IHOTA DARAXTZORLARI
IHOTA DARAXTZORLARI — q. x. ekinlari, chorvachilik fermalari, kanallar, aholi punktlari, avtomobil va t. y. lar, suv omborlari va b. obyektlarni tabiatning noqulay hodisalari (qurgʻoqchilik, tuproq eroziyasi, sel, qor va b.)dan saklash va mikroiqlimni yaxshilash maqsadlarida barpo qilinadigan oʻrmon daraxtzorlari. Ular oʻrmon massivlari, tasmasimon va tup-tup shaklda boʻlishi mumkin. Bu daraxt-zorlar oʻrmonlarning 1-guruh toifasiga kiradi. Bajaradigan vazifasiga qarab Ihota daraxtzorlari quyidagi guruhlarga boʻlinadi: davlat ihota oʻrmonzorlari; lalmi yerlardagi Ihota daraxtzorlari ; kanallar atrofidagi ihota oʻrmonzorlari; sugʻoriladigan yerlardagi dala oʻrmon ihotazorlari; togʻ qiyaliklaridagi suvlarni tartibga solish ihotazorlari; jarliklar atrofidagi oʻrmon ihotalari; togʻ meliorativ Ihota daraxtzorlari ; yaylov oʻrmon ihota-zorlari; fermalar atrofidagi oʻrmon ihotazorlari; yashil soyabonlar; koʻchma qumlarda barpo etilgan oʻrmon ihota-zorlari va b. I. d. ni barpo etishda asosiy (himoyalovchi), yoʻldosh (tuproqning vertikal kesimini zichlaydigan) daraxtlar va buta (tuproqni eroziyadan himoyalaydigan) lardan foydalaniladi.
Ensiklopediya.uz
IHOTA DARAXTZORLARI