Hilpiroq aritmiya: sabab, belgilar, tashxislash va davolash haqida malumot

Hilpiroq aritmiya: sabab, belgilar, tashxislash va davolash haqida malumot

Hilpiroq aritmiya – bu yurak aritmiyalaridan biri hisoblanadi. Aritmiya so‘zi yunoncha aritmos (a – yo‘q, ritmos – marom) so‘zidan olingan bo‘lib, barcha yurak maromi buzilishlari uchun umumiy atama hisoblanadi. Aritmiya bilan tibbiyotning kardiologiya sohasi keng shug‘ullanadi. Ushbu maqolada biz hilpiroq aritmiyaga kengroq to‘xtalishni niyat qildik. Hilpiroq aritmiya – yurakning tez va tartibsiz urishi bo‘lib, qon aylanishining buzilishi va boshqa turli asoratlarga sabab bo‘ladi.

Nega endi “hilpiroq aritmiya”?

Ushbu turdagi aritmiyaga bunday badiiy nom berilishi bejiz emas. Hilpiroq aritmiyada yurakning bo‘lmachalari bir butun bo‘lib harakat qilmay, balki tartibsiz, mayda bo‘laklarga bo‘lingan holda, xuddi bayroqning hilpirashi kabi harakat qiladi. Bunday hilpirashlar soni daqiqasiga 400-700 marta bo‘ladi. Hozirgi kunga kelib olimlar bu atamani qayta ko‘rib chiqqan holda, unga “bo‘lmachalar fibrillyatsiyasi” deya nom berganlar, ammo eski atama qo‘llansa ham xato bo‘lmaydi.

Qanday turlari mavjud?

Xurujlarining davomiyligi, uning boshlanishi va tugashiga ko‘ra, hilpiroq aritmiya quyidagi turlari mavjud:

  • paroksizmal, ya’ni xurujsimon – bir maromda urib turgan yurakda qo‘qqisdan, xilpiroq aritmiya xuruji boshlanadi, oradan ma’lum bir vaqt o‘tgach, xuruj o‘z-o‘zidan yoki shifokor yordamida yurak yana bir maromda ura boshlaydi. Bunday xurujlarning davomiyligi bir necha daqiqadan 72 soatgacha davom etishi mumkin;
  • persistent, ya’ni saqlanib turuvchi – xuruj bir necha sutkagacha, va xatto hafta, oygacha davom etishi mumkin. Bunday xurujni faqat shifokor bartaraf qilishi mumkin;
  • doimiy hilpiroq aritmiya – bu turda hilpiroq aritmiya qachondir boshlangan, ammo bemor qachon boshlanganini bilmagan bo‘lishi mumkin, bunday hilpiroq aritmiya bartaraf bo‘lishi ehtimolligi juda kam va ko‘p hollarda tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, uni bartaraf qilish xavflidir;
  • alohida turdagi hilpiroq aritmiya – bu turdagi hilpiroq aritmiya asosan yoshlarda uchraydi, yuqori xavfga ega emas, ko‘p hollarda yurak xastaligi bo‘lmagan insonlarda uchraydi.

Hilpiroq aritmiyaning sabablari

Sabablarni shartli ravishda 2 turga ajratish mumkin.

Agar xilpiroq aritmiya – yurakda yuzaga kelgan qandaydir salbiy o‘zgarish yoki avvalroq rivojlanib ulgurgan kasallik ta’sirida yuzaga kelsa, bu yurak bilan bog‘liq sabablardir.

Demak, yurakka bog‘liq sabablar:

  • yurakning tug‘ma va orttirilgan nuqsonlari;
  • xafaqon xastaligi;
  • yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti;
  • yurak mushagining nimjonligi bilan kechuvchi kasalliklar – kardiomiopatiyalar;
  • yurak mushagining yallig‘lanishi – miokarditlar;
  • yurak xaltasining yallig‘lanishi – perikarditlar;
  • yurakda bajariladigan turli jarrohlik amaliyotlari.

Yurakka bog‘liq bo‘lmagan sabablar:

Ba’zi odamlarda ma’lum bir omillardan so‘ng, albatta, hilpiroq aritmiya xuruji yuzaga keladi, bularga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • spirtli ichimliklar (ayniqsa, qizil sharob) ni “to‘yib” iste’mol qilgandan so‘ng;
  • qahva va shokoladni iste’molidan so‘ng;
  • sigareta chekishdan so‘ng;
  • haddan tashqari ko‘p taom iste’mol qilish.

Bunday omillardan so‘ng yuzaga kelgan hilpiroq aritmiya xurujlarini olimlari hazilomuz ohangda “bayramona yurak” deb atashadi.

