IMOMIYLAR
IMOMIYLAR — shialikdagi yirik mazhab tarafdorlari. 7-a. da arab xalifaligida vujudga kelgan. Ular Ali naslidan boʻlgan 12 imomni tan oladilar. Imomiylar 11-imom Hasan al-Askariy (873-y. v. e.) dan keyin uning yosh oʻgʻli Muhammadni oxirgi, 12-imom deb hisoblaydilar. Rivoyatlarga koʻra, bu imom yoʻqolgan (tarixda oʻldirilgan boʻlsa kerak, deb hisoblanadi). Imomiylar uni «yashiringan imom», yaʼni mahdiy deb eʼlon qilib, u qaytib kelishi bilan adolat tantana qiladi deydilar. «Yashiringan imom»ga eʼtiqod Imomiylarning asosiy aqidalaridan biridir. Imomiylar imomning saylab qoʻyilishini rad etishadi. Ular oʻzlarining hamma imomlarini «jabrdiyda» deb bilib, ularga eʼtiqod qilishadi. Imomiylar shialarning ancha koʻp tarqalgan qismidir. Imomiylar taʼlimoti hoz. Eronning davlat dini hisoblanadi. I. Irokda aholining deyarli yarmini tashkil etadi. Imomiylar jamoalari Livan, Quvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Afgʻoniston va b. mamlakatlarda bor.
Ensiklopediya.uz
IMOMIYLAR