Homiladorlikda pnevmoniya Kasalliklar haqida
Mobil ilovani yuklab oling
Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.
Koʻpchilikda pnevmoniya oddiy shamollash yoki gripp bilan boshlanadi, keyin esa oʻpkaga oʻtadi. Homiladorlikda pnevmoniya davolanmasa, hayot uchun xavfli boʻlishi mumkin, qolaversa, homilador ayollarning ushbu kasallikka qarshi kurashishi biroz qiyin kechadi.
Homiladorlikda pnevmoniya belgilari
Homiladorlik davrida pnevmoniya belgilaridan xabardor boʻlish va uni davolash uchun darhol shifokorga murojaat qilish kerak.
Umumiy belgilari quyidagicha:
- Shamollash va grippga oʻxshash alomatlar, masalan, tomoq, bosh va boʻgʻimlaridagi ogʻriq;
- Nafas olish qiyinlashishi yoki tez nafas olish;
- Kuchli holsizlanish, charchoq;
- Isitma yoki titroq;
- Koʻkrak qismidagi ogʻriqlar;
- Qattiq yoʻtal.
Pnevmoniyaning ona va bolaga taʼsiri
Pnevmoniya ogʻir kasallik boʻlib, davolanmasa, ona va tugʻilajak bola uchun xavfli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Homiladorlik pnevmoniyasi organizmdagi kislorodning kamayishiga olib keladi, chunki bu holatda oʻpka yetarli miqdordagi kislorodni tanaga yetkaza olmaydi. Natijada bachadonga ham kam miqdorda kislorod yetib boradi.
Ushbu kasallik oʻpkadan tananing boshqa qismlariga, masalan, qon tomirlariga ham tarqalishi ehtimoli mavjud.
Homiladorlik paytida pnevmoniya quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin:
- Erta tugʻilish;
- Homila vaznining kamayishi.
Aksariyat ayollar qattiq yoʻtal homila uchun xavfli deb xavotirlanishadi. Lekin, chaqaloq amortizator sifatida ishlovchi amniotik suyuqlik bilan oʻralgan boʻlib, homilani yoʻtal, turli tebranishlar va shovqinlar, bosim hamda kichik zarbalardan himoya qiladi.
Muhim: Homiladorlikda peshob tarkibida oqsil boʻlishi xavflimi?
Xavfli omillar
Homilador boʻlish ayolning pnevmoniya bilan kasallanish xavfini oshiradi, chunki organizm bachadondagi bola rivojlanishi uchun koʻp energiya sarflaydi. Qolaversa, oʻsayotgan chaqaloq va kattalashayotgan bachadon ham ayolning oʻpka hajmini kamaytiradi, bu esa oʻpka funksiyasiga qoʻshimcha yuklama beradi.
Pnevmoniya koʻpincha oʻpkaga tarqaladigan bakterial infeksiya natijasida yuzaga keladi. Koʻpincha pnevmoniyaga sabab boʻluvchi bakteriyalarga quyidagilar kiradi:
- Haemophilus influenza
- Mycoplasma pneumonia
- Streptococcus pneumonia
Pnevmoniyaga olib keladigan virusli infeksiyalarga quyidagilar kiradi:
- Gripp virusi
- Suvchechak yoki o’rab oluvchi gerpes (yuqumli toshma)
- Respirator distress sindromi (nafas olish qiyinlashuvi sindromi).
Quyidagi holatlarda ayollarda homiladorlik pnevmoniyasi bilan kasallanish xavfi yuqori:
- Tamaki cheksa;
- Anemiya (kamqonlik) mavjud boʻlsa;
- Astmasi boʻlsa;
- Surunkali kasallikka chalingan boʻlsa;
- Yosh bolalar bilan ishlashni taqozo qiluvchi kasb bilan shugʻullansa;
- Kasalxonalarda yoki qariyalar uylarida ishlasa;
- Immuniteti past boʻlsa.
Homiladorlikda pnevmoniya davosi
Homiladorlik pnevmoniyasini davolash infeksiya sababchisi virus yoki bakteriya ekanligiga bogʻliq.
Homiladorlik davrida virusli pnevmoniyani davolashning koʻp usullari xavfsiz hisoblanadi va pnevmoniya kasalligi dastlabki bosqichda aniqlansa, virusga qarshi dori-darmonlar orqali bartaraf etish mumkin. Baʼzi hollarda shifokor tomonidan kislorodli terapiya qoʻshimcha ravishda buyuriladi.
Bakterial pnevmoniya esa shifokor tavsiyasiga koʻra berilgan antibiotiklar orqali davolanadi.
Qiziqarli: Homiladorlikda qorinda bo’ladigan o’zgarishlar
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Homilador ayolda pnevmoniya belgilari paydo boʻlishi bilanoq shifokorga murojaat qilish kerak. Shunda kasallik tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli asoratlar oldi olinadi.
Shifokor sizdan kasallik alomatlar haqida soʻrashdan tashqari:
- Fonedoskop bilan oʻpkalarni tekshiradi;
- Oʻpkani rentgendan oʻtkazadi;
- Balgʻamdan namuna oladi.
Pnevmoniyaning ogʻir darajasi aniqlansa, kasalxonada yotib davolanish soʻraladi. Agar homilador ayol quyidagi alomatlarga duch kelsa, u darhol 103 yoki mahalliy tez yordam raqamiga qoʻngʻiroq qilishi kerak:
- Koʻkrak ogʻrigʻi;
- Nafas olishning qiyinlashishi;
- 12 soatdan ortiq davom etadigan yuqori isitma (38 C ° yoki undan yuqori) hamda davomiy qayt qilish.
Kasalliklar