Ilk reflekslar haqida malumot

Ilk reflekslar haqida malumot

Chaqaloq tug‘ilganidan keyin birinchi kunlariyoq unda tug‘ma reflektor reaksiyalari kuzatiladi. Kichkintoy reflekslarini tekshira turib, shifokor uning nerv tizimining holatiga baho beradi. Agar shifokor: «Bolaning muskullar tonusi va fiziologik reflekslari normada», — desa, demak, bolangiz o‘zini yaxshi sezayapti degani bo‘ladi.

Bu qanday reflekslar?

 

  • Ko‘zni pirpiratish refleksi — Bola yuziga to‘satdan yorug‘lik tushsa yoki havo oqimi tegsa, u ko‘zlarini tez-tez yumib ochadi.
  • Qidirish refleksi — Kichkintoyning yuzini og‘ziga yaqin joyini silang, u shu topdayoq boshini shu tomonga burib, og‘zini ochadi. Ko‘krak uchini yuziga tegizsangiz ham, u xuddi shunday harakat qilib, uni og‘ziga oladi.
  • Xartum (yoki lab cho‘chchaitirish) refleksi — Bolaning yuqori labiga engil urib tursangiz, og‘zi atrofidagi muskullar qisqaradi va bola labini cho‘chchaytiradi. Bu refleks bolalarda 2-3 oygacha saqlanadi.
  • So‘rish refleksi — Agar chaqaloqning lablari yoki tiliga tegsangiz, u shu ondayoq xudsi so‘rayotgandek harakat qila boshlaydi. Emgandan keyin, bolada bu refleks bir muncha so‘nadi, ammo keyingi emizish vaktiga yaqin yana kuchayadi.
  • Yutish refleksi — Agar kichkintoy og‘ziga biron nima tushsa, u yutadi. Garchi bu refleks tug‘ma bo‘lsa-da, ammo kichkintoy yutish harakatlarini nafas olish bilan muvozanatga keltirishga o‘rganishi lozim bo‘ladi va buni o‘rganib olmaguncha, vaqti-vaqti bilan yo‘talib qo‘yadi. Bola qonida kislorod miqdori kamayganida, nafas oladi. Bachadonda unga ozgina kislorod ham etarli edi. Endilikda unga ko‘proq kislorod talab qilinadi hamda uning organizmi yangi sharoitga ko‘nikishi lozim bo‘ladi. Shuning uchun ma’lum vaqt davomida u to‘g‘ri nafas olishni o‘rganadi: tez nafas olib, sekin chiqarishga va buning orasida ovqatni yutishga odatlanadi.
  • Kaft-og‘iz refleksi — Kaftining katta barmoqcha tepaligi yaqinida barmog‘ingizni botirsangiz, bola og‘zini ochib, sal boshini egadi. Bu refleks chaqaloq hayotining uchinchi oyiga kelib so‘nadi. Bu vaqt mobaynida siz bu refleksdan bolangiz og‘zini ochishi kerak bo‘lib qolgan hollarda (masalan, dori ichirish uchun) foydalanishingiz mumkin.
  • Ilib olish refleksi (Robimson refleksi) Agar kichkintoy kaftiga ko‘rsatkich barmog‘ingizni bersangiz, u uni shu darajada mahkam ushlaydiki, hatto o‘z vaznini ham ko‘tara oladi. Bu refleks etti oyga kettib go‘nib boradi.
  • Quchoqlab olish refleksi (Moro refleksi) Agar chaqaloqni yo‘rgaklayotgan stolni uning boshidan 20-30 sm narida sal ursangiz, bola qo‘llari va barmoqlarini yozib yuboradi, oyoqchalarini cho‘zadi va orqasini ko‘taradi. Keyin u yana yig‘ilib oladi: qo‘llarini ko‘kraklari ustida xuddi o‘zini quchoqlayotgandek, oyoklarini esa qorni tomon yig‘ib oladi (embrion holati).
  • Oyoq tagi refleksi — Oyoqchasi tagining ikkinchi va uchinchi barmoqchalari atrofini barmog‘ingiz bilan bossangiz, bola barmoqlarini yig‘ib oladi.
  • Babinskiy refleksi — Bolaning tovonidan barmoqlariga tomon barmog‘ingiz bilan «chiziq» o‘tkazsangiz, kichkintoy avval katta barmog‘ini, keyin elpig‘ich kabi qolgan barmoqlarini yozadi va yana yig‘ib oladi.
  • Himoya refleksi — Chaqaloqni qorniga yotqizsangiz, u boshini yonga buradi va ko‘tarishga urinadi. 1-1,5 oydan keyin u boshini ushlashga urinadi. Ularning bu harakatlarini kuzatish naqadar zavqli, to‘g‘rimi? Bu tug‘ma refleks ularga qorni bilan yotganda nafas tiqilib qolmaslik uchun juda kerak.
  • Emaklash refleksi — Kichkintoy qorni bilan yotganda, qo‘lingizni oyoqlari ostiga tirang, u shu ondayoq itariladi. Bu refleks 3-4 oylardan keyin yo‘qoladi.
  • Tiralish refleksi — Agar chaqaloqni qo‘ltiqlaridan ushlab ko‘tarsangiz, u oyoqlarini yig‘ib oladi. Agar uning oyoqlarini biron erga qo‘ysangiz, u gavdasini to‘g‘rilab, yarim bukilgan oyoklarida turadi. Agar uning tanasini engilgina oldinga buksangiz, u qadam tashlaydi.
  • Sho‘ng‘ish refleksi — Agar kichkintoyning yuziga suv tegsa, uning yurak urishi sekinlashadi. Agar u to‘satdan suv ostida bo‘lib qolsa, ma’lum vaqtga nafas olmay turadi.

Sangzor.uz

Kasalliklar
Ilk reflekslar