Hunarli yigit

Hunarli yigit

Hunarli yigit

DO`STLARGA ULASHING:

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir shaharda bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning Mamatboy degan bitta-yu bitta o‘g‘li bor ekan.
Kampirning ota meros bir hovlisi bor ekan. Chol-kampir bu hovlini uch yuz tillaga sotishibdi va maslahatlashib o‘g‘lini savdo ishiga o‘rgatmoqchi bo‘lishibdi.
Chol o‘g‘lini chaqirib:
— Bolam, biz endi qarib, kuch-quvvatdan qoldik. Sen mana bu yuz tillani olib, savdogarchilik qilgin, — debdi.
Bola yuz tillani beliga tugib, yo‘rg‘a eshakni minib: «Hayyo-hay», deb safarga jo‘nabdi.
Yurib-yurib bir shaharga yetibdi. Qarasa, bozorga yaqin bir joyda odamlar to‘planishib turgan emish, to‘da yaqiniga borib odamlarning biridan: «Nima gap?» deb so‘rasa, u odam:
— Bu yer ilm beradigan joy. Kimki yuz tilla to‘lasa, bir yil ichida ilm o‘rganib chiqadi, — debdi.
Bizning Mamatboy ham ilm o‘rganishni havas qilib yurar ekan. Bu gapni eshitgach: «Savdo ishidan nima foyda, yoshlikda ilm o‘rganib olish kerak» deb, yuz tillani to‘labdi. Havas bilan astoydil o‘qiy boshlabdi. Oradan bir yil ham o‘tibdi. Mamatboy, zehni balandlik qilib, domlasidan ham o‘zib ketibdi.
Endi uyiga qaytmoqchi bo‘libdi. Ammo hech narsasi qolmagan, qo‘yingchi, eshagini ham sotib yuborgan ekan. Nima qilishini bilmay hayron bo‘lib turganida, domlaning rahmi kelib unga bir eshak beribdi. Bir yarim oy deganda Mamatboy uyiga kelibdi. Ko‘pdan beri kutib o‘tirgan ota-onasi o‘g‘lini ko‘rib juda quvonibdi. Hol-ahvol so‘ragandan keyin, kampir:
— Bolam, yuking orqada kelyaptimi? — deb so‘rabdi. Bola indamabdi. Bir fursat yotib, damini olgandan keyin ota-onasiga:
— Xafa bo‘lmasangizlar bir gap aytaman, — debdi. Ular-. — Mayli, ayt, bolam, — deyishibdi.
Shunda bola o‘z boshidan kechirgan hamma hodisalarni aytib beribdi. Chol-kampir bir oz ranjibdi.
Oradan bir hafta o‘tibdi. Ular o‘zlaricha maslahatni, bir joyga qo‘yib, bolaga yana yuz tilla beribdilar. Ammo boshqa narsaga sarf qilmagin, deb tayinlab uni savdoga jo‘natibdilar. Bola cho‘l-biyobonlar, tog‘-toshlar oshib, axiri bir shaharga yetibdi. Qarasa, bir joyda odamlar to‘planishib turgan emish. Bola surishtiribdi. Ulardan biri: «Bu yer cholg‘u o‘rgatadigan joy, kimki yuz tilla to‘lasa, bir yilda ajoyib sozanda bo‘lib chiqadi», debdi.
Bola o‘ylab turib: «Ota-onam urishsa urishar; ilm o‘rgandim, endi buni ham o‘rganib qo‘yay», deb yuz tilla to‘lab maktabga kiribdi. Oradan bir yil o‘tibdi. Bolaning zehni o‘tkir ekan, sal fursatda ustozidan ham o‘zib ketibdi.
