Insult nima?! haqida malumot

Insult nima?! haqida malumot

Insult – miyadagi qon aylanishining to‘satdan buzilishidir. Oqibatda miya to‘qimalarida o‘zgarishlar yuzaga keladi va uning shikastlanishi tufayli turg‘un belgilar paydo bo‘ladi.

Insultning ikki ko‘rinishi gemorragik (miyaga qon quyilishi) va ishemik holatda (miya infarkti) farqlanadi.
Insult – miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi bo‘lib, bu miya funksiyasining bir necha kun davom etuvchi xastaligiga olib keladi. Insult insonning mehnatga layoqatini pasaytiruvchi, uzoq muddat davolanishga, uning oiladagi hayot sifatining pasayishi va iqtisodiy xarajatlarga sabab bo‘luvchi kasallikdir. Insult o‘lim sababchisi sifatida yurak qon-tomir va onkologik kasalliklardan so‘ng 3 o‘rinda turadi. Ishemik insult gemorragik insultga nisbatan 5 marta ko‘p uchraydi.
O‘zbekistonda miya insulti bilan xastalanish ming nafar aholiga nisbatan 9 foizdan 14 foizgacha to‘g‘ri keladi. Ishemik insult miyaning to‘liq yoki qisman qon bilan ta’minlanishining to‘xtashi oqibatida yuzaga keladi.
Ishemik insultning asosiy sababi – miya tomirlarining aterosklerozidir. Xastalik keksa yoshlilar, ko‘pincha yurak kasalliklari va qon ivishi ortgan kishilarda uchraydi.
Insult ba’zida uyqu vaqtida o‘tkaziladi. Bemorlar uyg‘ongach, holsizlik, qo‘l-oyoqda quvvatsizlanish, bosh aylanishini sezadi. Bunda es-hushi joyida, teri odatdagi rangda bo‘ladi. Nevrologik belgilar shikastlangan tomir joylashuviga qarab, bir necha daqiqa yoki soat ichida o‘sib boradi. Umumiy yoki ichki uyqu arteriyasi tiqilib qolganda, tromboz bo‘lgan tarafda ko‘rish buziladi, teskari tarafda qo‘l va oyoqlar harakati buziladi.
Ishemik insultda o‘lim ko‘rsatkichi miyaga qon quyilishiga nisbatan kam bo‘lishiga qaramay, kasallik ko‘pincha og‘ir kechadi. O‘choqli belgilar maromiga tushgach, tiklanish davriga o‘tadi va bu oylab, yillab davom etadi.
O‘tkir ishemik insult bemorning yoshiga, patologik o‘choqning ko‘lamiga takroriy insultning qo‘shilishi va kardial asoratlar bilan kechadi.
Insult belgilari shikastlangan tomir havzasiga bog‘liq bo‘ladi. Kasallik belgilari umumiy miya va o‘choqli klinik belgilar, xarakter, yaqqol va nisbiy ko‘rsatkichlar, tomir havzasini zararlovchi omillarga bog‘liq. Bemorlar insultga bir necha kun qolganda bosh og‘rig‘i, holsizlik, bosh aylanishi, ko‘z oldi qorong‘ilashish, qo‘l-oyoqda uvishish holatlarini his etadi. Belgilar kuchayib boradi va bir kunda qo‘l-oyoqlarning tortishishi paydo bo‘ladi. Bemor hushini yo‘qotmaydi, boshida tumanni his etadi. Ba’zida xastalikning kechishi bexosdan yuz beradi.
O‘rta og‘irlikdagi ishemik insultda miya shishi, hush yo‘qotish belgilarisiz kechadigan o‘choqli belgilar kuzatiladi. Og‘ir insultda esa, es-hush yo‘qotilishi, miya shishi, trofik o‘zgarishlar, qo‘pol o‘choq nuqsonlar bilan birga, kechuvchi umumiy miya belgilari bilan farqlanadi.
Bosh miyaga qon quyilishi asosan miyaning o‘rta arteriyasi havzasida, ichki kapsula va bazal yadrolar sohasida kechadi.
