Homiladorlik belgilari va ilk alomatlari. Homiladorlikni aniqlash usullari haqida malumot
Homiladorlik belgilari, uning dastlabki alomatlari har bir ayolda turlicha bo‘ladi. Homiladorlik bo‘lishni orzu qilib yashayotgan har bir ayol bu alomatlarni bilib, o‘zida tezroq his etishni istaydi. Axir, homiladorlik davri bu juda ajoyib hamda o’zgacha bir payt hisoblanadi.
Homiladorlik belgilari o‘ziga xos xarakterli simptomlar bilan o‘zini namoyon qiladi, bular homiladorlikning har qanday bosqichlarida turlichadir. Organizmning individual xususiyatidan kelib chiqqan holda turlicha kechadi. Ushbu maqola orqali homiladorlik belgilari va alomatlari, homiladorlikni aniqlash usullari kabi mavzularga batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Homiladorlik alomatlari va birlamchi belgilari
Ayol homiladorligini qancha erta aniqlasa, shuncha ko‘proq vaqt malakali maxsuslashgan tibbiy tekshiruvlardan o‘tishga imkoni bo‘ladi. Tuxum hujayra urug‘langandan keyin ayol organizmida qator gormonal o‘zgarishlar kuzatiladi, bularni organizmga quloq solib aniqlasa bo‘ladi.
Quyidagi belgilarni oʻzingizda sezsangiz, homiladorlikka shubha qilishingiz va homiladorlikni tasdiqlash uchun uy sharoitida homiladorlik testini oʻtkazishingiz mumkin.
- Hayz kelmasligi. Ushbu simptom haqida barcha ayollar bilishadi. Tuxum hujayra urug‘lanishidan so‘ng hayz siklining (menstrual sikl) cho‘zilishi kuzatiladi, chunki bachadon endometriysi endi homilaning platsentasi hosil bo‘lishi uchun sarflanadi. Ammo ayrim kasalliklarda ham hayz siklining uzayib ketishi mumkinligini unutmaslik lozim.
- Sut bezlarining kattalashishi va og‘riqli bo‘lishi. Sut bezlari gormonal o‘zgarishlarga juda sezuvchan bo‘ladi. Homiladorlikning ilk kunlarida bezlar kattalashgan so‘rg‘ichlar og‘riqli bo‘ladi.
- Ko‘p siyish. Homiladorlik boshlanganda ayolda ko‘p siydik ajralishi kuzatiladi. Ushbu holat XGT (xorionik gonadotropin gormoni) ko‘p ishlab chiqarila boshlangandan dalolatdir. Siydik qopi to‘lmasa ham kechqurunlari ko‘p marta hojatxonaga chiqish kuzatiladi. Bundan tashqari, homiladorlikda siydik rangi oʻzgarishi ham mumkin.
- Tam bilishning o‘zgarishi. Gormonlar ayol organizmining ta’m bilish xususiyatlarini o‘zgartirib yuborishi natijasida, oldin yoqtirmagan ta’mlarni yoqtirib qolishi mumkin. Bundan tashqari, og‘izda metal mazasini sezish ham homiladorlikning ilk belgilari hisoblanadi.
- Holsizlik va uyquchanlik. Bu simptom organizmda moddalar almashinuvi tezlashganligi sababli organizm charchab qolishi va progesteron gormonining uyquchanlik chaqirishi sababli kuzatiladi.
- Ko‘ngil aynashi. Ushbu simptomlarning paydo bo‘lishi ko‘pincha homilaning 1,5 oylik davrlaridan boshlanadi, ba’zi ayollarda urug‘langan so‘ng ham kuzatilishi mumkin. Shuni yodda saqlash zarurki, ko‘ngil aynishiga oshqozon ichak trakti kasalliklari ham sabab bo‘lashi mumkin.
Nima uchun homiladorlikni erta aniqlash ahamiyatli?
