Jamol Kamol (1938)
Jamol Kamol (1938)
DO`STLARGA ULASHING:
Jamol Kamol 1938 yili Buxoro viloyati, Shofirkon tumanidagi Chikaron qishlogʻida, dehqon oilasida tavallud topdi. Ota-onadan erta ayrilgan Jamol togʻasi qoʻlida tarbiya koʻrdi. Oʻrta maktabni tugatgach, Buxoro pedagogika institutining filologiya fakultetida tahsil oldi. Oʻqishni tugallab, shu yerda oʻqituvchilik qiladi.
“Buxoro haqiqati” viloyat gazetasida (1965–1969) ishladi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant boʻlib, “Lirik sheʼriyatda kompozitsiya” degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi (1969–1972). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Buxoro viloyati boʻlimi masʼul kotibi (1970–1972), keyinchalik Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi.
Uning “Olam kirar yuragimga” deb nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1968 yilda chop etildi. Shundan soʻng shoir birin-ketin “Choʻqqilarga yogʻildi yogʻdu” (1971), “Tosh tugʻyon” (1973), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “Dostonlar” (1978), “Tafakkur” (1979), “Suvaydo” (1983), “Umidli dunyo” (1988) toʻplamlarini, “Armon”, “Varaxsha”, “Eshikdagi oy toʻlqini”, “Tosh tugʻyon”, “Shahribonu” kabi dostonlarini eʼlon qildi.
V. Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Antoniy va Kleopatra”, “Qish ertagi”, “Venetsiya savdogari”, “Qirol Genrix IV”, “Makbet” kabi oʻndan ortiq jahon adabiyoti namunalarini bevosita ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilib, chop ettirdi.
Bundan tashqari, R. Fishning “Jaloliddin Rumiy”, S. Ulugʻzodaning “Firdavsiy” kabi romanlari tarjimasi ham Jamol Kamol qalamiga mansubdir.
Jamol Kamol adabiyotimizdagi munosib xizmatlari uchun 1992 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor boʻldi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Jamol Kamol (1938)