Miyaga qon quyilishining asosiy sababi xafaqon (qon bosimi) kasalligidir. Qon quyilishi diapedez yoki qon tomir yorilishi sababli yuzaga kelishi mumkin. Quyilgan qon miya to‘qimasini parchalaydi, miya pardalarini ta’sirlantiradi, bu miya va o‘choqli belgilarni yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Miyadagi patologik o‘choq paydo bo‘lishi miya ichki bosimini oshishi, es-hushning yo‘qolishi va hayotiy muhim funksiyalar – nafas olish, qon tomir tizimi, termoregulyatsiyaning buzilishiga sabab bo‘ladi. Bemor kuchli bosh og‘rig‘ini sezadi, hushidan ketib yiqiladi, kollapsga tushadi. Bunda puls zo‘riqishi shovqinli nafas, qorachiqlarning yorug‘likka reaksiyasining yo‘qolishi, qayt qilish kuzatiladi. Yuz to‘q qizil rangli, bemorning bosh va ko‘zi falaj bo‘lgan sohadan qarama-qarshi tomonga qaragan, falaj tomonda burun lab– burmasi silliqlashgan, og‘iz burchagi tushgan, yonog‘i tuslangan, oyog‘i tashqi tarafga burilgan bo‘ladi.
10 14 kundan so‘ng tiklanish davri boshlanadi. Dastlab oyoq so‘ng qo‘l harakatlari tiklanadi, sezuvchanlik, nutq, ko‘rish, eshitish, psixik faoliyat yaxshilanadi.
Gemorragik insult – miya to‘qimasiga to‘r osti bo‘shliqqa yoki miya qorinchalariga qon quyilishi bilan xarakterlanuvchi miyadagi qon aylanishining o‘tkir buzilishidir. Kasallikning kechishida uch davr farqlanadi: o‘tkir, tiklanuvchi va rezidual.
Davolash: Insultlarni davolash tezda boshlanishi kerak. Birinchi bosqichda hali insult xarakteri aniqlanmagan paytda bemor hayotini saqlab qolishga qaratilgan davo muolajalari o‘tkaziladi. Bemor chalqancha, boshi sal ko‘tarilgan holatda yotqiziladi. Agoniya holatida ko‘chirish mumkin bo‘lmagan bemorlardan boshqa hamma insult bo‘lgan bemorlar maxsuslashtirilgan nevrologik bo‘limga yotqizilishi kerak. Bemorni ko‘chirish vaqtida ehtiyot bo‘lish, silkitmaslik lozim. Agar yurak faoliyati buzilishi o‘pka shishi bilan birga uchrasa, spirt bug‘i qo‘shilgan kislorod bilan nafas oldiriladi. Bemor boshi baland qilib yotqiziladi. Nafas olishi meyorlashishi uchun elektr so‘rg‘ich bilan og‘iz bo‘shlig‘i, burun va xalqum shilliqlardan tozalanadi. Til orqaga ketishini oldini olish va nafas olishni yengillashtirish uchun og‘izga havo naychasini qo‘yish mumkin.
Insult bilan kasallangan bemorlar darhol yotqizilib, boshi baland ko‘tariladi va muzli xalta, oyoqlariga issiq grelka qo‘yiladi.
Parvarish: gemorragik insultda yotoq rejimi 21 kun davom etadi. Ishemik insultda bu bemor ahvoliga bog‘liq. Birinchi kundan bemorda dimlanishli pnevmaniya va yotoq yaralarining oldini olish kerak. Bemorni kun davomida har 2 3 soatda yon tomonga burish, palatani shamollatib turish lozim. Yotoq yarani oldini olish uchun dumg‘aza, dumba, bel sohasiga kamfora spirti suriladi. Falajlangan qo‘l-oyoqlarda mushak tortishishi oldini olish uchun fiziologik holat beriladi. Hush va yutish saqlangan bo‘lsa, shirin choy, meva sharbatlari beriladi. Birinchi kundan parhez kengaytiriladi, ovqat yumshoq, tez hazm bo‘ladigan bo‘lishi lozim. Yutish buzilgan bo‘lsa, bemor 2 3 kun parentral yo‘l bilan tomir orqali oziqlantiriladi.

Kasalliklar
Insult nima?!