Homiladorlikni boshida kechirayotgan har bir ayol homiladorlikni ilk belgilari qanday ekanligini bilishi muhimdir. Chunki:
- Ayol organizmi reproduktiv jihatdan homilaning yetilishiga tayyor boʻlmasa;
- Patologik rivojlanish (bachadondan tashqari homiladorlik) xavfi katta boʻlsa;
- Homilada genetik va tugʻma nuqsonlar aniqlansa;
- Tibbiy koʻrsatma boʻyicha homiladan qutulish zarurati boʻlsa, ayolning hayotini saqlab qolish uchun unga xavf solishi mumkin boʻlgan holatlarni erta aniqlash va oldini olish uchun kerak boʻladi.
Homila necha kunda bilinadi yoki homiladorlik ilk belgilari qachon seziladi?
Bu ayolning individual xususiyatiga bog‘liq. Odatda, erta belgilar urug‘langandan so‘ng 8-9 kun ichida seziladi.
Homiladorlikning ikkilamchi belgilari
- Homiladorlik belgilari sifatida bazal temperaturaning oshishi;
- Progesteron gormoning ko‘plab ishlab chiqarilishi natijasida tana harorati 37 gradusgacha ko‘tarilishi mumkin;
- Chanoq sohasida og‘irlik hissini sezish — ushbu sohada qon aylanishi ko‘payadi, ayol bosim va og‘irlikni seza boshlaydi.
- Uyqusizlik — charchash hissi ko‘pincha asab qo‘zg‘aluvchanligiga olib kelishi natijasida uyqusizlik kuzatilishi mumkin.
- Belda og‘riq sezish — bel sohasida simmilovchi og‘riqlarni sezish mumkin. Ammo buyrak kasalliklarida ham og‘riq kuzatilishi mumkin.
- Bosh og‘rig‘i — gormonal o‘zgarishlar asab tizimiga ta’sir qilganligi sababli bosh og‘rish kuzatilishi mumkin.
- Ishtahaning ochilishi — moddalar almashinuvi tezlashuvi fonida ishtaha ochiladi.
- Hid bilish va ta’m bilishning kuchayishi — agar oldinlari ayol ba’zi hidlarga e’tibor bermagan bo‘lsa, homiladorlikda hidlarga sezuvchanligi ortadi.
- Qo‘zg‘aluvchanlik va kayfiyatning o‘zgarishi — ko‘pchilik ayollar jaxldor va kayfiyati tez-tez o‘zgarib turuvchi bo‘lib qolishadi.
- Implantatsion qon kelish — urug‘langan tuxum hujayraning bachadon shilliq qavatiga birikish paytida ayol qinidan qon aralash suyuqlik kelishi homiladorlikning ikkilamchi alomatlaridan biri hisoblanadi;
- Tana vaznining o‘zgarishi — ayol organizmi homilani ozuqa bilan ta’minlab berishi uchun tana vazni ortishi kuzatiladi.
- O‘tirgan vaqtda noqulaylik — chanoq bo‘shlig‘iga qon kelishi ko‘payganligi sababli bo‘ladi.
- Yuz, qo‘l va oyoqlarning shishi — homiladorlikda organizm ko‘proq suyuqlik ushlab qolishga harakat qiladi. Su sababdan ham yuz, qo‘l, oyoqlarda turli darajadagi shishlar kuzatiladi.
- Yuzdagi har xil toshmalar — ayol oldinlari terisi bilan hech qanday muammolar bo‘lmagan bo‘lsada, homiladorlikda yuzda husnbuzarlar (ugri) toshadi. Bu gormonal disbalans bilan tushuntiriladi.
- Qorin dam bo‘lishi — gormonlarning ichakka yumshatuvchi ta’siri natijasida ichaklarda meteorizm kuzatiladi.
