Homiladorlikda UTT (UZI), skrining, dopler tekshiruvlari

Homiladorlikda UTT (UZI), skrining, dopler tekshiruvlari

Homiladorlikda UTT (UZI), skrining, dopler tekshiruvlari

DO`STLARGA ULASHING:

Bugun boʻlajak ona uchun tugʻilajak farzandining oʻgʻil yoki qiz ekanligini bilish muammo emas. Uning hatto ilk fotosuratini ham esdalik uchun olib qoʻyishi ham mumkin. Yana ota-ona istagiga koʻra, kichkintoyning ona qornidagi xatti-harakatlarini videotasvirga muhrlab, albom tayyorlash imkoni ham bor. Yagona sharti — mazkur tekshiruvlarning bir-biridan farqi-yu, qachon, qay tarzda oʻtkazilishi lozimligini bilsangiz, bas.

Ultratovush tekshiruvi nima?

Ultratovush toʻlqinlari yordamida amalga oshiriladigan mazkur tibbiy tekshiruv oq-qora tasvirda homilaning koʻrinishi, joylashishi va jinsini koʻrsatib beradi. Tavsir aks etgan monitordagi yozuvlar yordamida homilaga tegishli maʼlumotlar tahlil qilinadi.

homiladorlikda uzi min 1024x683 1

Homiladorlikda necha marta UTTdan oʻtish mumkin?

Normal kechayotgan homiladorlik davrida 5-6 martagacha ultratovush tekshiruvidan oʻtish mumkin. Odamlar orasida ultratoʻlqinlar homilaga zarar yetkazadi, degan gapni koʻp eshitamiz. Ammo bu gaplarda hech bir asos yoʻq. Oʻz vaqtida va toʻgʻri tartibda oʻtkazilgan tekshiruv onaga ham, bolaga ham nojoʻya taʼsir oʻtkazmaydi. Qolaversa, homiladorlikda UTT yordamida homila rivojlanishi, ichki aʼzolarining joylashuvi, turli tugʻma nuqsonlar, qogʻanoq suvining tiniqlik darajasi kabilarni ham aniqlash mumkin.

Homiladorlikda UTT: Ilk tekshiruv

Homiladorlikning 12-haftasida oʻtkazilib, “2D” oʻlchamdagi ultratovush tekshiruvi tasviri yordamida homiladagi ichki aʼzolarning shakllanishi, oyoq-qoʻllar va bosh chanogʻining holati haqida maʼlumot olinadi. Ilk tekshiruvda homilaning aniq muddati va taxminiy tugʻruq davri hisoblab chiqiladi.

Ikkinchi tekshiruv

Qoidaga koʻra, homila 18–21 haftaligida bajarilib, yoʻldosh joylashuvi, qogʻanoq suvi miqdori va holati, shuningdek, tugʻilajak bolaning yurak urishi tezligi aniqlanadi.

Uchinchi tekshiruv

Bu vaqtga kelib, homila ancha kattalashgan boʻladi. Uchinchi tekshiruv tugʻruqoldi holati boʻlgani bois, homila joylashuvi, yoʻldosh oʻqining kindik sohasidagi holati, bachadon boʻyni devoridagi tugʻruq oldi oʻzgarishlarni aniqlash maqsadida amalga oshiriladi. Shifokorlar uchun mazkur tekshiruv ayolning tugʻruqqa tayyorgarlik holatini aniqlashga xizmat qilsa, boʻlajak ota-ona qoʻl-oyoqlarini qimirlatayotgan kichkintoyni tomosha qilib, oilaning yangi aʼzosiga mehr qoʻyadi.

ЎҚИНГ:   Homiladorlikning 6-haftasi

Tezkor UTT nima?

Qovuq va bel sohasidagi kuchli ogʻriq, ajralmalardagi oʻzgarishlar, qon ketishi, muddatidan avval toʻlgʻoq tutishi yoki qogʻanoq yorilishi kabi holatlarda tezkor ravishda ultratovush tekshiruvi oʻtkaziladi. Bunda homilaning yurak urishi tezligi va undagi oʻzgarishlar sababini aniqlash muhimdir. Tezkor tekshiruv amaliyoti homilador ayol olib kelingan tugʻruq majmuida amalga oshiriladi.

Skrining barchaga birdek zarurmi?

Homilada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan irsiy kasalliklar ehtimolini aniqlash, rivojlanishdan ortda qolish va tugʻma nuqsonlar shakllanishini bartaraf etish maqsadida skrining tekshiruvidan oʻtish sogʻlom ayollarga ham tavsiya etiladi. Mazkur tekshiruv orqali nafaqat homiladagi patologik oʻzgarishlar, balki qonning biokimyoviy tahlili ham aniqlanib, yashirin turdagi ayrim kasalliklar haqida aniq maʼlumot olinadi. Skrining tekshiruvi homiladorlikning kechishiga qarab, uch davrdan birida oʻtkaziladi va faqat bir martalik amaliyot sanaladi. Unga koʻra:

  • homiladorlikning 10-14-haftasidagi erta tekshiruv – nasliy kasalliklar ehtimolini aniqlash, xromosoma oʻzgarishlaridan boxabar boʻlish uchun amalga oshiriladi. Bunda homilaning biokimyoviy qon tahlili ham oʻtkaziladi.
  • homilada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tugʻma nuqsonlarni aniqlash maqsadida 16-20 haftalikda oʻtkaziladi.
  • homila rivojlanishining kechki davrida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar va bir qancha kasalliklarni aniqlash uchun 32-34 haftalikda oʻtkaziladi.

