Insoniyat hayoti va salomatligiga xavf soluvchi besh asosiy xatar ma`lum bo`ldi
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti joriy yilda insoniyat hayotiga tahdid solayotgan besh asosiy xavf reytingini e`lon qildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi yozmoqda.
Ko`pchilik qashshoqlik va oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi bu ro`yxatning boshida e`tirof etilsa kerak, deb taxmin qilgandi. Chunki dunyoda mazkur muammodan aziyat chekayotgan qariyb bir milliard odam bor.
Ammo 2022 yilda insoniyat salomatligi uchun ocharchilik va kambag`allikdan ko`ra eng ko`p semizlik xavf solishi ma`lum bo`ldi. Bu “fast-fud”lar borzori yanada chaqqonlashishi va shunday mahsulotlar reklamasi avj olishi bilan bog`liq.
Ikkinchi jiddiy xatar — yolg`izlik! Koronavirus pandemiyasi davrida yanada jiddiy tus olgan ushbu muammo ko`plab rivojlangan mamlakatlarda odamlar sog`ligi va hayotini izdan chiqarmoqda.
Sayyoramizning deyarli barcha aholisiga xos bo`lgan stress va haddan ziyod xavotir hissi reytingning 3-pog`onasini band etdi.
Jahondagi to`s-to`polonlar, achchiq ichakday cho`zilgan pandemiya, beqaror siyosiy vaziyat, iqtisodiy inqiroz va boshqa omillar bu muammoni yanada kuchaytirib yuborishi bashorat qilinyapti.
Shu sababli JSST ekspertlari 2016 yildayoq surunkali stressni XXI asrning eng xavfli epidemiyasi, deb e`lon qilgan edi.
Odamzot hayotiga xavf tug`diruvchi to`rtinchi global muammo sifatida ichak xastaliklari, jumladan, rivojlangan mamlakatlarda keng tarqalayotgan Krona kasalligi tan olindi.
Tahlillarga ko`ra, ushbu dardga chalingan eng ko`p bemor Isroil davlatida qayd etilgan. Hozir bu erda kamida 40 ming nafar kishi shunday kasallik bilan kurashyapti.
Nihoyat ro`yxatning beshinchi pog`onasidan xotin-qizlar o`rtasida tobora avj olayotgan ginekologik xastalik — endometrioz joy oldi.
Ma`lumotlarda keltirilishicha, u dunyo bo`yicha tug`ish yoshidagi ayollarning 10-15 foizida aniqlanmoqda. Achinarli jihati, shifokorlar hali bu kasallikka aniq tashxis qo`yish va uni samarali davolash borasida universal usullarga ega emas.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Insoniyat hayoti va salomatligiga xavf soluvchi besh asosiy xatar ma`lum bo`ldi