- Ko‘krak sohasida venoz qon tomirlar surati kuchayishi — homiladorlik boshlangandan so‘ng organizm uni oziqlantirish uchun ham tayyorlanib boradi, vezon qon tomirlar surati laktatsiya jarayoni boshlanayotganligidan dalolatdir. Ko‘krak so‘rg‘ichi rangi ham to‘qlashadi.
- Yuz terisining rangi qizarishi — gormonlarning kapillyarlarga ta’siri natijasida qon tomirlar kengayadigan bo‘lib qoladi.
- Qorinning oq chizig‘ida pigmentatsiyaning buzilishi — homilador ayollar uchun xarakterli bo‘lgan simptom kindikdan qov simfizigacha hosil bo‘lgan “yo‘lakcha” paydo bo‘ladi.
- Immunitetning susayishi — homiladorlik paytida immun sistema sustlashganligi sababli ayol organizmi oddiy O‘RVI va shamollashlarga duchor bo‘lishi oson bo‘lib qoladi.
Ovulyatsiyadan keyin homiladorlik yuz berishi mumkinmi?
Ovulyatsiyadan keyin homilador boʻlish ehtimoli juda ham kam. Ovulyatsiya yuz bergandan keyin tuxum hujayra 12-24 soat ichida urugʻlanishi mumkin. Lekin undan soʻng tuxum hujayra urugʻlanish uchun yaroqsiz hisoblanadi. Shuning uchun, homiladorboʻlishni istagan ayollar, albatta, ovulyatsiya kunini bilishi, hayz siklini nazorat qilib borishi lozim. Homiladorlikni rejalashtirayotgan juftliklarga ovulyatsiyadan oldingi fertil kunlarda hamda ovulyatsiya kunida jinsiy aloqada boʻlish tavsiya etiladi.
Hayz siklingizni nazorat qilmasangiz, shuningdek ovulyatsiya kuningizni aniq bilmasangiz homiladorlikni rejalashtirish qiyin boʻlishi mumkin.
Emizikli ayolda homiladorlik alomatlari va belgilari
Yosh ayol yangi tug‘ilgan chaqaloqni emizikli davrida bo‘lsa, u quyidagi homiladorlik belgilari yoki o‘zgarishlarni sezsa, homiladorlik boshlangan bo‘lishi mumkin:
- Sut tarkibining o‘zgarishi. Gormonlar ta’siri ostida ona suti tarkibi o‘zgarib bola sutni emmay qo‘yadi;
- Sut bezlarida sut kelishining kamayishi;
- Emizayotgan paytdagi noqulayliklar. Gormonlar ta’siri ostida sut bezlari qattiqlashadi, so‘rg‘ichlar qo‘pollashadi va kattalashadi.
Yuqoridagi belgilardan tashqari, umumiy holsizlik, uyquchanlik va hissiy tanglik kabi alomatlar ham kuzatilishi mumkin.
Qanday holatlarda homiladorlik patologiya bilan kechayotgan bo‘lishi mumkin?
- Kuchli og‘riq hissini sezish. O‘ng yoki chap qovurg‘a osti sohalarida vaqti-vaqti bilan kuchli takrorlanib turuvchi og‘riq sezilsa;
- Qindan takrorlanib turuvchi og‘riq bilan keluvchi qonli suyuqliklar ajralsa;
- Homiladorlik belgilarining o‘z vaqtida paydo bo‘lmasligi kuzatilsa, homiladorlik patologiya bilan kechayotgan bo‘lishi mumkin.
Ushbu alomatlar quyidagi asoratlarning rivojlanishini ko‘rsatishi mumkin:
- Ektopik homiladorlik ya’ni bachadondan tashqari homiladorlik;
- Spontan abort (homila tushishi);
- Homila rivojlanishining kechikishi.
Homila qachon bachadonga tushadi?
Homiladorlikning ilk kunlarida ayol tuxum hujayralarining urug‘lantirilishi, uning bo‘linishi va embrionga aylanishi amalga oshiriladi. Ushbu davrda homiladorlik alomatlari sezilmasligi mumkin.
