JAHON PULLARI haqida

JAHON PULLARI haqida

JAHON PULLARI

JAHON PULLARI — umumiy universal toʻlov vositasi sifatida tan olingan, xalqaro miqyosda hamma uchun xarid vositasi, boyliklarning umumiy oʻlchov birligi, qiymatning xalqaro ifodasi boʻlgan pullar; jahon bozorida amal qiluvchi yuksak likvidli pullar. Jahon pullari milliy pullardan barcha mamlakatlarning xalqaro muomalasida ishlatilishi b-n farq qiladi. Jahon pullari qadimda xalqaro savdo paydo boʻlishi bilan vujudga kelgan. Dastlab Jahon pullari vazifasini boy, davlatlararo savdoda faol qatnashadigan mamlakatning oltin va kumush tangalari, keyinchalik oltin quymalar, yombilar bajargan (ular tangalarga nisbatan katta vaznga ega boʻlib, savdo aylanmasi katta boʻlgan, bir yoʻla koʻp pul talab qilinadigan muomalada qoʻllanilgan). 20-a. ning 1-choragidan oltin pullar muomaladan chiqarilib, ular oʻrnini bir pul birligiga toʻgʻri keladigan sof oltin miqdori (g) bilan taʼminlangan qogʻoz pullar egalladi. Shu paytdan boshlab, iqtisodiyoti kuchli mamlakatlarning barqaror deb tan olingan qogʻoz pullari Jahon pullari vazifasini oʻtay boshladi (2-jahon urushidan soʻng Jahon pullari vazifasini AQSH dollari oʻz zimmasiga oldi). 20-a. ning 70-y. lariga kelib koʻpgina mamlakatlarda qogʻoz pul birliklarining oltin taʼminoti bekor qilindi. Lekin shunga qaramay qogʻoz Jahon pullari doirasi kengaydi va ular qatoriga erkin almashtiriladigan ingliz funt sterlingi, Germaniya markasi, Yaponiya iyenasi, Shveysariya franki qoʻshildi. Keyingi yillarda bu milliy pullar ichida raqobat kuchayib, dunyo miqyosida AQSH dollari va Yaponiya iyenasining mavqei koʻtarildi, natijada jahon bozori asosan ikki zona — AQSH dollari va Yaponiya iyenasi zonalariga ajraldi. 1999-y. 1 yanv. da Yevropa Ittifoqining 11 mamlakati uchun umumiy boʻlgan yangi pul — yevro davlatlararo hisob-kitoblarda muomalaga kiritildi (2002-y. 1 yanv. dan Ye. banknotlari va tangalari muomalaga chiqarildi). Bundan koʻzlangan maqsad Yevropada AQSH dollarining tazyiqiga qarshi kurashish, uning hukmronligiga barham berishdir. Jahon pullari sifatida yevro AQSH dollarining jiddiy raqobatchisi (1 AQSH dollari =1,13 yevro; 2002, fev.). Xalqaro iqtisodiy integratsiya kuchayishi bilan Jahon pullarining turlari qisqarib, uning vazifasini ozchilik valyuta bajaradi.

Ahmadjon Oʻlmasov.

Ensiklopediya.uz
JAHON PULLARI