Insult va buyraklar faoliyati haqida malumot

Insult va buyraklar faoliyati haqida malumot

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda o‘lim va nogironlikka olib keluvchi qon tomir kasalliklari (shuningdek stenokardiya, surunkali yurak yetishmovchiligi va miokard infarkti singarilar ham) birinchi o‘rinni egallaydi. Insult rivojlanishi uchun bosh miya qon tomirlari devorlaridagi o‘zgarishlar muhim rol o‘ynaydi, vaqt o‘tishi bilan bu a’zolarda elastiklik va chidamlilik kamayib boradi va yo‘qoladi. Bundan tashqari, ba’zi bir metabolik kasalliklar, asosan semizlik va ateroskleroz ham xavfli hisoblanib, birinchisi tanaga umumiy yuklamani oshiradi, ikkinchisi esa tomirlar devorlaridagi o‘zgarishlarni yanada kuchaytiradi. Bundan tashqari, qon bosimining doimiy ko‘tarilishi yoki arterial gipertenziya ham insult xavfini oshiradi.

insult va buyraklar

Insult va buyraklar faoliyati | Delfi

Buyraklar

Buyraklar tanada asosiy siydik ajratuvchi a’zolardir. Ular qonni filtrlaydi, moddalar almashinuvi va ba’zi zaharli moddalar mahsulotlarini siydik orqali tanadan tashqariga ajratib chiqaradi. Ilgarilari bu hol buyraklarning yagona asosiy vazifasi va uning boshqa vazifalari ikkilamchi hisoblanardi. Ammo, ilmiy-tadqiqotlar natijalarida ko‘rsatilishicha, inson tanasining ayrim hayotiy vazifalarini nazorat qilishda buyraklar roli o‘ta muhim ekan. Masalan, birinchidan, yukstaglomerulyar apparat (buyrak nefronlari atrofidagi murakkab shakl) ning maxsus gormon – reninni ishlab chiqarish hisobiga arterial qon bosimini nazorat qilish qobiliyati aniqlandi.

Mavzuga aloqador maqola:

Insultdan saqlaning!
Muallif: Zarifboy Ibodullayev, professor, nevropatolog.

Tanada ushbu modda bir qator reaksiyalar orqali qon bosimi oshishiga olib keladi. Ikkinchidan, shu apparat yana bir gormon – eritropoetin – suyak iligida qizil qon hujayralari (eritrotsitlar) shakllanishini stimulyatsiya qiladi. Bu buyraklarning qon ishlab chiqarish (gemopoez) jarayonida faol ishtirok etishini anglatadi. Uchinchidan, siydik hosil bo‘lish jarayonida buyraklar organizmda ionlar almashuviga ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa, kaliy, natriy va kalsiy – ushbu kationlarning har biri ko‘p biologik jarayonlarda faol ishtirok etadi.

Buyraklarning yuqoridagi singari turli vazifalarini hisobga olgan holda ular insult rivojlanishi soni oshishiga qay darajada ta’sir ko‘rsatishiga e’tibor qaratildi. Vaqt o‘tishi bilan bemorlarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra buyraklari zararlangan bemorlarda qon tomir kasalliklari bir necha bor ko‘proq uchrashi aniqlandi. Bu kashfiyotning ahamiyati shundaki, endilikda urologik xastaliklari bor bemorlarda ham insultning oldini olish mumkin. Bu esa ushbu og‘ir kasallik havfini va undan kelib chiqadigan erta o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirishga imkon yaratadi.

Buyrak va …

Ko‘p shifokorlar uchun buyrak kasalliklari va insult o‘rtasida bog‘liqlik borligi kutilmagan xodisa bo‘ldi. Chunki ilgari xasta buyraklar qon tomir kasalliklarida ikkilamchi rolni o‘ynaydi deb hisoblanardi. Shuning uchun, ba’zi ilmiy-tadqiqotlardan so‘ng olimlar bu xodisani isbotlash uchun yangi izlanishlar olib borishdi. Umumiy fikrlarga ko‘ra, buyrak kasalliklari tufayli kishida insult rivojlanishi oshib boradi. Demak, organizmda buyrak kasalliklari tufayli paydo bo‘lgan quyidagi o‘zgarishlar insult rivojlanishining xavfini oshirishi mumkin:

  • yukstaglomerulyar apparat shikastlanishi natijasida arterial qon bosimining oshishi va o‘zgarib turishi;
  • eritropoetinning yuqori sintezi eritrotsitoz (qonda eritrotsitlar sonini oshib ketishi) ga olib keladi va natijada qon yopishqoqligini va tromblar hosil bo‘lishini oshiradi;
  • buyraklar tanada kalsiyni ushlab qolib, u qon tomir devorlari xususiyatlarini yomonlashtiradi va aterosklerotik blyashkalar (pilikchalar) hosil bo‘lishiga imkon yaratadi;
  • suv almashuvi buzilishi tanada suyuqlikning ushlab qolinishiga olib keladi, natijada yurakqon tomir tizimida bosim oshadi va to‘qimalar shishi rivojlanadi.

Buyrak kasalliklarida ushbu omillar majmuasi bosh miya qon tomirlarida turli hil o‘zgarishlar va patologiyalarga olib keladi. Yuqori qon bosimi va ortiqcha suyuqlik ta’siri ostida tomirlar devorida qarshilik kuchi ta’siri oshadi.

Qondagi kalsiyning yuqori darajada bo‘lishi boshqa tomondan arteriolalarning spazmi (torayishi) ni kuchaytiradi, bu esa bosh miya to‘qimalarida kislorodga boy bo‘lgan qon oqimini yanada cheklaydi. Yuqori stress va toliqishlar (emotsional stress va boshqalar meteosezuvchanlik) va boshqalar sababida) davrida insult rivojlanadi, (spazm yoki qon quyilishi oqibatida bosh miya ishemiyasi keskin rivojlanadi).

Siydik ajratuvchi tizim kasalliklarida insult og‘irroq kechib uni davolash qiyinlashadi. Undan keyin bemor holatini yanada sezilarli darajada yomonlashtiradigan miya shishi rivojlanishi kuzatilgan. Agar buyraklar yomon ishlasa – shish sekin bartaraf bo‘ladi va kuchayib borishi ham mumkin.

Ilmiy-tadqiqot ishlari

Hozirgi kunda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ishemik insultda qon tomirlar, bosh miya va buyraklar faoliyatlari buzilishlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish bo‘yicha klinik va eksperimental ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ushbu og‘ir xastalikda yangi bo‘lgan angiotserebro-renal sindromining klinik ko‘rinishlari, xavf omillari, tashxislash, prognozlash va davolash choralari haqidagi yangi ma’lumotlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.

© Xurshida RASULOVA,
nevropatolog, tibbiyot fanlari nomzodi.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Insult va buyraklar faoliyati