Har bir inson duch kelishi mumkin boʻlgan diareyaning 9ta sababi haqida malumot

Har bir inson duch kelishi mumkin boʻlgan diareyaning 9ta sababi haqida malumot

Har bir inson duch kelishi mumkin boʻlgan diareyaning 9ta sababini keltirib oʻtamiz.

diareya

1. Spirtli ichimliklarni suiisteʼmol qilish

Koʻp alkogol ichish nafaqat bosh ogʻrigʻiga, balki jiddiyroq oqibatlarga olib kelishi mumkin. Spirtli ichimliklar ovqat hazm qilish traktini bezovta qiladi va ichakni odatdagidan tezroq qisqarishga majburlaydi. Natijada, suyuqlik soʻrilishga ulgurmaydi va tashqariga qaytib chiqadi.

Diareya muntazam ichuvchilar uchun odatiy holdir, ammo u meʼyorni bilmay qolib bir vaqtning oʻzida juda koʻp ichib yuborganlarni ham boshiga tushishi mumkin. Diareya, shuningdek, kun tartibi buzilgan odamlarga tahdid soladi. Uyqusizlik tufayli oshqozon‑ichak trakti spirtli ichimliklarga taʼsirchan boʻlib qoladi, shuning uchun diareya tun boʻyi uxlamay ziyofat qilish natijasida ham boʻladi.

Bezovtalangan ichaklarni tinchlantirish uchun spirtli va kofeinli ichimliklar, yogʻli va achchiq ovqatlardan voz keching. Suv, shoʻrva yoki sharbat iching — bu yoʻqotilgan suyuqlikni tiklashga yordam beradi, ovqatlardan esa guruch yoki tovuq kabi yengil narsalarni tanlang.

2. Juda koʻp sut va non isteʼmol qilish

Aniqrogʻi, laktoza va glyuten. Baʼzida diareya organizmning laktozani qabul qilmasligi alomatlaridan biri boʻlib chiqadi. Bu organizmda sut shakarini parchalash uchun zarur boʻlgan ferment, yaʼni laktoza juda kam ishlab chiqariladigan holatning nomi. Laktoza toʻliq hazm qilinmaydi, yoʻgʻon ichakka boradi va u yerda fermentatsiya boʻlishni boshlaydi. Natijada diareya, koʻngil aynishi va qorin dam boʻlishi kuzatiladi . Organizm laktozani qabul qilmasligi turli yoʻllar bilan namoyon boʻladi: kimdir bir stakan sut ichishi va hech qanday oqibatlarni sezmasligi mumkin, kimdirni esa bir stakan kapuchinodan keyin ham oshqozoni burab ogʻriy boshlaydi.

Ovqat hazm qilish buzilishi seliakiya kasalligida ham sodir boʻladi. Buning sababi bugʻdoy, javdar va arpa tarkibidagi glyutenga immunitetning reaksiyasidir. Natijada, ingichka ichak shikastlanadi va tana ozuqa moddalarini toʻliq ololmay qoladi. Bu kasallikning alomatlari xilma-xildir: bemorlarda nafaqat diareya, balki ich qotishi ham kuzatilishi mumkin, ular vazn yoʻqotadilar va koʻngil aynishdan aziyat chekishadi, shuningdek, ovqat hazm qilish bilan bogʻliq muammolarga duch kelishadi. Masalan, anemiya, ogʻiz yaralari, bosh ogʻrigʻi ham seliakiya kasalligining belgisi boʻlishi mumkin.

Albatta, siz har ehtimolga qarshi deb sut va glyutenni oʻz ichiga olgan ovqatlardan voz kechmasligingiz kerak. Agar siz bezovta qiluvchi alomatlarni sezsangiz, shifokor bilan maslahatlashing, u sizga qanday tekshiruvlardan oʻtishingiz kerakligini aytadi.

3. Ichakning yalligʻlanishi bilan bogʻliq  kasalliklar

Odatda, oʻtkir diareya bir necha kun davom etadi va agar u ikki hafta yoki bir oy davom etsa, u surunkali deb hisoblanadi. Bunday holatda sabablar Kron kasalligi yoki yazvali kolit boʻlishi mumkin.

