Homiladorlik testi — qachon va qanday qilinadi, qoidalari, noto’g’ri natija berishi

Homiladorlik testi — qachon va qanday qilinadi, qoidalari, noto’g’ri natija berishi

Homiladorlik testi yaratilguniga qadar insoniyat homiladorlik boshlanganligini taxmin qilish uchun turli usullarini qo’llagan. Bularga ayol siydigini sharob, turli xil qo’shimchalar bilan aralashtirishda uning xususiyatlari o’zgarishi, donlarni ivitish va boshqa ko’plab usullar kirgan.

svg%3EHomiladorlik testi haqida ma'lumot

Xususan, homilador ayol peshobi quyilgan bug’doy yoki tariq donlari tezroq unib chiqqan, bu nafaqat homiladorlik boshlanganligini, balki homila jinsini aniqlash imkonini ham bergan. XX asrning 70-yillarida testni takrorlash homiladorlikni aniqlashni ushbu usulining 70% li samaradorligini ko’rsatdi.

Zamonaviy homiladorlikni aniqlash uchun test, turli birikmalar va donlar bilan uzoq tajribalar o’tkazmasdan, yangi hayot boshlanishini yuqori ehtimollik bilan aniqlash imkonini beradi. Ekspress-diagnostika uchun testlarning xilma-xilligi — homiladorlik testi qachon va qanday qilinishi, natijani qanday tushunish va qanday testlardan foydalanish yaxshiroq ekanligini bilishni talab qiladi.

Homiladorlik testi ishlash tamoyili

Diagnostika usullarini modernizatsiyalashganiga qaramay, sinov uchun material o’rta asrlarda bo’lgani kabi bir xil bo’lib qolmoqda. Siydik tarkibida odam xorionik gonadotropini (OXG) mavjud bo’lib, homiladorlikni qon tahlili orqali tashxislashda aynan shu gormon konsentratsiyasi baholanadi.

Venoz qonda OXG gormoni xorion kiprikchalarining bachadon devorlariga kiritilgandan 2-3 kun o’tgach aniqlanadi. Xorionik gonadotropinning siydikdagi kontsentratsiyasi ko’pgina testlar uchun yetarli bo’lgan darajaga uning organizmda ishlab chiqarish jarayoni boshlanganidan bir hafta o’tib yetadi.

Agar siydikda OXG konsentratsiyasi testning sezuvchanligi darajasi uchun yetarli bo’lgan miqdorda bo’lsa, test yuzasidagi kimyoviy preparat va gormon o’rtasida kimyoviy reaktsiya boshlanadi. Agar siydikda gormon mavjud bo’lmasa yoki uning konsentratsiyasi yetarli darajada bo’lmasa, reaktsiya yuzaga kelmaydi va natija salbiy bo’ladi.

Sotuvda mavjud bo’lgan testlarning o’rtacha sezgirligi 25 mUi ni tashkil qiladi, OXG bu ko’rsatkichga odatda, urug’lantirilgandan keyin ikki hafta o’tib yetadi. Yuqori sezuvchanlikka ega bo’lgan testlar gormon miqdori kamroq bo’lganda reaktsiya beradi va homiladorlikni oddiylariga qaraganda 3-4 kun oldinroq aniqlay oladi.

Muntazam hayz siklida

Agar hayz sikli muntazam va qon kelishi boshlanishi orasidagi kunlar doimiyligi deyarli bir xil bo’lsa, ovulyatsiya kunini hisoblash qiyin emas. Tuxum hujayrasining chiqishi hayz siklining o’rtasida (standart 28 kun bo’lsa — 14-kunda) sodir bo’ladi.
Ovulyatsiya nima va u sodir bo’ladigan kunni aniqlash haqida batafsil→

Tuxum hujayrani uning uch kunlik hayot sikli davomida urug’lantirish mumkin. Tuxum hujayra va spermatozoidning birlashish jarayonidan keyin urug’lantirilgan tuxum hujayra 4-5 kun davomida bachadon bo’ylab implantatsiya joyigacha migratsiya qiladi, shundan so’ng OXG ishlab chiqarish boshlanadi. Agar urug’lantirishga 2 kun, urug’lantirilgan tuxum hujayraning migratsiyasi uchun 4 kun vaqt ketsa va siydikda gormon konsentratsiyasi yetarli darajaga yetishi uchun ketadigan vaqt hisobga olinsa, yuqori sezuvchan testlar ovulyatsiyadan 10 kun keyin, ya’ni o’rtacha 28 kunlik sikl bo’lganda hayz siklining 24-kunida homiladorlikni ko’rsata olishi mumkin. Yanada ishonchliroq ma’lumot olish uchun, mutaxassislar yuqori sezuvchan homiladorlik testini ovulyatsiyadan 12 kun o’tib, oddiy sezuvchan testlarni esa ovulyatsiyadan 15-16 kun o’tib o’tkazishni tavsiya etishadi.