Agar sperma tuxum hujayra ichiga kirsa, urugʻlanish yuzaga keladi. Soʻngra bachadon naychasi orqali urugʻlangan tuxum hujayra (zigota) naycha orqali bachadon tomon yoʻnaltiriladi. Zigota bachadon naychasi boʻylab harakatlanarkan, zigota hujayralari qayta va qayta boʻlinadi. Zigota bachadonga 3 kundan 5 kungacha muddatda yetib boradi.
Bachadonda ham hujayralar boʻlinishni davom ettiradi va blastotsista deb ataladigan hujayralar toʻplamiga aylanadi. Urugʻlangandan taxminan 6 kun oʻtgach, blastotsista bachadon shilliq qavatiga yaqinlashadi va implantatsiya yuz beradi hamda uning oʻsishi boshlanadi. Implantatsiya deb ataladigan bu jarayon 9 yoki 10-kunga qadar yakunlanadi. Implantatsiyadan keyingi 8 hafta davomida u embrion deb ataladi. Toʻqqizinchi haftadan boshlab, to tugʻilishgacha u homila deb nomlanadi.
Homiladorlikni aniqlash usullari
Zamonaviy, ixtisoslashtirilgan diagnostika usullari homiladorlikning beshinchi kunidan boshlab, homiladorlikni aniqlash imkonini beradi. Homiladorlikning uch kunlik belgilarini deyarli aniqlash imkonsizdir.
Homiladorlik testi va belgilari
Farzandli boʻlishni rejalashtirayotgan koʻpgina ayollar, oʻzlarida homiladorlikning ilk belgilarini sezishlari bilan uy sharoitida homiladorlikni aniqlash uchun, odatda, homiladorlik testlaridan foydalanishadi. Chunki, bu testlar ham foydalanishga qulay ham ishonchliligi bilan ajralib turadi. Testni oʻtkazish qoidalariga rioya qilinsa, albatta, toʻgʻri va aniq natijaga erishish mumkin.
Xoʻsh, homiladorlik testi necha kunlik homilani aniqlaydi? Maʼlumotlarga koʻra, hayz sikli muntazam boʻlgan ayollar homiladorlik testini navbatdagi hayz kelish muddatining ilk kunlaridan oʻtkazishlari mumkin. Va homiladorlik muddati oʻrtacha hisobda, taxminan, toʻrt haftalik hisoblanadi.
Agar navbatdagi hayz kelishi muddatini aniq bilmasangiz yoki nomuntazam hayz davriga ega boʻlsangiz, oxirgi himoyasiz jinsiy aloqaga kirishgan kuningizdan kamida uch hafta oʻtib, test oʻtkazish maqsadga muvofiqdir.
Homiladorlik testi turlari, toʻgʻri foydalanish qoidalari haqida batafsil maʼlumot olishni istasangiz mana bu maqolani ham oʻqing: Homiladorlik testi →
Ginekologik tekshiruvda homiladorlik alomatlari
Ginekologik tekshiruvlar natijasida, ginekolog homiladorlik davri davomida yuzaga keladigan belgilarni aniqlashi mumkin.
- Bachadon hajmining kattalashishi va konsistensiyasi o‘zgarishi;
- Tashqi jinsiy a’zolarning rangi o‘zgarishi;
- Bachadon harakatchanligi oshishi;
- Bachadonning siljishi.
Qachondan homiladorlik belgilari UTT (UZI) — ultratovush tekshiruvi orqali aniqlanadi?
Homiladorlik belgilarini aniq ko‘rsatib beruvchi tekshiruv usulidir. Ultratovush tekshiruv (UTT) homiladorlikning 3-haftasidan boshlab aniqlab beradi. Tekshiruv abdominal yoki transvaginal datchiklar yordamida o‘tkaziladi. UTT dan tashqari, hayz davrining 20-kunida homiladorlikning belgilari ekspress usullar yordamida aniqlash ham mumkin.