Kron kasalligi — ovqat hazm qilish traktining har qanday qismiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan surunkali patologiyadir. Kasallikning barcha sabablari hali aniqlanmagan. Bu yerda irsiyat ham, immunitet tizimi bilan bogʻliq muammolar ham ishtirok etishi mumkin deb taxmin qilinadi. Diareyadan tashqari, umumiy simptomlar orasida qorin ogʻrigʻi, holsizlik, charchoq va vazn yoʻqotish bor.

Yazvali kolit — bu yoʻgʻon ichak shilliq qavatining yalligʻlanish kasalligi. Shifokorlar ham uning paydo boʻlishining sabablarini hali toʻliq tushunisha olmagan: ehtimol patologiya immunitet tizimidagi nosozliklar tufayli yuzaga keladi va xavf omillari orasida yosh (odatda kasallik 30 yoshdan kichiklarda uchraydi) va irsiyat (oilada yazvali kolit bilan kasallangan odamlar) bor. Alomatlar Kron kasalligining namoyon boʻlishiga oʻxshaydi: diareya (baʼzida qon bilan), vazn yoʻqotish va tushunarsiz charchoq. Faqat shifokor aniq tashxis qoʻyishi mumkin, shuning uchun agar diareya bir necha hafta davom etsa, bu shoshilinch ravishda mutaxassisga murojaat qilish uchun jiddiy sababdir.

4. Ovqat holati

 Notoʻgʻri tayyorlangan yoki notoʻgʻri sharoitda saqlangan oziq-ovqat diareyaga olib keladi.

Agar gigiyena qoidalariga rioya qilmasangiz, yarim pishirilgan ovqatni isteʼmol qilsangiz yoki tayyor ovqatni xona haroratida ikki soatdan koʻproqqa qoldirsangiz, bu yaxshilik bilan tugamaydi. Bu vaziyatda diareyadan koʻproq immuniteti yaxshi boʻlmagan odamlar,masalan, homilador ayollar, qariyalar va surunkali kasalliklarga chalinganlar aziyat chekadi.

Diareyani oldini olish uchun oshxona va muzlatgichni toza va ozoda saqlang. Xom goʻsht, parranda goʻshti va baliq boshqa mahsulotlardan alohida saqlanishi kerak va ular toʻliq tayyor boʻlgunga qadar pishirilishi kerak. Ularni toʻgʻraganingizdan soʻng, taxtani, pichoqni va qoʻllaringizni sovun bilan yuving. Muzlatilgan mahsulotlarni xona haroratida qoldirmang, sovutkichning asosiy qismiga qoʻyib muzdan tushiring. Va nihoyat, agar oziq-ovqatdan gʻalati hid kela boshlasa yoki shunday tuyulsa ham, uni isteʼmol qilmaganingiz maʼqul.

5. Bezovtalangan ichak sindromi

Bu yana bir surunkali kasallik boʻlib, uning sabablari haqida shifokorlar hali bir fikrga ega emaslar. Ehtimol, bunda nevrologik kasalliklar, ichak harakatining xususiyatlari va immunitet tizimining notoʻgʻri ishlashi rol oʻynaydi. Kasallik juda keng tarqalgan — kattalarning 10-15 foizi unga  duch keladi. Ammo shifokor xulosasisiz oʻzingizga bu tashxisni qoʻymang. Sindrom oʻzini turli yoʻllar bilan namoyon qiladi: diareya, ich qotishi, qorin dam boʻlishi, qorin ogʻrigʻi, holsizlik, koʻngil aynishi, siyish bilan bogʻliq qiyinchiliklar.

Sindromning namoyon boʻlishi baʼzi oziq‑ovqatlarni isteʼmol qilish tufayli kuchayishi mumkin: masalan, sut, sitrus, loviya va karam. Koʻpchilik stress davrida alomatlar yanada yorqinroq namoyon boʻlishini taʼkidlaydi. Qanday boʻlmasin, ichaklarda salbiy nimadir yuz berayotganini sezsangiz, shifokorga murojaat qiling.

6. Antibiotiklarni qabul qilish

Antibiotiklardan diareya boʻlish koʻp noqulaylik tugʻdiradi va hatto davolanishni muddatidan oldin toʻxtatishga majbur qilishi mumkin. Dori‑darmonlar tufayli diareya boʻlish juda keng tarqalgan holat.

