlati (Madina) oʻz chegaralari daxlsizligini mudofaa qilish uchun kuch ishlatishga majbur edi. Shu tarzda ilk islomda Jihod Alloh yoʻliga, islom dinini yoyish maqsadiga butun kuch va imkoniyatlarni sarf qilish maʼnosini anglatib kelgan va faqat baʼzi hollarda harbiy kuch ishlatishni ham taqozo etgan. Shu maʼnoda Jihodni «muqaddas urush» deb talqin qilish odat tusiga kirib qolgan.

9—10-a. lardan Jihod yangi mazmun bilan toʻldirildi: Alloh yoʻlida oʻzni takomillashtirish tushunchasi (yaʼni maʼnaviy Jihod)ga 4 J. — qilich J. i, qalb Jihodi, qoʻl J. i va til J. i haqidagi tasavvurlar qoʻshildi. Milliy ozodlik harakatlari davrida Jihod gʻoyasidan mustamlakachilikka qarshi kurashda foydalanildi. Umuman, hoz. zamon musulmon nazariyotchilari Jihodni islomni tinch yoʻl bilan yoyish, uni tashqi tazyiqdan himoya qilish uchun musulmonlarning kuch va gʻayratlarini safarbar etish vositasi deb taʼriflaydi. Moʻtadil islom (axl as-sunna val jamoa) tarafdorlarining eʼtiqodiga koʻra, kuch ishlatish — «kichik Jihod», har bir moʻmin musulmonning oʻz nafsi b-n kurashi va maʼnaviy barkamollik yoʻlidagi saʼy-harakati esa «buyuk Jihod» hisoblanadi. Oyat va hadislarga koʻra, Jihod hech qachon biror musulmonga yoki musulmonlar yashaydigan yurtga qarshi eʼlon qilinmaydi.

Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyoda Jihod koʻproq «gʻazovot» nomi bilan maʼlum boʻlgan.

Ahadjon Hasanov.

Ensiklopediya.uz
JIHOD