IVANOVO VILOYATI
IVANOVO VILOYATI — RF tarkibidagi viloyat. 1929-y. 14 yanv. da tashkil topgan. Mayd. 23,9 ming km2. Aholisi 1222 ming kishi (2000), asosan ruslar. 22 maʼmuriy r-n, 17 shahar va 32 shaharcha bor. Markazi Ivanovo sh. I. v. Sharqiy Yevropa tekisligining markaziy qismida joylashgan. Yer yuzasi, asosan, tekislik. Iqlimi moʻtadil kontinental. Yozi issiq (iyulning oʻrtacha t-rasi 18—19°), qishi oʻrtacha sovuq (yanv. niki — 12°). Yillik yogʻin 550—600 mm. Daryolari Volga havzasiga mansub. Ivanovo viloyatida Gorkiy suv omborining bir qismi, Volga — Uvod kanali bor. 200 dan ortiq koʻl mavjud. Viloyat maydonining 2,9% botqoqlik. Tuprogʻi, asosan, podzol va botqoq tuproqlar. Qariyb 1 mln. ga yer oʻrmon. Sut emizuvchilardan malla quyon, oq quyon, tulki, tiyin; qushlardan karqur, kur, chil, kaklik; botqoqlik va qoʻllarda oʻrdak, gʻozlar uchraydi.
Ensiklopediya.uz
IVANOVO VILOYATI