Uy sharoitida homiladorlikni aniqlash usullari
Baʼzida ayollar uy sharoitida homiladorlikni aniqlash uchun eng qulay usul — homiladorlik testi boʻlgan taqdirda ham ilmiy jihatdan isbotlanmagan ayrim bir usullardan foydalanishadi. Masalan, yod, tuz, soda kabi moddalar orqali. Bu kabi usullar ham koʻp soʻralayotganligi tufayli ushbu savolga ham qisqacha toʻxtalib oʻtishga qaror qildik.
Homiladorlikni soda bilan aniqlash
Isteʼmol sodasi bilan homiladorlikni aniqlashda gʻoya shundan iboratki, siydikdagi XG soda bilan reaksiyaga kirishib, qotib qoladi yoki pufakchalar hosil qiladi.
Buni sinab koʻrish uchun taxminan teng miqdordagi isteʼmol sodasiga ertalabki yigʻilgan peshob qoʻshiladi. Va bir necha daqiqa kutiladi. Agar sodaga hech narsa qilmasa, oʻzgarish sezilmasa, ayol homilador emas. Agar u qotib choʻksa yoki pufakchalar paydo boʻlsa, ayol homilador hisoblanadi. Boshqa koʻplab uy sharoitida homiladorlikni aniqlash usullarida boʻlgani kabi, ushbu test samaradorligining ham ilmiy dalillari mavjud emas.
Homiladorlikni yod bilan aniqlash
Toza idishga siydigingizni solasiz. Soʻng unga 2 tomchi yod quyasiz. Agar yod shu zahoti erib ketsa, homiladorlik mavjud emas, yod bir necha soniya erimay tura olsa, hamda tarqalmasa, homiladorlik yuz bergan hisoblanadi.
Tuz bilan homiladorlikni aniqlash
Osh tuzi orqali homiladorlikni uy sharoitida aniqlash uchun tuz va siydik teng miqdorda olib, aralashtiriladi. Masalan, 1 osh qoshiq tuzga 1 osh qoshiq siydik qoʻshiladi. Aralashmani bir necha daqiqaga qoʻygandan soʻng, agar tuz erisa, natija manfiy. Agarda u toʻplanib qolsa, ayol homilador hisoblanadi. Ushbu usuli ham hech qanday ilmiy dalillarga asoslanmagan.
Uyda sharoitida bajariladigan ushbu usullar tasodifan homiladorlik testi bilan bir xil natijani berishi mumkin. Ikkala usuldan ham bir xil natija olish, uy sharoitidagi soda, tuz, yod bilan oʻtkaziladigan usullarning toʻgʻri va ishonchli ekanligini unutmasligingiz lozim. Shuning uchun ham homiladorlik alomatlari sezila boshlasa, tavsiya etilgan muddatda ishonchli boʻlgan homiladorlik testini oʻtkazishingiz maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Homiladorlikda hayz kelishi mumkinmi?
Homiladorlik ilk davrlarida qonli ajralmalar kelishi hayz koʻrishiga oʻxshaydi. Ayol miyasiga birinchi navbatda “homiladorlik vaqtida hayz koʻryapman” degan fikr keladi. Ammo bu holat hayz koʻrish emas, qon ketish deb ataladi.
Bu holatga tabiiy jarayonlar hamda baʼzi jiddiy patologik omillar sabab boʻlishi mumkin. Masalan, erta qon ketishlarga yuqorida taʼkidlaganimiz, urugʻlangan tuxum hujayraning bachadonga yopishishi — implantatsiya jarayoni sabab boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, baʼzida progesteron yetishmovchiligi yoki erkaklar gormonlari — androgenlarning koʻpligi ham erta muddatlarda qon ketishiga olib keladi.
