Jig`ildon qaynashiga bee`tiborlik qizilo`ngach saratoniga sabab bo`lishi mumkin

Jig`ildon qaynashiga bee`tiborlik qizilo`ngach saratoniga sabab bo`lishi mumkin

CCV Matbuot xizmatining savollariga tibbiyot fanlari doktori, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim rahbari Olim G`ulomov javob berdi.

— Yoshi kattalar, ba`zida yoshlar orasida ham jig`ildon qaynashidan shikoyat qiluvchilar uchrab turadi. Ularga uy sharoitida qanday yordam berishimiz mumkin?

— Avvalo, bemor holatini yaxshilab o`rganishingiz kerak. Ya`ni ovqatlangandan keyin orqada to`sh tagida achishish bormi, qimirlasa og`riq kuchayadimi, jig`ildon qaynashi bir haftada bir martadan ko`pmi, shularni so`rash kerak. Jig`ildon qaynashining oldini oluvchi tabletkalar qabul qilganda behuzurlik, to`sh tagidagi og`riq yo`qoladimi, yo`qmi? Agar jig`ildon qaynashi bir haftada 2 marta va undan ortiq kuzatilsa, bu gastroezofago refleks kasalligi bo`lishi mumkin. Buni o`z vaqtida aniqlab, davolatmaslik qizilo`ngach saratoniga olib kelishi mumkin.  

Shu bois, jig`ildon qaynashi tez-tez kuzatiladigan odamlarni, albatta, shifokor ko`rigiga jalb etish shart. Oilaviy poliklinikada bemor tegishli tibbiy ko`riklardan o`tkazilib, ambulator sharoitda vrach nazorati ostida o`z sog`lig`ini to`liq tiklashga erishadi.  

— O`t-tosh kasalliklari asosan ayollar o`rtasida qayd etiladi, buning sababi nimada, oldini olsa bo`ladimi?

— To`g`ri, ayollar o`rtasida o`t pufagi kasalliklari, jumladan, o`tda tosh paydo bo`lishi holatlari ko`p uchraydi. Bunga homiladorlik davrida ayol organizmida ro`y beradigan gormonal o`zgarishlar asosiy sabab sifatida ko`rsatiladi. Ya`ni, gormonal o`zgarish tufayli safro quyuqlashadi. Ertalab og`iz qurishi, og`izdan noxush hid kelishi, og`iz achchiq bo`lishi o`t pufagi kasalligi belgilaridir. Bunday vaziyatda bemorni ultratovush tahliliga yo`llab, o`tda tosh bor-yo`qligini aniqlash kerak. Agar o`tda tosh bo`lmasa, ko`p miqdorda toza suv, safro haydovchi giyoh choylar ichish, uyqu oldidan og`ir hazm bo`ladigan, xamirli taomlar emaslik, jismoniy faol bo`lish orqali sog`liqni asrash mumkin.  

— O`t pufagidagi toshni giyohlar yordamida tushirish mumkinmi?

— Yo`q, buning iloji yo`q. O`t pufagidagi toshni faqat jarrohlik yo`li bilangina bartaraf etish mumkin. Ilgarilari litoterapiya vositasida maydalab tushirish mumkin, degan nazariyalar ham bor edi. Biroq zamonaviy tibbiyot bu g`oyani ham rad etdi. Bugungi zamon tibbiyot taktikasi shunday: o`t pufagida tosh insonni bezovta qilmayotgan bo`lsa, unga tegmaslik kerak.

Faqat bunday holatda safro haydovchi giyohlardan ichish mumkin emas. Chunki unday giyohlar toshni joyidan qo`zg`atib qo`ysa, bemor ahvoli birdan og`irlashishi mumkin. Qachonki tosh bezovta qilsagina jarrohlik yo`li bilan o`t olib tashlanadi.  

 

 

Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Jig`ildon qaynashiga bee`tiborlik qizilo`ngach saratoniga sabab bo`lishi mumkin