Odatda diareya preparatni qabul qilishning birinchi haftasida boshlanadi. Koʻpincha penitsillin, sefalosporinlar va klindamitsin guruhidagi antibiotiklar diareyani keltirib chiqaradi. Hodisa yoqimsiz, ammo bu kursni muddatidan oldin toʻxtatish uchun sabab emas. Diareya dori-darmonlarni qabul qilishni tugatgandan soʻng yoʻqoladi va ichak tinchlanmaguncha koʻproq suv isteʼmol qilish va tolaga boy ovqatlarni yeyish tavsiya etiladi. Aytgancha,  ha deb antibiotiklar qabul qilish yaxshi emas, ularni boshlashdan oldin, albatta, shifokor bilan maslahatlashing.

7. Yuvilmagan qoʻllar

Rotavirus (ichak grippi) odatda ifloslangan yuzalar orqali yuqadi. Masalan, hojatxonaga borganidan keyin kasallangan odam qoʻllarini yuvmadi va eshik tutqichidan ushladi. Agar siz ham uni ushlasangiz va qoʻlingizni yuvmasdan ogʻzingizga olib borsangiz yoki taom yesangiz, bu muammoga duch kelasiz.

Odatda infeksiyaga chalinishdan birinchi alomatlargacha bir necha kun oʻtadi. Hammasi koʻtarilgan harorat bilan boshlanadi, keyin qusish va diareya paydo boʻladi. Odatda diareya uchdan sakkiz kungacha davom etadi. Agar siydikda qon paydo boʻlsa, harorat 39,4 °C dan yuqori boʻlsa va suvsizlanish alomatlari boʻlsa, masalan, ogʻizda quruqlik, zaiflik yoki bosh aylanishi, shoshilinch ravishda tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.

8. Yugurish

Ajablanarli ammo haqiqat: yuguruvchi diareyasi degan atama bor, uzoq yugurishni sevuvchilar bunga duch kelishlari mumkin. Uning namoyon boʻlishi orasida nafaqat diareya, balki koʻngil aynishi va spazmlar ham mavjud. Odatda, bularning barchasi mashgʻulotlardan keyin bir kun ichida yoʻqoladi.

Bunda diareya paydo boʻlishi ehtimolini kamaytirish uchun siz maxsus parhezga rioya qilishingiz kerak. Masalan, mashgʻulotdan kamida bir kun oldin siz tolaga boy va gaz hosil boʻlishiga olib keladigan ovqatlarni tanovul qilmay turishingiz kerak. Shakarli oziq — ovqat va ichimliklardan voz kechsangiz yana ham yaxshi boʻladi.  Mashgʻulotdan oldin kamida ikki soat ovqat yemagan maʼqul. Ammo suvni yugurishdan oldin, yugurish paytida va undan keyin ichish kerak, aks holda organizm suvsizlanib qoladi.

9. Bakteriyalar va parazitlar

Ular tanaga ifloslangan oziq-ovqat, suv yoki yaxshi yuvilmagan qoʻllar bilan kirib oladi. Bakterial diareya koʻpincha boshqa mamlakatlarga sayohat qilganda paydo boʻladi, shu tufayli u sayohatchilarning diareyasi deb ham ataladi.

Odatda u birdan boshlanadi va spazmlar, koʻngil aynish va isitma bilan kechadi. Diareya uch kundan yetti kungacha davom etishi mumkin va agar siydikda qon paydo boʻlsa yoki kuchli qorin ogʻrigʻi boʻlsa, shifokorga murojaat kerak. Asosiy gigiyena qoidalariga rioya qilish bunday diareyadan himoya qiladi. Qoʻlingizni tez‑tez sovun bilan yuving, sayohatlarda faqat butilkalarda suv iching, agar krandan ichishga toʻgʻri kelsa suvni kamida uch daqiqa qaynatib oling. Koʻcha ovqatlarini koʻp yemaslik va pasterizatsiya qilinmagan sut, toʻliq pishmagan goʻshtli ovqatlar, meva va sabzavotlardan ehtiyot boʻlish kerak.

Kasalliklar
Har bir inson duch kelishi mumkin boʻlgan diareyaning 9ta sababi