JAHON SOGʻLIQNI SAQLASH TASHKILOTI haqida

JAHON SOGʻLIQNI SAQLASH TASHKILOTI haqida

JAHON SOGʻLIQNI SAQLASH TASHKILOTI

JAHON SOGʻLIQNI SAQLASH TASHKILOTI — xalqaro tibbiy tashkilot; Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning ixtisoslashgan maxsus muassasasi. 1945-y. fevralda BMT konferensiyasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi. 1946-y. da sogʻliqni saqlash boʻyicha NyuYorkda oʻtkazilgan Xalqaro konferensiyada BMTga aʼzo 26 ta mamlakat tashkilot ustavini ratifikatsiya qilgach, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tuzildi (1948.7.4). Shu kun butun dunyoda sihat-salomatlik kuni sifatida nishonlanadi. Tashkilot oʻz oldiga «hamma xalqlarning iloji boricha sogʻsalomat boʻlishiga erishish»ni maqsad qilib qoʻygan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti kasalliklarga qarshi kurash olib boradi, ularni tugatish tadbirlarini koʻradi; atrof muhit muhofazasi, yuqumli va yuqumsiz (sil, venerik va parazitar kasalliklar, yurak tomir kasalliklari, xavfli oʻsmalar va b.)ga qarshi kurash uchun xalqaro standartlar belgilash, dori moddalar sifati va qoʻshimcha taʼsiri hamda narkotik moddalar ustidan xalqaro nazorat oʻrnatish; tibbiyot fanining eng muhim masalalari (toksikologiya, farmakologiya, atrof muhit gigiyenasi va b.) boʻyicha hamda sogʻliqni saqlash sohasidagi tadqiqotlarni koordinatsiyalash va ularni oʻtkazishga koʻmaklashish ham Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining vazifasi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xalqaro karantin sohasida qator tadbirlarni amalga oshiradi: chechak, vabo va b. bilan kasallanish xollari toʻgʻrisida mamlakatlarga oʻz vaqtida xabar beradi.

Tashkilot tarkibiga 6 regional tashkilot kiradi. Ular har birining oʻz ijroiya organlari va regional byurolari bor. J. s. s. t. ning oliy organi — Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasini mamlakatlar saylaydi, uning sessiyasi yil sayin chaqirib turiladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining markaziy maʼmuriy organi — Sekretariatga (shtab kvartirasi Jenevada) general direktor rahbarlik qiladi. Tashkilot mablagʻining asosiy manbai unga aʼzo boʻlgan davlatlardan tushadigan badal pulidir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti jurnallar, byulletenlar, nomuntazam nashrlar chop etadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi binosida faoliyat koʻrsatadi (1995-y. dan).

Paraxat Menliqulov.

Ensiklopediya.uz
JAHON SOGʻLIQNI SAQLASH TASHKILOTI