Ikki to‘lqin

Ikki to‘lqin

Ikki to‘lqin

DO`STLARGA ULASHING:

Bir dengizda ikkita to‘lqin yasharkan. Birining nomi Katta to‘lqin, ikkinchisi Kichik to‘lqin ekan. Ular juda inoq bo‘lib, doim birga suzib yurisharkan.

Kichik to‘lqin juda ochiqko‘ngil ekan, baliqlar, shamol va boshqa to‘lqinlar bilan birga o‘ynarkan. Katta to‘lqin esa shiddatli va shafqatsiz bo‘lib, yo‘lida nima uchrasa, urilib, bosib, buzib o‘tib ketarkan.
Ayniqsa, kemalarga hujum qilishni yoqtirarkan. U kema machtasidan ham balandroqqa ko‘tarilarkan, keyin palubaga qarab tashlanib, kemani suvga to‘ldirarkan. Ba’zida hatto cho‘ktirib ham yuborarkan. Yana u qoyalarni yiqitishga urinib, ularga bor kuchi bilan zarba berarkan. Ammo shunchalik shafqatsiz bo‘lsa ham, Kichik to‘lqinga doim mehribon ekan.

Bir kuni ular sohil yaqinida o‘ynayotsa, Kichik to‘lqin qumga o‘tirib olib muzqaymoq yeyayotgan bolani ko‘rib qolibdi.

– Men ham muzqaymoq yeyman, – debdi u.

– Hozir olib kelaman, – debdi Katta to‘lqin. So‘ngra zarb bilan bola tomonga otilib, undan muzqaymoqni tortib olibdi va Kichik to‘lqinga keltirib beribdi. U esa muzqaymoqni bir zumda paqqos tushiribdi.

Shundan so‘ng kichik to‘lqin “Endi nima qilamiz?” deb so‘rabdi.

– Qarab tur, – debdi Katta to‘lqin. – Anavi qoyalarni ko‘ryapsanmi? Hozir ularga shunaqangi zarba beramanki, bunaqasini hech qachon ko‘rmagansan.

Shunday deb u qoyalardan uch baravar balandga ko‘tarilibdi va ularga shiddat bilan hujum qilibdi. Buni ko‘rgan qoyalar qo‘rqib ketibdi va bir-birlariga mahkam jipslashibdi. Lekin Katta to‘lqin haddan tashqari tez va baland ko‘tarilib yuborgani uchun qoyalarga urilish o‘rniga ularning ustidan o‘tib ketibdi va orqa tarafdagi chuqurga borib tushibdi. Qamalib qolgan to‘lqin dengizga qayta olmabdi. U o‘zini har tomonga uribdi, lekin foydasi bo‘lmabdi. Shundan so‘ng yordam so‘rab qichqiribdi.

Bu paytda tepadan bir o‘rdak uchib o‘tayotgan ekan. U qoya ustiga qo‘nib:

– Senga nima bo‘ldi? – deb so‘rabdi.

– Bu yerdan chiqolmayapman, tuzoqqa tushib qoldim, – debdi Katta to‘lqin. – Iltimos, menga yordam ber.

– Yo‘q, senga yordam bermayman, – debdi o‘rdak. – Sen hammaga zarar yetkazasan, kemalarni cho‘ktirasan, qoyalarni qulatishga harakat qilasan. Hozirgina yosh bolakayning qo‘lidan muzqaymog‘ini tortib olganingni ham o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

Shu payt qoyaning narigi tomonida kimningdir yig‘layotgani eshitilibdi. O‘rdak dengizga qarabdi va Kichik to‘lqinni ko‘ribdi.

– Nega yig‘layapsan? – so‘rabdi u mayin ohangda.

– Men Katta to‘lqinning yoniga o‘tishni istayman. Manavi yaramas qoyalardan o‘tolmayapman, – debdi u va yana yig‘lashda davom etibdi.

– Iltimos, bizga yordam ber, – yalinibdi Katta to‘lqin o‘rdakka.

– Men Katta to‘lqinga yana dengizga qaytishi uchun yordamlashmayman, – debdi u Kichik to‘lqinga, – lekin sen uning yoniga o‘tishni xohlasang, yordam beraman.

– Roziman, – dedi Kichik to‘lqin.

Shundan so‘ng o‘rdak unga qoyalar atrofidan quruqlikka o‘tadigan yo‘lni ko‘rsatibdi. Keyin oyoqlari bilan qoyaning ortiga boradigan ariqcha ochibdi. Kichik to‘lqin ana shu ariqcha bo‘ylab oqib boribdi va Katta to‘lqinning yoniga o‘tib olibdi. Ular bir-birini ko‘rganidan juda xursand bo‘lishibdi.

– Kel, yaxshisi birlashib bitta to‘lqin bo‘lamiz, – taklif qilibdi Katta to‘lqin. Kichik to‘lqin ham bunga rozi bo‘libdi va ikki to‘lqin birlashibdi. Shunday qilib, qoyalar o‘rtasida yovvoyi gullar bilan burkangan ko‘l hosil bo‘libdi.

Donald Bister

Ingliz tilidan Mirjalol MADVALIYEV tarjimasi

Ikki to‘lqin