Harbiy xizmatni o‘taganlarga qancha qo‘shimcha ball beriladi?
Harbiy xizmatni o‘taganlarga qancha qo‘shimcha ball beriladi?
DO`STLARGA ULASHING:
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmatining qarori bilan qabul qilingan «Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy talim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda Vatan oldidagi muqaddas burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirishda olajak imtiyozlari borasida bir qancha tartib qoidalar belgilab berildi.
KIM TOMONIDAN BERILADI?
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashda respublikaning barcha oliy talim muassasalariga kirishda to‘plash mumkin bo`lgan maksimal ballarning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi. Bu esa 61,2 ball degani.
TAVSIYANOMA OLISH UCHUN…
Harbiy qism komandirlari muddatli harbiy xizmatchiga tavsiyanoma berish yuzasidan xolisona qaror qabul qilinishi uchun shaxsan javobgar bo`ladi.
BALLAR QANDAY TO‘PLANADI?
Agar muddatli harbiy xizmatchi namunali harbiy intizomi uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomida nazarda tutilgan tartibda rag‘batlantirilgan (muqaddam berilgan intizomiy tazir chorasining bekor qilinishi bundan mustasno) bo‘lsa, unga quyidagi tartibda ballar qo‘yib boriladi:
harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirilgan bo`lsa — 5 ball;
harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni (birlashma komandiri) tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa — 10 ball;
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabi boshlig‘i tomonidan rag‘batlantirilgan bo`lsa — 15 ball;
Tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari rahbarlari tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa — 20 ball.
Muddatli harbiy xizmatchiga muddatli harbiy xizmat davrida namunali harbiy intizomi uchun ko‘pi bilan 20 ball ko‘yiladi. Bunda, harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirishning sonidan qati nazar, 5 balldan ortiq ball ko‘yilmaydi.
Umumiy o`rtacha arifmetik bahosi 4,0 dan kam bulgan muddatli harbiy xizmatchiga ball qo`yilmaydi.
BALLAR HISOBLANGACH…
Yig‘ma vedomostdan olingan ko‘chirmalar harbiy qism shtabi boshlig‘ining imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlanib, test sinovlari boshlanishidan 3 kun oldin hamma uchun ko‘rinarli joyga osib qo‘yiladi.
DIQQAT! TEST SINOVLARI
Test sinovlarini o‘tkazish muddati tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan DTM bilan kelishilgan holda belgilanadi.
40 FOIZDAN OSHMASLIGI KERAK
Avvallari tavsiyanomalar test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan barcha harbiy xizmatchilarga berilgan bo‘lsa, endilikda harbiy tavsiyanoma berishning maksimum miqdori belgilab qo‘yildi. Yani, beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni harbiy qismning ro‘yxatiga kiritilgan muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.
Bir necha nafar harbiy xizmatchining bir xil miqdorda ball to‘plagani bois, 40 foizli cheklashga amal qilishning iloji bo‘lmasa, beriladigan tavsiyanomalar sonini bunday harbiy xizmatchilar soniga mos ravishda oshirishga ruxsat beriladi.
Xizmat davrida davlat mukofoti bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchi test sinovlarining natijalari inobatga olinmay, tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, endilikda tavsiyanoma olish uchun faqat DTM test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tishning o‘zi kifoya qilmaydigan bo‘ldi.
Test natijalari olingandan so‘ng, tavsiyanoma berish yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun har bir nomzod muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilishida muhokama qilinib, nomzodning xizmat faoliyatiga baho beriladi.
TAVSIYANOMA BERILMAYDI
YUqori ballar to‘plagan, biroq xizmat faoliyatiga salbiy tavsif berilgan harbiy xizmatchilarga, umumiy yig‘ilish va bo‘linma komandirlarining yozma murojaati asosida harbiy qism komandirining qarori bilan tavsiyanoma berilmaydi.
To‘plagan ballarining miqdoridan qati nazar, muddatli harbiy xizmati davrida harbiy intizomni qo‘pol ravishda buzgan bo‘lib, ular yuzasidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilgan, harbiy qism komandirining tegishli buyruqlari chiqarilgan muddatli harbiy xizmatchi tavsiyanoma olish huquqiga ega emas.
UCH YILDAN SO‘NG O‘Z KUCHINI YO‘QOTADI
Tavsiyanomalarning amal qilish muddati rasmiylashtirib berilgan sanadan etiboran 3 yil muddat davomida kuchga ega bo‘ladi.
Tavsiyanoma muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilayotgan harbiy xizmatchiga boshqa hujjatlar bilan birga tantanali vaziyatda topshiriladi.
Harbiy xizmatni o‘taganlarga qancha qo‘shimcha ball beriladi?
Muddatli harbiy xizmatchilarni test sinovlaridan o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan test savollarining umumiy soni 80 ta savoldan tashkil topib, ulardan 40 tasi — jangovar tayyorgarlikka oid, 20 tasi — ma`naviy-marifiy tayyorgarlikka oid, 20 tasi — mantiqiy testlardan iborat bo‘ladi. Har bir jangovar tayyorgarlikka oid to‘g‘ri yechilgan test savoli uchun — 1,2 ball, manaviy-marifiy tayyorgarlikka oid to‘g‘ri yechilgan test savoli uchun — 1,1 ball, mantiqiy test uchun — 1 ball qo‘yiladi. Test topshiriqlarini yechish uchun 2 soat beriladi. Javoblar varaqasini to‘ldirish uchun 30 daqiqa ajratiladi. Test sinovlari o‘tkazish uchun umumiy vaqt 2 soat 30 daqiqani tashkil etadi.