IMPLANTATSIYA
IMPLANTATSIYA (lot. im… (in) – ichida va plantatio — oʻtkazish, koʻchirib oʻtkazish) — odam va hayvonlarda hujayralar va toʻqima elementlarining oʻz-oʻzidan koʻchirib oʻtkazilishi va yopishtirilishi. Odam va koʻpchilik sut emizuvchilarda Implantatsiya murtak (blastotsist) ning urgʻochisi bachadoniga yopishishidan iborat. Implantatsiya blastotsist va bachadon devorining faolligi tufayli amalga oshadi. Implantatsiya natijasida murtak bilan ona organizm qon aylanish sistemasi oʻrtasida funksional birlik vujudga keladi va yoʻldosh hosil boʻladi. Implantatsiya 3 xil usulda amalga oshadi. Markaziy Implantatsiyada murtak bachadon boʻshligʻida qoladi (qoʻlqanotlilar, kavsh qaytaruvchilar), ekssentrik I. da murtak bachadon devoriga qisman botib kiradi (kemiruvchilar) va interstitsial Implantatsiyada murtak bachadon devoriga toʻliq botib kiradi (odam, primatlar). Toʻqi-malarning bir qismi yoki organlarni sunʼiy koʻchirib oʻtkazish transplantatsiya, sunʼiy organlarni odam va xayvonlar organizmiga kiritish esa Implantatsiya deyiladi.
Ensiklopediya.uz
IMPLANTATSIYA