Nomuntazam hayz siklida

Agar hayz sikli muntazam bo’lmasa, menstruatsiyalar orasidagi kunlar o’zgaruvchan bo’lsa, testdan foydalanish vaqti ovulyatsiya sanasiga bog’liq bo’ladi.

Ovulyatsiyani sub’yektiv tuyg’ular (ba’zi ayollarda tuxumdonlardan biri tomonda xarakterli sanchish hissi, kengayish hissi, shish, sezuvchanlik, kayfiyatdagi o’zgarishlar kuzatiladi), shuningdek bazal haroratni o’lchash va ovulyatsiyani aniqlash uchun testini qo’llash yordamida aniqlash mumkin.
Ovulyatsiyani bazal haroratni o’lchash orqali aniqlash→

Ovulyatsiya boshlanishi va urug’lantirish sodir bo’lgan ehtimol kun aniqlangach, homiladorlik testi belgilangan kundan 15 kun o’tib ishlatiladi.

Homiladorlik testi qachon qilinadi

Ko’pgina zamonaviy testlar kunning qaysi vaqtida o’tkazilishini cheklamaydi: ulardan ertalab, kunduzi, tunda foydalanish mumkin. Biroq mutaxassislar, ko’p miqdorda suyuqlik iste’mol qilingandan keyin siydikda OXG konsentratsiyasi tabiiy ravishda kamayishi mumkinligini hisobga olgan holda, homiladorlik testini ertalab o’tkazishni tavsiya qiladi va bunda birinchi siydik qismi kechki uyqudan keyingi bo’lishi kerak, ayniqsa, homiladorlik muddati kichik bo’lgan hollarda.

Kun davomida organizmga suyuqlik kirganda, gormon konsentratsiyasi pasayadi. Ovulyatsiyadan 18 kundan ortiq vaqt o’tganidan keyin bu unchalik ham muhim emas, ammo ovulyatsiya muddati doimo ham taxmin qilingan kunga to’g’ri kelmaydi. Yanada aniqroq ma’lumot olish uchun mutaxassislarning tavsiyalariga rioya qilish yaxshiroq, agar homiladorlik testi kunduzi yoki kechqurun o’tkazilishi zarur bo’lsa, test OXG konsentrasiyasi darajasini saqlab turish uchun 4 soat hojatga chiqishdan va suyuq mahsulotlar iste’mol qilishdan saqlanib, shundan so’ng bajarilgani yaxshi.

Homiladorlik testidan foydalanish qoidalari

  • Ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilgan testlarni saqlash qoidalariga amal qilish kerak.
  • Shikastlangan o’ramdagi testdan foydalanish tashxis natijalarini buzishi mumkin. O’ram bevosita o’tkazilishdan oldin ochiladi.
  • Yaroqlik muddati tugagan testdan foydalanish xato natijalarga olib keladi.
  • Sinov o’tkazish uchun maqbul vaqt — ertalab, tungi uyqudan keyin.
  • Agar test oqimli bo’lmasa, siydikni to’plash uchun toza idish ishlatish talab etiladi.
  • Sinovdan oldin tashqi jinsiy a’zolarni yuvish bilan gigienik muolajalarni o’tkazish tavsiya etiladi.
  • Foydalanish bo’yicha ko’rsatmalarga qat’iy rioya qilish kerak.

Foydalanish yo’riqnomasi

Ekspress-testlarning turli xillari mavjud. Har bir turdagi test foydalanish yo’riqnomasi bilan birga beriladi, ulardan foydalanish qoidalarini buzish ko’pincha noto’g’ri ko’rsatkichlar paydo bo’lishiga olib keladi.

Homiladorlikni aniqlash kerak bo’lganda, test ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan vaqtda qo’llaniladi. Agar hayz kechikishining dastlabki kunlaridan boshlab testni o’tkazish tavsiya etilsa, unda reagentning sezuvchanligi yoki o’ziga xos xususiyatlari homiladorlikni belgilangan vaqtdan oldinroq aniqlay olishi ehtimoli mavjud, lekin ko’pincha faqatgina hayzning belgilangan kunlarida aniq natijalar olish mumkin bo’ladi.

