Isroillik mehmon Roman Goldning startap-anjumandagi chiqishi
2015-yil 17-sentabr kuni O’zbekistondagi eng yirik ICT Forum 2015 doirasida Startup Mix tadbiri bo’lib o’tdi. Brand.uz kompaniyasi startaplarga bag’ishlangan seksiyani o’tkazdi. Anjumanda qatnashish uchun ataylab kelgan isroillik mehmon Isroildagi ekotizim haqida gapirib berdi va taniqli biznesmenlar bilan O’zbekistonda startaplarni rivojlantirish istiqbollari haqidagi bahs-munozarada ishtirok etdi (ushbu diskussiya haqida keyingi maqolada so’zlab beramiz).
Roman Gold — Isroilning xalqaro investorlar, korporatsiyalar va davlat tuzilmalarining Isroil startap bozoridagi ishtirokini ta’minlovchi JSCAPITAL investitsiya platformasi boshqaruvchi sherigi.
O’zining «Isroil: apelsinlardan innovatsiyalargacha» deb nomlangan taqdimotida Roman Isroilning innovatsiyalar ekotizimi va tarixiy shart-sharoitlar haqida gapirdi. Bugungi kunda Isroil innovatsion salohiyat, venchurli bitimlar hammabopligi, tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasi va kiber-xavfsizlik bo’yicha dunyoda yetakchi pog’onalarni egallaydi. Ko’lamiga ko’ra, bu dunyodagi ikkinchi (Kremniy vodiysidan so’ng) startap-ekotizim va beshinchi ilmiy infratuzilmadir. Hozirda Isroilda 5500 ta rasman ro’yxatga olingan startaplar mavjud, 230 ta Isroil va 100 ta xalqaro venchur jamg’armalari faoliyat olib bormoqda.
Roman isroillik startap-tadbirkor portretini «tasvirladi»: u tadbirkorlikda o’n yillik tajribaga ega, bitta muvaffaqiyatli va bitta omadsiz startapni boshidan kechirgan 30—50 yoshlardagi kishi (odatda tasavvur qilinadigan ko’zlari yonib turgan talaba emas). G’oyalarni amalga oshirish uchun Isroil o’z startapchilariga juda keng infratuzilmani taklif qiladi, u klassik, davlat, korporativ yoki maxsus va boshqa turdagi akselerator va inkubatorlardan iborat. Startaplarga investitsiya kiritish uchun esa investitsiya tuzilmalari, venchur jamg’armalari, biznes-farishtalar (innovatsiyalarni qo’llab-quvvatlovchi xususiy investorlar) va oilaviy ofislar to’liq ko’lamda ishlaydi. Shubhasiz, Isroil — yoshi 30 dan oshgan startapchilar uchun jannatning o’zginasi, dedi Gold. Biz, o’zbekistonliklar esa qayerga va nimaga qarab intilishimiz ma’lum.
Loyiha «Daryo» va StartupFactory.uz tomonidan ishga tushirilgan.
Manba:
Startup
Isroillik mehmon Roman Goldning startap-anjumandagi chiqishi