Inhada texnopark!?
Bugun(16-fevral) TATU’da O’zbekiston Respublikasi Prezidentining O’zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini va milliy dasturiy ta’minotlar bozorini yanada rag’batlantirish va rivojlantirish to’g’risidagi chora tadbirlari farmoni loyihasi O’zbekistonning bir qancha axborot texnologiyalari sohasi yetakchi vakillari, manfaatdor davlat tashkilotlari mutaxassislari va TATU talabalari tomonidan muhokama qilinib, bir qancha takliflar bildirildi. Tadbir tashkilotchilari O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hisoblanishadi. Shuni ta’kidlash kerakki, respublikamizda shunga o’xshash tadbirlar tashkillashtirilishi birinchisi emas va bu o’sha qabul qilinishi kutilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni soha faollari bilan muhokama qilinib, ularni fikrlarini bilish juda quvonarli hol va bu albatta hamma uchun juda foydali hisoblanadi.
Ushbu qabul qilinishi kutilayotgan farmonning qisqacha ma’nosi shundan iboratki, Toshkentdagi Inha Universiteti hududida «axborot-kommunikatsiya texnologiyalari innovatsion markazi» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etishdan iborat. Ya’ni, Inhada akt-park(yoki «texno-park») yaratishdan iborat. Ushbu park hududida dasturiy ta’minotlar ishlab chiqarish uchun zaruriy platforma, alohida imtiyozli soliq va valyuta muhiti tashkil etiladi, kerakli infrastruktura bo’ladi. Ushbu erkin iqtisodiy zona qatnashchisi bo’lish uchun direktsiyasida ro’yxatdan o’tish lozim bo’ladi.
Ushbu tadbirda bir qancha fikrlar bildirildi va ular mutaxassislar tomonidan keyingi muhokama uchun yozib olindi.
Avvalroq ushbu normativ-huquqiy hujjat O’zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida ochiq muhokama uchun e’lon qilingan edi.
Ushbu farmon borasida birinchi navbatda shuni ta’kidlash kerakki, farmon portalda davlat tilida emas, rus tilida e’lon qilinganidir. Vaholanki, shu yilning oktabr oyida davlat tilimizning qabul qilganligini 27 yilligini nishonlaymiz… Qolaversa, portalda bir nechta foydalanuvchi ushbu hujjatni o’zbek tilida ham e’lon qilinishini so’rashgan. Ammo hech qanday natija bo’lmagan.
Ikkinchidan, ushbu erkin iqtisodiy zonaning Toshkentdagi Inha Universiteti hududida tashkil etilishi. Nima uchun aynan Inha hududida? Tadbirda TATU magistr talabasi ham ushbu savol bilan axborot texnologiyalari vazirligi vakiliga murojaat qilganda, vazirlik mutaxassisi, ushbu loyiha «pilotniy», sinov loyihasiligi va keyinchalik ushbu loyiha natijasiga hisobga olinib, boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham tashkil etilishi mumkinligi aytildi. Tashikoltichilarning ta’kidlashlaricha ushbu zonada har qanday oliy ta’lim muassasasi talabalari qatnashishlari mumkin ekan(!!!). Shu yerda bir narsani ta’kidlash kerak, ya’ni deylik 2017-yilda ushbu zona tashkil etiladi, u faoliyat yuritishni boshlaydi. Bu zona Inha Universiteti hududida joylashganligini hisobga olgan holda, ushbu texnoparkda asosan Inha TALABAlari qatnashishlarini tahmin qilish mumkin. Chunki shaharning bir chekkasidan boshqa chekkasiga avtobus/metro qatnash talabalar uchun ortiqcha vaqt yuqotishi bo’lishi mumkin.
Inha hududida ushbu zonani tashkil etilishi juda tushunarsiz. O’zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni ma’lumotlariga nazar tashlasak ular asosan Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti va uning filiallari, O’zbekiston Milliy Universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent Islom Universiteti, Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti, Urganch Davlat Universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va O’zbekistonning boshqa maxsus texnik oliy o’quv yurtlari bitiruvchilari hisoblanishadi. Toshkentdagi Inha Universiteti esa O’zbekistoning eng yosh oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, bu universitet eng yuqori kurs talabalari 3-kursda o’qishadi. Demak, hali bu oliy o’quv yurti biron marta yurtimizga oliy ma’lumotli mutaxassislar yetkazib bergani YO’Q! Uning bitiruvchilari kimlar bo’ladi? Ular qanday imkoniyatga, qanday darajadagi bilimga ega bo’lishadi? Inha talabalarining 100% ingliz tilini bilishlarini hisobga oladigan bo’lsak, ularni o’qishni bitirib, O’zbekistonda qolishlari ham dargumon. Demak, bu erkin iqtisodiy zonani tashkil etish joyi bo’yicha yana bir bor o’ylab ko’rish kerak.