Ustozi bolaning juda uquvli bo‘lgani, ammo ketishga hech pimasi qolmaganidan bir toy bilan yo‘lga kerakli oziq-ovqat berib, uni jo‘natibdi. Bola uch hafta deganda uyiga yetib kelibdi. Bir yildan beri ko‘z tutib, zoriqib o‘tirgan ota-ona o‘g‘lini ko‘rib juda sevinishibdi. Kampir bolasidan hol-ahvol so‘rab bo‘lib:
— Bolam, yuking keyinda kelyaptimi? — deb so‘rabdi. Bola nafasini rostlab olgandan keyin, voqeani aytib bsribdi. Buni eshitgan chol bilan kampir xafa bo‘lishibdi, bolani qattiq koyishibdi.
O’n kundan keyin chol bilan kampir ikkisi maslahat qilishibdi. Otasi o‘g‘lini chaqirib:
— Bolam, bisotimizda atigi uch yuz tilla bor edi, ikki yuz tillani sarf qilib kelding, endi bor-yo‘g‘i yuz tillagina pulimiz qoldi, shuni ehtiyot qilib, har narsaga sarf qilmasdan, arzon mollardan olib kel, jon bolam! — deb yana savdoga jo‘natibdi. Bola ota-onasi bilan xayrlashib, noma’lum shaharga jo‘nab ketibdi. Yura-yura bir joyga yetibdi. Toyi hurkib ketib, odamlar to‘planib turgan joyga borib to‘xtabdi. Bola odamlardan: «Nega to‘planib turibsizlar?» deb so‘rasa, ulardan biri: «Bu yerda shaxmat o‘yini o‘rgatiladi. Kimki yuz tilla to‘lasa, shaxmat o‘rganadi», debdi. Mamatboy o‘ylab turib: «Yuz tilla berib ilm o‘rgandim, yuz tilla berib cholg‘uvchi bo‘ldim, endi yana yuz tilladan qochib buni o‘rganmay qolaymi? Kel, tavakkal, buni ham o‘rganib olay», deb ahd qilibdi va qo‘lidagi yuz tillani to‘lab, shaxmat o‘ynashga kirishibdi. Bir yilda shaxmat o‘yinini juda yaxshi o‘rganib, keyin yurtiga qaytibdi. Ko‘p yo‘l yurib, uyiga yetibdi. Ota-onasi bolasyani sog‘inib ko‘z tutib o‘tirgan ekan, u bilan ko‘rishib bo‘lib:
— Bolam, yuking qani, orqada kelyaptimi? — deb eshikka chiqib qarasa, yana hech nima yo‘q emish. Yana hayron bo‘lishibdi. Bola bu safar shaxmat o‘yinini o‘rganganini aytib beribdi.
Chol bilan kampir ilgarigidan ham battarroq xafa bo‘lishibdi. Nochorlikdan Mamatni bir boyga xizmatkor qilib berishibdi. Mamatboy judayam serg‘ayrat, chaqqon bola ekan, uch kun o‘tmasdanoq, boyning xizmatkorlari orasida tanilib qolibdi. Boy ham uning chaqqon, ishbilarmonligiga qoyil qolibdi.