Hilpiroq aritmiyaning belgilari:

  • yurak urib ketishi;
  • tomir urishining turlicha va betartib bo‘lishi;
  • havo yetishmaganday bo‘lishi;
  • bosh aylanishi;
  • umumiy holsizlik va tez charchash;
  • yurak sohasida og‘riq yoki noxushlikni sezish;
  • hushdan ketish, yo‘tal, uyqusizlik.

Qanday tashxislanadi?

Agar siz yoki yaqiningiz yuqoridagi belgilarni o‘zida sezsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Eng avvalo tez yordamga murojaat qilish lozim. Tez yordam kelguncha, odam o‘zo‘ziga quyidagicha yordam ko‘rsatishi mumkin:

  • ko‘zlar yumiladi va 10 soniya davomida ko‘z olmalari ikkala ko‘rsatkich barmoq bilan qattiqroq, lekin og‘ritmaydigan darajada bosiladi. Ushbu amal 1 daqiqada 3 marta bajariladi;
  • chuqur nafas olinadi va ushlab turiladi; amal 5 marta takrorlanadi va 2-3 daqiqa kutib turiladi, so‘ngra yana bajarish mumkin;
  • oyoqni tizza bo‘g‘imida bukib, o‘tirib olinadi, qorinlar songa tekkan; shu vaziyatda chuqur nafas olib so‘ng, kuchaniq bajariladi;
  • bosh sovuq suvga botiriladi.

Muolajalar yordam bermagan hollarda tez tibbiy yordam kelishini kutish lozim. Xuruj tezda o‘tib ketgan bo‘lsa-da, shifokor qabuliga borish lozim.

Hilpiroq aritmiya qanday davolanadi?

Hilpiroq aritmiya – bu surunkali kasallik bo‘lib, davolash va doimiy kuzatuvni talab etadi. Hilpiroq aritmiyani qanday davolashni faqat kardiolog shifokor hal qiladi. Qulaylik uchun davolashning ikki turini ko‘rsatib o‘tamiz:

  • dori vositalari bilan davolash;
  • jarrohlik usuli bilan davolash.

Dori vositalari bilan davolash – xurujni bartaraf qilish, hilpiroq aritmiyaning asoratlarini oldini olish yoki ularni davolashga qaratilgan.

Jarrohlik usuli bilan davolash, odam tanasida hech qanday katta kesimlar qilinmaydi, narkoz berilmaydi, bemor og‘riqni sezmaydi. Hozirgi kunda olimlar tomonidan bir necha amaliyot turlari taklif etilgan bo‘lib, ularga kateter ablyatsiyasi, labirint amaliyotini kiritish mumkin. O‘zbekiston sharoitida hozircha faqat kateter ablyatsiyasi bajarilmoqda.

Asoratlari qanday?

Yurakning betartib va tez qisqarish natijasida bo‘lmachalar devorida asta-sekinlik bilan qon quyqalari shakllanib boradi. Qon quyqalari – ya’ni, tromblar juda xavfli bo‘lib, ularning ko‘chishi natijasida ular qon oqimi bo‘ylab, biron tomirga borib tiqilishi mumkin. Buning natijasida, o‘sha tomir qaysi a’zoni qon bilan ta’minlaydigan bo‘lsa, o‘sha a’zo faoliyatining keskin buzilishi va hatto o‘lim yuza kelishi mumkin.

Xususan, tromblar miya tomirlariga tiqilganda, bosh miyada o‘tkir qon aylanish buzilishi – insult yuzaga kelishi mumkin. Shu asoratni oldini olish maqsadida shifokor qonni suyultiruvchi dori vositalarini buyurishi mumkin. Yurakning betartib qisqarishi – odamda borgan sari yurak yetishmovchiligi shakllanishiga sabab bo‘ladi. Yurak yetishmovchiligi – bu yurak mushagining yetarli qisqarmasligi, holsizligi natijasida o‘z ishini to‘la-to‘kis bajarolmasligidir. Yurak yetishmovchiligi surunkali kasallik bo‘lib, qonning tanada yaxshi haydalmasligi bilan ifodalanadi.

So‘ngso‘z o‘rnida: biz uch kishimiz – shifokor, bemor va kasallik. Bemor qaysi tarafda bo‘lsa, o‘sha taraf yutadi.

© Umid Abdusattorov, kardiolog.

Tib.uz nashri.

Yurak kasalliklarda eng kop qollaniladigan dori vositalari mazkur sahifada keltirilgan.

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Yurak kasalliklarda eng kop qollaniladigan dori vositalari mazkur sahifada keltirilgan.

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Kasalliklar
belgilar, Hilpiroq aritmiya: sabab, tashxislash va davolash