Toshkentdagi Inha Universiteti juda qisqa muddatda juda katta yutuqlarga erishdi, bunga qoyil qolish va bundan faxrlanish kerak! Lekin, bu darajadagi katta, muhim, respublikamiz uchun strategik ahamiyatga ega bo’lgan loyihani biron oliy ta’lim muassasida bo’lmasa ham, Toshkent shahrida tashkil etilgan ikkita texnopark negizida tashkil etishilishi mumkin.
Yuqorida aytilganidek, keyinchalik shunga o’xshash texnoparklar boshqa oliy o’quv yurtlarida ham tashkil etilishi mumkin ekan. Deylik, bu yil Toshkentdagi Inha Universitetida erkin iqtisodiy zona faoliyatini boshlaydi. Taxminan 5 yildan keyin bu texnopark malakasi hisobga olinib, boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham erkin zonalari tashkil etiladi. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, 5 yil axborot texnologiyalari sohasi uchun juda KATTA muddat, asrga teng vaqt hisoblanadi. Dunyodagi yetakchi axborot texnologiyalari kompaniyalarining yoshi statistikasiga nazar tashlasak, ularning o’rtacha yoshi yildan-yilga kamayib bormoqda. Juda yosh kompaniyalar sohada yetakchi hisoblanishadi.
Keyingi masala, ushbu texnopark uchun yuqori bilimga, malakaga ega mutaxassislar kerak bo’ladi. Dunyo bo’yicha axborot texnologiyalari sohasiga soha talablariga to’liq javob bera oladigan mutaxassislar yetkazib bera oladigan o’quv yurtlari sanoqliligini hisobga olsak, texnopark uchun kerakli kadrlarni topish, jalb qilishda juda katta muommolar paydo bo’ladi. Buning yechimi to’g’ridan-to’g’ri ta’lim tizimimizga bog’liq…
Ushbu erkin iqtisodiy zonada hozirda O’zbekiston va dunyo axborot texnologiyalari bozorlarida faoliyat olib borayotgan O’zbekiston kompaniyalari uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi kerak. Sababi, masalan texnopark hududida biron bir startap tashkil etilsa va ushbu startapda hozirda mavjud bo’lgan kompaniyalar qatnashishsa, bu kompaniyalarning ushbu loyihalarda to’g’ridan-to’g’ri qatnashishlaridan ko’ra, o’sha startap loyihani o’z kompaniyalarida yaratishlari ba’zi hollarda ularga qulay bo’lishi mumkin.
Soliq borasida ham, ba’zi muommolar bor. Masalan, hozirda frilans(freelance) ishlayotgan mutaxassislar ushbu texnopark hududiga borib, u yerda firma ochib, faoliyat olib borishlari ham haqiqatga yiroq. Nima uchun ular firma ro’yxatdan o’tkazib, soliq to’lashlari kerak? Axir firma ochishdan avval firma bilan topayotgan foydalaridan ko’ra ko’proq foyda ko’rishar, hech qanday soliq to’lash zaruriyati yo’q ediku!? Ular uchun bu yo’l optimal bo’lmasligi mumkin.
Yana bir masala, bu erkin iqtisodiy zonani texnopark deyish qanchalik to’g’ri?! Balkim, boshqacharoq atash kerakdir? Masalan, itpark, startap inkubator, at-park…
Texnopark yaratilgandan so’ng, yuqorida aytilgan muommolardan boshqa yana bir qancha muommolar kelib chiqishi mumkin(texnopark qatnashchilaridan texnopark ma’muriyati tomonidan majburiy oylik/yillik hisobotlar so’ralishi, texnik kamchiliklar, chet el investorlarini jalb etish, tashkiliy muommolar va h.k.).
Lekin, albatta shunaqangi texnoparklar respublikamiznng hamma hududlarida tashkil etilishi kerak va ularga ehtiyoj juda katta. Agar bunday loyihalar hozir qilinmasa, ertaga kech bo’lishi, axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida dunyoda boshqa davlatlardan yanada orqada qolib ketishimiz hech gap emas!!!
Boshqaruv
Inhada texnopark!?