ISKABTOPARLAR

ISKABTOPARLAR

ISKABTOPARLAR (Phlebotomidae) – qon soʻruvchi ikki qanotlilarning kenja oilasi. Tanasining uz. 1,3—3,5 mm; mayda tuklar bilan qoplangan; sargʻish, ayrimlari kulrang; koʻzlari yirik, qora; 16 boʻgʻimli uzun moʻylovlari va tuklari aniq koʻrinadi. Xartumi yirik, sanchib soʻruvchi tipda, urgʻochisi qon bilan oziklanadi; erkagi, asosan, oʻsimlik shirasini soʻradi. Qanotlari oʻtkir burchakli, oval yoki choʻziq oval. Oyoqlari uzun, bir oz ingichka. Erkagi ombursimon qoʻshilish organining tu-zilishi sistematik ahamiyatga ega. Iskabtoparlar issiq oʻlkalarda keng tarqalgan. 300 ga yaqin turi aniqlangan. Oʻzbekistonda 17 turi maʼlum. Phlebotomus papatasii, Ph. sergenti, Ph. caucasis va b. tarqalgan. Iskabtoparlar choʻl, qirlar, daryo vodiylari, molxona va xonadonlarda yashirin hayot kechiradi; tuxumini tuproqqa qoʻyadi. Iskabtoparlar tabiatda yovvoyi sut emizuvchilar va qushlar uyasida, gʻorlarda, toshlar yorigʻida, qad. qoʻrgʻon xarobalarida, molxonalar va b. pana joylarda koʻpayadi. Oʻzbekistonda bir yilda 2 boʻgʻini (qishlovchi va yozgi) rivojlanadi. Iskabtoparlarning Ph. papatasii turi qoramol, echki, it va b. yovvoyi sut emizuvchilar, kaltakesaklar va odamning qonini soʻrib, pappatachi isitmasi, qoʻtir, leyshmanioz va b. kasalliklarni qoʻzgʻatuvchi organizmlarni tarqatadi.

Ensiklopediya.uz
ISKABTOPARLAR