Hilpira bayrog‘im, hilpira mag‘rur!
Hilpira bayrog‘im, hilpira mag‘rur!
DO`STLARGA ULASHING:
Hilpira bayrog‘im, hilpira mag‘rur!
18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun!
Ranglar jilosida baxt va osoyishtalik ulashib hilpirayotgan milliy bayrog‘imizga ko‘zimiz tushganda, uni faxr bilan ko‘kka ko‘targanimizda butun vujudimiz hayajonga, faxru iftixorga to‘ladi. Istiqlolimiz, baxt-iqbolimiz ramzi bo‘lgan milliy bayrog‘imizni sevib qadrlamagan kishi topilmasa kerak.
Bayroq uzra ko‘tarinkilik ruhida ufurib turgan qizil chiziqlar vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlari bo‘lsa, tarixiy an’analarimiz, qadimgi quyosh yilnomasiga bevosita aloqador bo‘lgan o‘n ikki yulduz tasviri ham undan o‘rin olgan. O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurimizda “nujum ilmi” taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. O‘n ikki yulduz tasviri o‘zbek xalqi madaniyati qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilish ramzi sifatida tushuniladi.
Rivojlanish yo‘lidan dadil ketib borayotgan diyorimiz istiqlolning dastlabki yillaridanoq xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqani izchil yo‘lga qo‘ydi. Bugun har bir hamkor davlatlarda milliy bayrog‘imiz yorqin nurlanayotganiga ko‘zingiz tushadi. 1992 yilda o‘z safiga qabul qilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti peshtoqida hilpirayotgan yoki turli tantanalar, festivallar, sport musobaqalarida yuqoriga ko‘tarilayotgan O‘zbekiston Davlat bayrog‘ini ko‘rganda ko‘ngillarni hayajon qamramay iloj yo‘q. Beixtiyor ko‘zlarda yosh aylanadi. Bu kindik qoni to‘kilgan Vatanga, millatga bo‘lgan muhabbat hissidir.
– Bayrog‘imiz tom ma’noda Vatan mehrini, haroratini tuyishing uchun kerak bo‘ladigan, yurt qadrini sarbaland qiladigan muqaddas mujda ekanligini men ilk bor Saudiya Arabistoniga safar chog‘ida angladim, – deydi “Farg‘ona haqiqati” gazetasi muxbiri, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Ma’muraxon Abdurahimova. – Makka shahriga bir kunning o‘zida o‘n milliondan ziyod turli millat vakillari kirib chiqadilar. Ka’ba atrofida ziyoratchilar, olomon shunchalik ko‘payib ketadiki, qisqa daqiqalarda hamrohlaring – guruhdoshlaringni yo‘qotib, yo‘lingdan adashib qolishing hech gap emas. Bunday vaziyatlar ko‘p bo‘lmasa-da, kutilmaganda ro‘y berishi turgan gap. Shunda ko‘zlarimiz eng avvalo guruh rahbari qo‘lidagi O‘zbekiston bayrog‘ini axtarishga tushadi. Hilpirab turgan bayroqni uzoqlardan taniymiz. Zotan ulug‘ manzil, muborak ka’bada bo‘lsang-da, Vatan mehri shu bayroq vositasida bizni o‘ziga tortaveradi. O‘shanda bayrog‘imizning hamma davlatlarnikidan-da chiroyli va aziz ekaniga iqror bo‘lganman.
– Tanlovda g‘oliblik diplomini qo‘limga olgach hayajon bilan minglab tomoshabinlar orasidan ustozimni izlay boshladim, – deydi Ispaniyaning Lored-de Mar shahrida bo‘lib o‘tgan “Sea sun festival” xalqaro ko‘rik-tanlov g‘olibi Farzona Yuldasheva. – Ustozim Olimjon Ikromov davlat bayrog‘imizni baland hilpiratgancha meni qutlardi. Shu dam qalbimdan bir otash otildi, xursandchilik yoshlari yuzimni yuvdi. Men o‘zbek qizi sifatida yurtimiz bayrog‘ini dunyo sahnasida turib baland ko‘tara olganimdan xursand edim.
– Hozirgi tinch, osoyishta davrda bayroqlar mustaqillik va milliylikni aks ettirib turadi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti talabasi Iqbol Qosimov. – Har gal dunyo arenalarida, baland peshtoqlarda O‘zbekiston bayrog‘i hilpiraydi. Bundan quvonchim ichimga sig‘maydi, to‘lqinlanib ketaman. Chin ma’noda xalq tarixi, buguni va kelajagi ifodasi bo‘lgan davlat ramzlari ham Vatan kabi aziz va muqaddasdir. Mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i ham har vaqt milliy g‘urur, fidoyilik va vatanparvarlikni shakllantirishda eng muhim vosita sifatida qadrlanadi.
ruhida qadr topgan davlat bayrog‘i hamisha mustaqillik keltirgan buyuk ne’matlardan biri sifatida yuksak qadr topib boraveradi.
Ma’sudjon SULAYMONOV, O‘zA
Hilpira bayrog‘im, hilpira mag‘rur!