Kunlardan bir kuni boy uzoq bir shahardan bir necha ming yilqi va qo‘ylarni olib kelayotgan ekan, dasht-biyobonlarda bir qancha ko‘p yurishgandan keyin yilqi-qo‘ylari cho‘llab qolibdi. Qidirib-qidirib bir quduq topishibdi. Quduq juda eski ekan. Boy «Kim tushadi?» deb so‘rasa, xizmatkorlari churq etmabdi. Axiri Mamatboy: «Bu ishni men bajaraman», deb beliga arqon bog‘lab, quduqqa tusha boshlabdi. Quduq juda chuqur ekan, tushib ketaveribdi. Axiri oyog‘i quduq tagiga tegibdi. Qarasa, quduq tagi keng, hamma yer qorong‘i, zulmat, kup-quruq, suv degan narsa yo‘q emish. Belidan arqonni yechib, nariroqqa borib qarasa, bitta xum turganmish va undan hadeb tilla qaynab chiqayotgan emish. Bola olib tushgan chelagini darhol tillaga to‘latib yuqoriga uzatibdi. Bo‘shagan chelak qaytib tushibdi. Shunday qilib xumdagi tillani tamom qilibdi, keyin arqonga chirmashib yuqori chiqa boshlabdi. Shu topda boy: «Bolani hozir tortib olsam, u xoynaxoy tillaning kamida yarmiga sherik bo‘ladi. Undan ko‘ra, bola shu quduqda o‘lib ketgani yaxshi», deb arqonni shartta qirqib yuboribdi. Boy hamma tillani olib, yo‘lga ravona bo‘libdi. Endi gapni boladan eshiting:
Mamatboy ko‘zini ochsa, o‘zini quduqda ko‘ribdi. «Attang, boy yaxshilikka yomonlik qildi. Ajalim shu yerda ekan-da», deb juda xafa bo‘lib ichkariroqqa yuribdi. Atrofiga nazar solsa, bir yoqda bir eshik ko‘rinibdi, eshikdan kirib qarasa, ichkarisi juda yaxshi bezatilgan bir uy emish. Bu uy bir devniki ekan, unda o‘sha dev yotgan ekan. Uyning shipida bir qancha cholg‘u asboblari osig‘liq emish. yigit devordan bir g‘ijjakni olib chala boshlabdi. Dev yetti yildan buyon kasal bo‘lib, hushsiz yotgan ekan, g‘ijjak tovushini eshitib, o‘ziga kelibdi. Yetti kun deganda tuzalib turibdi va:
— E bola, sen kimsan? Menga ko‘p yaxshilik qilding. Tila tilagingni! — debdi.
Bola qo‘rqib ketib, darhol devga salom beribdi. Dev alik olib, uning bu yerga qanday kelganini so‘rabdi. Bola devga boshidan kechirganlarini aytib beribdi. Bolaga devning rahmi kelib:
— Sen meni o‘limdan olib qolding, — debdi. Bola oldin devning tillasini quduqdan chiqarib yuborganini va shu sababli gunohini kechirishini so‘rabdi. Dev uning gunohini kechiribdi. So‘ngra Mamatboy:
— Meni yorug‘ dunyoga olib chiqib qo‘ysang bas, — debdi. Dev uni yelkasiga mindirib, bir zumda ochiq havoga chiqarib qo‘yibdi- Mamatboy dev bilan xayrlashib, yo‘lga ravona bo‘libdi.
Mamatboy tez-tez yurib boyga yetib olibdi va bilmas kishi bo‘lib, yana ilgarigidek boyning xizmatini qilaveribdi. Buni ko‘rgan boyning esi chiqib ketibdi. U ham qo‘rqqandan noiloj o‘zini bilmaslikka solib yuraveribdi-yu, bolani yo‘q qilish payiga tushibdi.
Boy xotiniga quyidagicha xat yozibdi:
«Mendan sizlarga ko‘pdan-ko‘p salom. Yaqinda borib qolaman. Jon xotin, men borguncha shu xatni olib borgan bolani o‘ldirib yubor. Sababini borganimda aytaman».
Xatni taxlab, muhrini bosib: «Endi buni kim uyga yetkazadi?» desa, hech kim indamabdi, chunki boy oldinroq boshqa xizmatkorlari bilan til biriktirib qo‘ygan ekan.
Xatni oxiri Mamatboy olib ketibdi. Yura-yura bir yerga yetganida o‘ylabdi: «E, men qancha ovora bo‘lib ilm o‘rgangan edim, buning duoyi salomini bir o‘qib ko‘rmaymanmi?» deb xatni ochib qarasa, gap haligiday.
Xatni darrov yirtib tashlabdi-da, o‘rniga quyidagi xatni yozibdi:
«Rafiqam G’ilmonnisoga.
