Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo
O‘zbekiston xalq shoiri
(1967-yilda tug‘ilgan)

Iqbol Mirzo
 Adabiyot darsligi mundarijasiga qaytish

O’zbek

Manglayga kaft qo‘yib olisga boqsam,
Edildan ko‘rinar bo‘ylaring, o‘zbek.
Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar Enasoylaring, o‘zbek.

Nuh to‘foni, demak, qismat shamoli,
Kimningdir kamoli, kimning zavoli.
Sargashta kun ko‘rding ohu misoli,
Shundan hamon mungli kuylaring, o‘zbek.

Dili qonga to‘lib, ko‘zlari – yoshga,
Alp Tegin bir hikmat chegirdi toshga:
«Bizning qayg‘umiz yo‘q boladan boshqa…»
Bolangga bog‘lidir o‘ylaring, o‘zbek.

Bir zamon olovni iloh bilgan el,
Quyoshga qarashni gunoh bilgan el.
Har bir bosqinchini qo‘noq bilgan el,
Yovga so‘qmoq bo‘lgan ko‘ylaring, o‘zbek.

Ismingni ayirib kechdi asrlar,
Xonlikni beklikka bo‘lgan ne sirlar?
Kentlarga sochilgan o‘rda, qasrlar…
Qumdan qorilganmi loylaring, o‘zbek.

Dil qo‘zg‘alsa, elni to‘xtatib bo‘lmas,
Sel qo‘zg‘alsa, gilni to‘xtatib bo‘lmas,
Zanjir uzgan qulni to‘xtatib bo‘lmas,
Tig‘ bo‘ldi har bitta mo‘ylaring, o‘zbek.

Bo‘yningdan ketgan yo‘q hali dor izi,
Qo‘y, qora kunlarning o‘chsin qorasi!
Sen borsan – Temurning ulug‘ vorisi,
Osmoningga qaytdi oylaring, o‘zbek.

Katta qishloq ekan Parij, London, Rim,
Dalamni sog‘inib ezildi ko‘nglim.
Dunyo go‘zali – sen, qadoqqo‘l singlim,
Go‘zaldir o‘ngigan ko‘ylaging, o‘zbek.

Haftalab yo‘l qarab sarg‘aymas Kumush,
Tog‘ni talqon qildi bobomeros musht,
Tin oldi davonga boqib Alpomish,
Tog‘larni qo‘pordi yoylaring, o‘zbek.

Qo‘lingni ko‘zimga suray, otajon,
Yoningda ul bo‘lib yuray, otajon,
Yaxshi kunlaringni ko‘ray, otajon,
Sovimasin qo‘lda choylaring, o‘zbek.

Onajon, havoli bog‘lar muborak,
Handalak band bergan chog‘lar muborak,
Kelin yuzidagi dog‘lar muborak,
Bug‘doylarga to‘lsin uylaring, o‘zbek.

Sumbula – to‘kinlik, to‘ylar mavsumi,
Bir qo‘zg‘alib olar bog‘bonning xumi.
Asli, bir satrdir she’rim mazmuni:
To‘ylarga ulansin to‘ylaring, o‘zbek!

Savol va topshiriqlar

  1. Mustaqillik davri she’riyati, nasri va dramaturgiyasi haqida
    o‘z fikrlaringizni bayon qiling.
  2. Istiqlol davri she’riyatiga xos asosiy xususiyatlar nimalardan
    iborat?
  3. Mustaqillik davri o‘zbek she’riyatinig eng muhim mavzularni
    sanab bering.
  4. Zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi qaysi shoirlarning she’rlarini
    sevib o‘qiysiz?
  5. Istiqlol yillarida nashrdan chiqqan qanday she’riy kitoblarni
    o‘qigansiz?
  6. O‘zingiz muxlis bo‘lgan shoir ijodiga qisqacha tavsif bering.
    Sizni hayratga solgan ijod namunalaridan misol keltiring.
  7. Jamol Kamolning «Asr bilan vidolashuv» she’rini ifodali
    o‘qing va uni sinfda muhokama qiling.
  8. Oydin Hojiyevaning «Mustaqil vatanni baxt nuri chaysin»
    she’rini ifodali o‘qing va muhokama qiling.
  9. Usmon Azimning «Grafika» she’ri sizda qanday taassurot
    qoldirdi. She’r nega shunday nomlanganini angladingizmi?
  10. Xurshid Davronning «Men ko‘ksingga boshimni qo‘ydim»
    she’rining bosh mavzusi nima? Bu she’rni o‘qiganingizda
    ko‘z oldi ngizda qanday manzaralar gavdalandi?
  11. Xurshid Davronning yana qaysi she’rlarini o‘qigansiz?
  12. Mahmud Toirning «Momo yer» she’riga bastalangan
    qo‘shiqni eshitganmisiz? She’rdagi Vatanga mehr va vatanparvarlik tuyg‘ulari ifodasi haqida nima deya olasiz?
  13. Sirojidding Sayyidning «Vatan» she’ri asosida «Bobolardan
    meros ozod Vatanim» mavzusida ijodiy matn yozing.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Iqbol Mirzo