IJTIMOIY HIMOYA
IJTIMOIY HIMOYA — keng maʼnoda — mamlakat aholisini ijtimoiy va moddiy muhofaza qilinishini taʼminlaydigan va jamiyatda qaror topgan xuquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy choratadbirlar majmui; tor maʼ-noda — davlat va jamiyatning yoshi, salomatligi holati, ijtimoiy ahvoli, tirikchilik vositalari bilan yetarli taʼminlanmagani tufayli yordamga, koʻmakka muhtoj fuqarolar toʻgʻrisidagi gʻamxoʻrligi. Uning asosiy maqsadi aholi farovonligining toʻxtovsiz yaxshilanishini taʼminlash, aholi qat-lamlarining taʼlim, madaniyat, kasb malakasi, daromadlari jihatidan keskin tafovutlariga barham berish, jamiyat tomonidan insonga munosib hayot darajasini va inson taraqqiyotini taʼminlashga yordam berishdan ibo-rat. Ijtimoiy himoyaning asosiy yoʻnalishlari: erkin ijtimoiyiqtisodiy faoliyat koʻrsatishni taʼminlash; ish bilan bandlik, kasb tanlash, oʻqish va bilim olish; daromadlarning kafolatlani-shi; har bir fuqaroning oʻz iqtisodiy faoliyatida daromadga ega boʻlishi; is-teʼmolchilar himoyasi, isteʼmolchilar jamiyatlari; tovarlar va xizmatlar sifati, isteʼmol kafolatini taʼminlash; aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish; ijtimoiy taʼminot tizimi va aholining muhtoj, kam taʼminlangan qismlariga pensiyalar, nafaqalar, turli xil imtiyozlar berish.
Ensiklopediya.uz
IJTIMOIY HIMOYA