Skrining tekshiruviga yoʻllanmani oʻzingiz yashaydigan manzildagi oilaviy poliklinikadan olishingiz mumkin.

Dopler tekshiruviga qachon boriladi?

Homiladorlik shikoyatlarsiz kechayotgan boʻlsa-da, 24 haftalik muddatdan soʻng yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarning oldini olish maqsadida dopler tekshiruvidan oʻtish barcha ayollarga tavsiya etiladi. Bundan tashqari, agar homiladorlikda quyidagi holatlar aniqlansa, doplerometriya tekshiruvi bir necha marotaba tavsiya etilishi ham mumkin. Jumladan:

  • Qandli diabet, buyrak faoliyati bilan bogʻliq kasalliklar,
  • Ikki yoki bir necha homila,
  • Gestoz,
  • Avvalgi homiladorlikdagi salbiy oʻzgarishlarning takrorlanishi,
  • Kardiotokografiya natijalarining qoniqarli emasligi.

Bu tekshiruvda maxsus datchiklar yordamida homiladagi oʻzgarishlarni koʻrish mumkin. Dopler koʻrigi “ona-yoʻldosh-homila” tizimi asosida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, homiladagi qizil tanachalar tasvirini aniqlash imkoni mavjud. Shuningdek, juftliklar oʻz xohishlariga koʻra, dopler tekshiruviga murojaat qilsalar ham boʻladi. Doplerometriya koʻrigida aniqlangan holatlar yuzasidan UTT tahlilchisining tibbiy xulosasi tayyorlanib, zarur hollarda davolovchi shifokorga yoʻllanma beriladi.

ЎҚИНГ:   Homilador ayollar uchun foydali tavsiyalar

“3D”, “4D” oʻlchamli UTTga zarurat bormi?

Agar davolovchi shifokoringiz homilada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan noqisliklar yoki kechki muddatdagi biror oʻzgarishni taxmin qilsa, kattalashtirilgan oʻlchamdagi tekshiruvga yoʻllanma berishi mumkin. Mazkur tekshiruvlar homilaning “2D” oʻlchamida koʻrish mumkin boʻlmagan tasvirini ifodalash uchun muhim sanaladi. “3D” va “4D” oʻlchamli ultratovush tekshiruvini homiladorlikning 6-7 haftaligidan 40 haftalik muddatgacha oʻtkazish mumkin.

Bir-biridan farqi nimada?

“3D” – odatiy “2D” ultratovush tekshiruvidan farqli ravishda uch kesimdagi tasvirni koʻrsatadi. Rangli tasvirda nafaqat bolaning yuz tuzilishi va aniq qiyofasini koʻrish mumkin, balki teridagi yumshoq toʻqima mushaklarini baholash imkoniyati ham mavjud. Qolaversa, homila qiyofasidagi ayrim noqisliklar, masalan, yuqori lab va tanglay kemtikligini kattalashtirilgan tasvirda aniqlash va tibbiy xulosani aniq izohlash imkoniyatini beradi. “3D” oʻlchamli tekshiruvda homilaning holati tasvirga tushirilgan bir nechta suratlar orqali namoyish etiladi.

“4D” – “3D” oʻlchamdagi tekshiruv turidan onlayn tasvirni ifodalashi bilan farqlanadi. Tekshiruv jarayonida xuddi kichik videokamera homila ichida harakatlanib, tasvirni monitor ekranida aks ettirayotgandek tasavvur hosil boʻladi. Bu usul maxsus moslama yordamida amalga oshiriladi. “4D” oʻlchamli tekshiruv homiladagi tugʻma nuqsonlar, turli shishlar, tananing muayyan qismida suv toʻplanishi kabi holatlarni aniqlash uchun qoʻllaniladi. “4D” tekshiruvi ikki xil koʻrinishda: homila harakatlarini suratlar orqali aks ettirish va “4D LIVE” (bolaning ayni damdagi harakatlarini videotasvir orqali koʻrish) turlari bilan farqlanadi. Xohishingizga koʻra, tekshiruvning u yoki bu turini tanlab, koʻrikdagi tasvirlarni diskka yozib olishingiz mumkin.

Homiladorlikda UTT kimlarga mumkin emas?

Koʻpchilikning fikricha, ultratovush toʻlqinlari oʻzidan issiqlik nurini taratib, homilaga zarar yetkazishi mumkin. Ammo bu notoʻgʻri! Ultratovush toʻlqinlarining tebranish holati homila uchun mutlaqo beziyon. Shifokorlar homiladorlikda UTT kabi tekshiruvlarga kelayotgan ayollarga qorinda mushaklar tonusi taranglashmagan boʻlishi lozimligini taʼkidlashadi. Chunki faqat mana shu holatda homila holatini aniqlash biroz mushkul. Qolgan vaqtlarda UTT uchun qarshi koʻrsatmalar mavjud emas.

ЎҚИНГ:   Homiladorlikning 39-haftasi

 

Ekpertlar: Shahnoza Bahodirova, ginekolog.
Liliya Sabirova, UTT tashxisi shifokori.
Jurlanist: Dildora Yusufbekova.
Manba: “Sugʻdiyona” gazetasi.

dopler tekshiruvlari, Homiladorlikda UTT (UZI), skrining