Javobsiz sevishganlarga nima maslahat bersa bo‘ladi? to’liq malumot oling
Umuman javobsiz tarzda sevadiganlarga maslahat berish mumkinmi? Agar siz shunga o‘xshash vaziyatga tushmagan bo‘lsangiz, hech narsani maslahat bera olmaysiz, chunki javobsiz sevgi nima ekanligini tushunmaysiz.
Mundarija
скрыть
Dastlab siz holatingizga nisbatan faylasufona yondoshing. Hayot bilan hisob-kitob qilish, hushdan ketguncha ichish yoki boshqa bemulohaza harakatlarni amalga oshirish mutlaqo shart emas. Shunchaki, vaziyatni boricha qabul qiling, “Nimaga men emas?”, “Undan nimam kam?” kabi savollar bilan o‘zingizni qiynamang. Holatingizni chuqurlashtirmang, yulduzingiz bir-biriga to‘g‘ri kelmagan bo‘lsa bunda hech kimning aybi yo‘q, barchani boricha qabul qiling. Balki bir tomonlama sevgi hayotingizdagi kichik bir voqeadir, burilishdan keyin sizni eng muhim uchrashuv kutib turgandir. Oshiqlik bu kasallik, o‘zingizni o‘zingiz “mubtalo qiladigan” narkotikdir. Demak, faqat siz o‘zingizni bu qaramlikdan qutqarasiz.
Har qanday yo‘l bilan javob tuyg‘usiga intilishga harakat qilmang. Muhabbat – istakka binoan sodir bo‘lmaydi, o‘z harakatlaringiz bilan sidqidildan sevgan insoningizning rahm-shafqati yoki yoqtirmasligiga erishasiz. Oradan vaqt o‘tgach, bu ishingizdan uyalib qolasiz. Qolaversa, boshqa bir odam sizning xususiy mulkingiz hisoblanmaydi. U siz istagan tarzda o‘zini tutmaydi. Agar sevmasa, sizni baxtli qila olmaydi va uni sevishga majbur qila olmaysiz.
Sidqidildan sevgan insonga yoki atrofdagilarga tuyg‘ularingizni namoyon qilib, muammolar yaratish kerak emas. Ustiga-ustak sevgan insoningizning oilasi bo‘lsa. Oshiqligingiz tezda o‘tib ketadi. Bu pallada keltirib chiqargan muammolaringizni uzoq vaqt hal qilishga to‘g‘ri keladi. Ko‘pincha kimnidir sevib qolsak, umuman olganda bu qanday inson, deb o‘zimizga hisob berishni to‘xtatamiz. Balki u oilaviy hayot va me’yordagi munosabatlar uchun moslashmagandir. Odatda ayol sevib qolsa va erkak buni o‘z vaqtida anglab yetmasa uning hayotini zaharlaydi.
Esda tuting, bularning barchasi o‘tkinchi. Sulaymonning uzugida yozilgandek “bu ham o‘tib ketadi”. Faqat bir-biriga nisbatan o‘zaro muhabbat uzoqqa cho‘zilishi mumkin, lekin u ham keyinchalik odatga, hurmatga va do‘stlikka aylanadi. Javobsiz oshiqlik tezda o‘tib ketadi, chunki u hech narsa bilan mustahkamlanmagan. Asosiysi, vaziyatdan to‘g‘ri chiqib ketish. Taqdirdan ranjish, sevgiga yarasha javob bermagan insonni qarg‘ash bilan yashash mumkin. Yoki barchasini to‘g‘ri tushunib, vaziyatni o‘tkazib yuborish, yurakni qiynamay haqiqiy muhabbatni uchratish uchun oldinga yurish mumkin.
O‘z qayg‘u va ozorlaringiz bilan qorishib yurganingizda hayot shundoqqina yoningizdan o‘tib ketganini ham sezmaysiz. Aynan siz uchun sevimli insoningizni uchratish va suyukli bo‘lishni his etish imkoniyatini qo‘ldan boy berasiz. Yuragingiz uning qadam tovushlaridan titrasa, so‘ngra uning salgina teginib ketishi natijasida yanada qattiqroq ura boshlaydi. Bularning baridan o‘zingiz yuz o‘girib, yo‘qotganingiz uchun vahimaga tushasiz. Shu sababli taqdirdan va tuyg‘ularingizga javob bermagan insondan xafa bo‘lish kerakmikin, degan savolni o‘zingizga bering.
Baxtli bo‘lish yoki bo‘lmaslikni o‘zingiz hal qilasiz.
Mirmuhammad Ergashev, Gooper.uz uchun maxsus
Boshqa mavzular
Javobsiz sevishganlarga nima maslahat bersa bo‘ladi?