Qonli ajralmalar kelishining patologik sabablari quyidagilar boʻlishi mumkin:
- Homiladorlik toʻxtashi xavfi;
- Oʻsishdan toʻxtagan homila;
- Bachadondan tashqari homiladorlik.
Sanab oʻtilgan patologik holatlar ayol organizmi uchun xavfli hisoblanadi. Homiladorlik vaqtida ayolning umumiy ahvoli yomonlashsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.
Homiladorlik belgilari paydo bo‘lsa, ayol nima qilishi kerak?
Agar jinsiy munosabatdan keyin homiladorlik belgilarini o‘zingizda sezsangiz, birlamchi tasdiq uchun homiladorlik testini o‘tkazib, ginekolog huzuriga borishingiz lozim. Homiladorlik tasdiqlansa va bo‘lajak ona sifatida homilani saqlab qolmoqchi bo‘lsangiz, mahalliy shifoxonadan ro‘yxatga yoziling. Bolani dunyoga keltirish juda katta ma’suliyatdir, shuning uchun har qanday zararli odatlardan vos keching, ovqat ratsionini esa, foydali mahsulotlar bilan to‘ldiring.
Bundan tashqari, homiladorlikka oid foydali kitob, jurnal, sayt va mobil ilovalardan foydalanishingiz lozim. Homiladorlik uchun zarur bo‘lgan maslahatlarni bizning Avitsenna.uz saytidan topishingiz mumkin.
Chunki homiladorlik alohida masʼuliyatli davr bo‘lganligi, sizdagi o‘zgarishlar bevosita bo‘lajak farzandingizga ham taʼsir qilganligi sababli, homiladorlikka oid bilim va ko‘nikmalaringizni oshirib borishingizga to‘g‘ri keladi.
Bo’lajak onalarda vitaminlar yetishmasligi holatini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan vitamin komplekslaridan biri Alfavit mamino zdorovyedir.
Alfavit mamino zdorovye bu – 500 mg dan, bir qadoqda 60 dona vitamin va mineral kompleksli tabletkalar.
Tabletkalar tarkibi: Yod, Foliy kislotasi, D-pantenol (B5 vitamini), B1 vitamini, B12 vitamini, B2 vitamini, B6 vitamini, S vitamini, PP vitamini, A vitamini (palmitat shaklida), temir, kalsiy, magniy, mis, xoletsalsiferol (D3 vitamini) ), Xrom, rux, biotin, E vitamini, marganets, K vitamini, L-taurin, molibden
Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/offer/alfavit-mamino-zdorove-vitaminno-mineralnyy-kompleks-tabletki-500-mg-n60
Homilador ayollarda qo’llaniladigan boshqa vitaminlar: Elevit, Komplivit, Foliy kislotasi, Vitarich va hk.
*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
Bo’lajak onalarda vitaminlar yetishmasligi holatini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan vitamin komplekslaridan biri Alfavit mamino zdorovyedir.
Alfavit mamino zdorovye bu – 500 mg dan, bir qadoqda 60 dona vitamin va mineral kompleksli tabletkalar.
Tabletkalar tarkibi: Yod, Foliy kislotasi, D-pantenol (B5 vitamini), B1 vitamini, B12 vitamini, B2 vitamini, B6 vitamini, S vitamini, PP vitamini, A vitamini (palmitat shaklida), temir, kalsiy, magniy, mis, xoletsalsiferol (D3 vitamini) ), Xrom, rux, biotin, E vitamini, marganets, K vitamini, L-taurin, molibden
Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/offer/alfavit-mamino-zdorove-vitaminno-mineralnyy-kompleks-tabletki-500-mg-n60
Homilador ayollarda qo’llaniladigan boshqa vitaminlar: Elevit, Komplivit, Foliy kislotasi, Vitarich va hk.
*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
Kasalliklar
Homiladorlik belgilari va ilk alomatlari. Homiladorlikni aniqlash usullari