Testning narxi ko’pincha uning ishonchliligi bilan bevosita bog’liq: narxi qanchalik arzon bo’lsa, kimyoviy reagentning tannarxi va ishlab chiqarish qiymati past bo’ladi, bunga mos ravishda noto’g’ri natijalar ehtimoli ko’proq bo’ladi. Bugungi kunda sotuvda testlarning to’rtta modifikatsiyasi eng keng tarqalgan, har bir turi o’z xususiyatlariga va foydalanish bo’yicha ko’rsatmalarga ega. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar turli tipdagi testlarni yagona brend ostida chiqaradilar (Evitest, Frautest va hokazo), sotib olayotganda uning turiga e’tibor berish kerak.

Chiziqcha (strip) test

Strip-test — homiladorlikni tashxislash uchun mustaqil ishlatish va natijalarni tezkor olish uchun dastlabki variantlaridan biridir. Eng keng tarqalgan va arzon variant Itest Plus.

Reagentalr bilan singdirilgan qo’shimcha ichki qavatli qog’oz-plastikli testlar siydik bilan aloqa qilganda bir yoki ikkita joyida bo’yaladi. Bitta chiziq testning ishlayotganligini tasdiqlaydi, ikkita chiziq esa homiladorlikni tasdiqlash uchun odam xorionik gonadotropin gormonining yetarli kontsentratsiyasi mavjudligini ko’rsatadi.

Foydalanish qoidalari: birinchi ertalabki siydikni toza idishga to’plab, testni belgilangan chegaragacha suyuqlikka tushiring, suyuqlikda kerakli muddat ushlab turing (odatda 20-30 soniya), so’ng chiqarib olib, quruq gorizontal yuzaga qo’ying.

Tashxis natijalari gormon konsentratsiyasiga qarab 1 dan 10 daqiqagacha bo’lgan davrda namoyon bo’ladi. Ba’zi testlar shuningdek, nazorat chizig’ining bo’yalganligi darajasini o’zgartirishi mumkin — rangi qanchalik ochroq bo’lsa, homiladorlik muddati shunchalik kamroq bo’ladi.

Planshet tipli testlar

Planshetli testlar strip-testlar bilan bir xil ishlash tamoyiliga asoslanadi: yuzaning ma’lum qismi siydik bilan aloqa qilganda reagent va OXG gormoni o’rtasida kimyoviy reaktsiya sodir bo’ladi. Xatolik ehtimolini kamaytirish uchun suyuqlik miqdori dozlanadi, aloqa joyi esa maxsus oynacha bilan cheklangan bo’ladi.

Yo’riqnomaga ko’ra, ilova qilingan toza idishga siydik to’plash, keyin pipetka yordamida olib, planshet-testning kichik oynachasiga 4 tomchi tomizish kerak. Natijalar keyingi oynada baholanadi: turiga qarab, bir yoki ikki chiziqcha hosil bo’ladi.

Oqimli test

Ushbu turdagi test eng aniq va sezgirlardan biri hisoblanadi, shuningdek, qo’shimcha qurilmalar va manipulyatsiyalarni talab qilmaydi. Test siydik oqimi ostida 10 soniya davomida ushlab turiladi (zarur bo’lsa, siydikni avval idishga to’plab, testni tushirish ham mumkin).

Natijalar gormon konsentratsiyasiga qarab, 1 dan 10 daqiqa oralig’ida baholanadi. Yuqoridagi variantlardan farqli o’laroq, oqimli testlar menstruatsiya boshlanishi kutilganidan 5 kun oldin qo’llanilishi mumkin.

Elektron

svg%3EHomiladorlikni aniqlash uchun elektron test

Oddiy testlarning elektron modifikatsiyasi. Test OXG gormoni kontsentratsiyasini baholaydi va siydik ichiga botirilishni talab qiladi, ammo natija (sinov turiga qarab) elektron mini-displeyda ko’rsatiladi yoki USB-port orqali ulangan kompyuter ekranida paydo bo’ladi.

Natijalarni noto’g’ri talqin qilish imkonsizligi tufayli bu variant eng yaxshi deb hisoblanadi. Biroq, raqamli testlarning sezuvchanligi oqmili testlar bilan bir xil: ulardan hayz ko’rish kutilgan sanadan 3-4 kun oldin foydalanish mumkin. Hayz boshlanishidan 2 kun oldin bajarilganda, 99% aniqlikkka kafolat beriladi.

Testining noto’g’ri natija berishi

Ko’pgina holatlarda testlar kam sezuvchan bo’lsa, juda erta qo’llanilsa yoki saqlash va foydalanish bo’yicha ko’rsatmalarga rioya qilinmasa, noto’g’ri natija ko’rsatishi mumkin. Shuningdek kech ovulyatsiya va kech urug’lantirilish hollarida ham homiladorlik testi salbiy natija ko’rsatishi mumkin — bunday vaziyatda gormonal fon hayz sikliga mos ravishda kutilganidan sekinroq o’zgaradi.

