Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish sirlari to’liq malumot oling
Aziz abituriyent! Sanoqli kunlardan so‘ng siz orziqib kutgan lahzalar, yillar davomida olgan bilimlaringiz samarasini sarhisob qiluvchi davlat imtihoni boshlanadi. Sir emaski, ko‘pchiligimizning hayotimizdagi eng hayajonli damlardan biri oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarini topshirishdir.
Mundarija
скрыть
Bugun biz sizlarga ana shu hayajonlarni yengish hamda talabalik sari yetaklovchi muhim tavsiyalarimizni keltirib o‘tamiz:
Imtihondan avval
1. Imtihonga bir kun qolganda miriqib dam oling. Barcha kitoblaringizga dam berib o‘zingiz ham hordiq chiqaring. Istiroxat bog‘ida, do‘stlaringiz davrasida kuningizni mazmunli o‘tkazishga harakat qiling.
2. Barcha nohushliklarni unuting. Xayolingizda o‘rnashib olgan, dilingizga qo‘rquv va hayajon solayotgan “Orzu-maqsadimga erisha olarmikanman?”, “Men bilmagan qiyin savollar tushib qolsa-chi?”, “Imtihondan o‘tolmay qolsam-chi?” kabi salbiy fikrlani chiqarib tashlang. Inson qila olgan ishni inson qiladi. Shuncha abituriyent talaba bo‘lganida nega siz bo‘lolmas ekansiz?!
3. Kayfiyatni ko‘taring. Barcha qo‘rquv va hayajonlarni unutib, kayfiyatiningizni ko‘tarishga harakat qiling. Do‘stlar bilan hazil-mutoyiba qiling. Kayfiyatni ko‘taruvchi filmlar ko‘ring. O‘zingiz yoqtirgan musiqalarni tinglang. Kayfiyatni ko‘tarishning yana bir oddiy usuli bolajonlar bilan o‘yin o‘ynang. Ishoning, beg‘ubor bolalik o‘yinlari hamma qo‘rquvlarni unutib, kayfiyatingiz ko‘tarilishiga katta yordam beradi.
4. Ishonch bu — yarim g‘alaba. O‘zingizga ishoning. Albatta talaba bo‘laman, deya o‘zingizni ishontiring. Hayolingizda yangi o‘quv yili boshlanib, o‘zingiz orzu qilganingizdek talaba bo‘lib yurganingizni tasavvur qiling. Kurs ishlari, topshiriqlar ichida o‘ralashib yurganingizni his qiling.
5. Taomnomangizga e’tibor qarating. Imtihondan bir kun avval va imtihon kuni taomnomangizga e’tiborliroq bo‘ling. Iloji boricha kofe va shirinliklar iste’mol qilmaganingiz ma’qul. Shuningdek, qovurilgan va yog‘li taomlar tanovul qilish ham tavsiya etilmaydi. Chunki, bu taomlar imtihon kuni sizni lohas qilishi mumkin.
Imtihonda
1. Savollar varaqasini ko‘zdan kechiring. Dastlab varqadagi savollarga birma-bir ko‘z yugurtirib chiqing. Agar savollarda biror kamchilik bo‘lsa, deylik ularning yoki berilgan javoblardagi variantlarning soni kam bo‘lsa shu vaqtning o‘zida muammoni hal qilish mumkin bo‘ladi. Test jarayonini kuzatuvchi xodimlar savollar varaqasini almashtirish berishi mumkin. Abituriyentlar ismi-sharifi va variantlari qaydnomaga kiritilgandan so‘ng, savollar varaqasi almashtirilmaydi.
2. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlang. Test jarayonida vaqtni to‘g‘ri taqsimlab oling. Dastlab ballar yuqori beriladigan bloklar ketma-ketligida siz aniq biladigan savollarnining javobini biror qog‘ozga belgilab chiqing. Javoblar varaqasida belgilanishni test jarayoni yakuniga qoldiring. Bir savolning javobini topolmay qolganingizda to‘xtab qolmay keyingi savolga o‘ting. Chunki, vaqt chegaralangan.
3. Shoshma-shosharlik qilmang. Agar siz aniq fanlardan test topshirayotgan bo‘lsangiz, berilgan topshiriqni bajargach, javobingiz bilan barcha variantlarni taqqoslab chiqing. Chunki, javoblar shunday tuziladiki, bittagina son oldidagi ishora ham sizni javobingizni xato belgilashga sabab bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
4. Hech kimga e’tibor bermang. Test ishlash jarayonida atrofdagi abituriyentlarga e’tibor qaratmang. Ba’zida bosh ko‘tarib allanimalarni yozib test ishlayotgan abituriyentlar sizni nazaringizda o‘ta “bilimdon” bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Bu holat esa sizga ruhiy zarba berishi turgan gap.
5. Javoblar varaqasida belgilashda ehtiyot bo‘ling. Barcha javoblarni qo‘shimcha qog‘ozda belgilab bo‘lgach, yana bir bor ko‘z yugurtirib chiqing. Test jarayoni yakunlashiga 20-30 daqiqa qolganda javoblar varaqasida javoblarni belgilashni boshlang. Shuni unutmangki, 0,1 ball ham juda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham belgilashda e’tiborli bo‘ling, har bir fanni o‘zi uchun ajratilgan qismdagi belgilash mumkin bo‘lgan doirachalarni belgilang.
Barchangizga omad yor bo‘lsin! Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, orzu qilgan talabalik nasib etsin!
Komiljon Aslonov
manba:oliygoh.uz
Talaba
Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish sirlari