Duoyi salomdan so‘ng andog‘ ma’lum va ravshan bo‘lsinkim, men bu o‘lkada eson-omon yuribman. Nasibam bo‘lsa, yaqinda borib qolaman. Ushbu yuborgan xizmatkor bola Mamatboy juda epchil ekan, baraka topsin, men buyurgan eng muhim ishlarni yakka o‘zi muhayyo qildi. Davlatimizning ortishiga sababchi bo‘ldi. Mamatboyni yaxshilab kutib ol, darhol katta qizimizni shunga to‘y qilib ber, toki men borganimda kuyov bo‘lib kutib olsin».
Mamatboy xatni o‘xshatib yozibdi va xat oxiriga boy nomidan imzo chekibdi. Mamatboy bir haftada yetib kelib, xatni boyning xotiniga beribdi. Xotin xatni o‘qib: «O’zlari aytibdilar, to‘y qilmasa bo‘lmas ekan», deb ertasigayoq to‘y-tomosha qilib, katta qizini Mamatboyga beribdi. Bir necha kun deganda, boy ham yetib kelibdi. Eshikdan uni qizi bilan kuyovi yaxshilab kutib olishibdi. Boyning joni hiqildog‘iga kelibdi-yu, ammo sir boy bermapti, o‘zini zo‘rg‘a tutib yuribdi. Yigit ham bilmas kishi bo‘lib, qaynatasining hurmatini bajo keltirib yuraveribdi. Oradan bir necha kun o‘tgandan keyin boy xotinini chaqirib:
— Sen nima ish qilib qo‘yding? — deb uni koyibdi. Xotini:
— O’zingiz aytibsiz-ku! — deb xatni ko‘rsatgan ekan, boy:
— Bu men yozgan xat emas, obbo qurg‘ur-ey, mendan ham usta ekan, — deb qoyil qolibdi. Lekin Mamatboyni yo‘q qilishni kecha-yu kunduz o‘ylab yuraveribdi.
Kunlarning birida yigitning esiga ota-onasi tushib: «Xotinim bilan bir borib kelay», deb boydan ijozat so‘rabdi. Yurib-yurib bir katta shaharga kelibdilar. Mamatboy o‘sha shahar podshosining saroyi yonidan o‘ta turib, darvozaga ko‘zi tushibdi, darvoza tepasiga osilgan bir necha odamni ko‘ribdi. Surishtirsa, podshoning bir go‘zal qizi bor ekan. U shaxmatga juda usta ekan. «Kimki o‘yinda meni yutib chiqsa, o‘shanga tegaman», deb shart qo‘ygan ekan. Haligilar shaxmat o‘yinida yutqazgan kishilarning tanalari ekan.
Mamatboy o‘ylab turib: «Ikki hunarim meni ikki marta o‘limdan olib qoldi, uchinchisi ham bekor ketmas. Kel, tavakkal, shu o‘yinni ham o‘ynab ko‘ray», deb, shoh qizi yoniga boribdi. Qiz uni mensimagandek bo‘lib qabul qilibdi.
O’yin boshlanibdi. Qiz ham, yigit ham bir-biridan sira qolishmabdi. Uch kun deganda qiz yutqazibdi. Qiz bilan otasi Mamatboyning shaxmatga ustaligiga qoyil qolishibdi. Podsho yigitga qizini bermoqchi bo‘lgan ekan, yigit unamabdi. Ota-onasini shaharga oldirib kelib, kambag‘al, beva-bechora, yetim-esirlarga muruvvat qilib turibdi.
Mamatboyning qaynatasi kunlardan bir kun Mamatboyga arzga kelibdi. Lekin kuyovini tanimabdi. Kuyov qaynatasining arzini obdan eshitib bo‘lib, keyin boyning butun qilgan ishlarini o‘ziga aytib beribdi. Boy juda yomon ahvolga tushib, yigitning oyog‘iga yiqilib, o‘z qilmishlariga tavba qilibdi.
Shunday qilib Mamatboy murod-maqsadiga yetibdi.

Hunarli yigit