Endokrin tizim kasalliklari, gormonal fon buzilishlari ham test-tashxis salbiy natija berishiga olib keladi. Homila tushishi xavfi uchun OXG gormonining homiladorlik muddatiga mos kelmaydigan ravishda o’sishi xarakterlidir, bu esa, OXG konsentratsiyasi ikkita chiziq ko’rsatishi uchun yetarli bo’lishi kerak bo’lgan muddatda ham testda bitta chiziq ko’rsatilishiga sabab bo’ladi. Ba’zi manbalarda sinovni o’tkazishdan oldin ko’p miqdorda suyuqlik ichish natijalarda xatolikka olib kelishi qayd qilingan.

Homiladorlik paytida faqat birinchi trimestrda testlardan foydalanish mumkinligini unutmnaslik kerak. OXG gormoni konsentratsiyasi butun homiladorlik davomida saqlanib turmaydi, bu esa kazusga olib keladi: agar homiladorlik testi homiladorlikning 2-3 oyligidan keyingi muddatda o’tkazilsa, natijalar salbiy bo’ladi.

svg%3EHomiladorlik testining xato natija berishi

Homiladorlik bo’lmaganda testning ijobiy natija ko’ratishi

Homilador bo’lmagan ayollarda testning ijobiy natijalari teskari holatdagi holatlardan kamroq kuzatiladi va ko’p hollarda kasalliklar mavjudligidan dalolat beradi (tuxumdonlar disfunktsiyasi, gormonlar ishlab chiqaruvchi reproduktiv a’zolarda o’sma shakllanishi va boshqalar). Sinov noto’g’ri natija ko’rsatishi shuningdek tug’ruqdan keyingi dastlabki ikki oyda va testning yaroqlik muddati o’tgan hollarda ham qayd qilinadi.

Hayz vaqtida

Ba’zi ayollarda homiladorlik menstruatsiyaga o’xshash ajralmalar ajralishi bilan kechadi va u normal mensturatsiyada kuzatiladigan belgilar, uning miqdori va kelish vaqtiga mos keladi. Odatda, ajralmalar kelishi birinchi trimestrda tugaydi, biroq, bunday hodisalarning butun homiladorlik davrida namoyon bo’lishi hollari kuzatilgan. Bunday holatlarda qon tahlili bo’yicha tashxislashga murojaat qilish tavsiya etiladi, ammo testlardan foydalanish ham mumkin.

Har qanday test siydikdagi gormon konsentratsiyasini baholashga asoslangan va unga hayz ajralmalarining tushishi testning samaradorligiga ta’sir qilmaydi.
Homiladorlik davrida hayzga o’xsash ajralmalar kelishi haqida batafsil→

Agar test natijalari shubha uyg’otsa

Ba’zan ekspress-tashxis natijalarini tushunish oson emas: ikkinchi ko’rsatkich-chiziq biroz sezilarli, testning ichki tomonidan ko’rinadigan bo’lishi mumkin. Ba’zan bu arzon, qog’ozdan tayyorlangan sifatsiz testlar tufayli yuzaga keladi: reagent nam bo’lganda, quruq shaklga qaraganda sezilarliroq bo’ladi.

Ko’rinarli, lekin rangi juda och bo’lgan chiziq ko’pincha OXG past darajada ekanini ko’rsatadi, bu esa testning sezuvchanligi uchun yetarli emas. Bunday holatda, sinovni 1-2 kundan keyin qayta o’tkazish yoki boshqa, sezuvchanligi yuqoriroq bo’lgan testni ishlatish yaxshiroqdir.

Yetarli darajada bo’yalmagan chiziq testni noto’g’ri saqlash, foydalanish ko’rsatmalarning buzilishi natijasida ham kuzatilishi mumkin. Har holda, sinovni takroran o’tkazish va/yoki OXG uchun qon tahlili topshirish tavsiya etiladi.

Bachadondan tashqari yoki rivojlanmayotgan homiladorlikda

Bachadondan tashqari (ektopik) va/yoki rivojlanmayotgan homiladorlikda o’tkazilgan test natijalari ijobiy bo’ladi: kutilayotgan hayz kunlarida ko’pincha testda ikkinchi chiziq mavjudligi qayd etiladi. Ammo bunday hollarda gormon darajasining o’sishi yuz bermaydi, homiladorlik testi qayta o’tkazilganda chiziq rangi ochroq bo’lishi yoki umuman ko’rinmasligi mumkin, bu esa darhol shifokorga murojaat qilishni talab qiladi.

Homiladorlik
Homiladorlik testi — qachon va qanday qilinadi, noto’g’ri natija berishi, qoidalari