Har 76 yilda bir keladigan mehmon: Galley kometasi haqida to’liq malumot oling
Ajab emaski, kometalar ichida Galley kometasi eng mashhuri boʻlsa kerak. Galley kometasi Quyosh atrofida juda choʻzinchoq orbita boʻylab aylanadi va uning bir marta aylanib chiqish davri 76 Yer yiliga teng boʻladi. U Quyoshdan eng olislashgan nuqtasida, yaʼni afeliyda Neptun orbitasidan ham tashqariga chiqib ketadi. Quyoshda eng yaqin nuqtasi, yaʼni perigeliyda u Venera orbitasidan ham ichkariga kiradi. Odamzod mazkur kometani juda qadim zamonlardan buyon kuzatadi. Ushbu kometaning osmonda paydo boʻlishi haqidagi ilk yozma manbalar eramizdan avvalgi 240-yilga oid.
Galley kometasining osmonda paydo boʻlishi tasvirlangan ilk tasviriy sanʼat namunasi. Unda 1066-yilda Angliyaning normanlar tomonidan bosib olinishi voqeasi aks ettirilgan. Chap yuqori burchakda kometa tasvirini koʻrishingiz mumkin. Bu rasmda Gastingsdagi jang oldidan qirol Harold yomon gumonlarga borib oʻtirganligi tasvirlangan. Uning shubhalanishiga sabab – osmonda dumli yulduz koʻringani boʻlgan. Oʻsha paytlarda odamlar dumli yulduzlar baxtsizlik va magʻlubiyat elchisi deb ishonishar edi.
Bu kometa buyuk ingliz olimi Edmund Galley (1656-1742) sharafiga nomlangan. Aynan Galley 1531-1607-1682-yillarda kuzatilgan kometalar, aslida, aynan bitta kometaning oʻzi ekanini aniqlagan edi. Hali osmon jismlarining harakat qonunlari va murakkab hisob-kitoblarni osonlikcha bajarish imkonini beruvchi EHMlar boʻlmagan oʻsha zamonda ushbu kometaning aynan 76 yil davriylik bilan qaytishini aniqlashning oʻzi juda katta ilmiy salohiyat talab etardi. Galley oʻshanda ushbu kometa hali yana 1758-yilda qaytishini aytib, oʻzidan keyingi avlod olimlariga juda qiziq intriga tashlab ketgan edi.
Edmund Galley
Avvaliga Galleyning mazkur gaplariga hamma ham ishonmadi. Chunki u paytlarda koʻplab osmon jismlari va ularning harakat qonunlari hali yaxshi oʻrganilmagan boʻlib, bunday vaziyatda Galleyning bu gapi shubhali tuyular edi.
Biroq 1687-yilda Isaak Nyutonning mashhur “Olam tuzilishining matematik asoslari” asari chop etildi va unda bayon qilingan fundamental fizik qonuniyatlar, chunonchi, Butun olam tortishish qonuni singari qonunlarga koʻra, fizikada juda koʻp chigal masalalarga oydinlik kiritildi. Aytish joizki, Nyuton oʻzining ushbu muhim fundamental asarini aynan Edmund Galleyning koʻmagi va qoʻllab-quvvatlashi orqali chop ettirgan edi. Ushbu asar eʼlon qilingach, u oʻsha zamon ilm-fan olamida haqiqiy inqilob yasadi va bu orqali osmon mexanikasi haqidagi fan ham mutlaqo yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.
Galley oʻzi 1742-yilda vafot etib ketdi va kometaning navbatdagi marta yaqinlashuvini koʻra olmadi. Lekin uning aytgan fikri toʻgʻri ekanini isbotlash uchun hali uzoq kutish shart emasdi. Hisob-kitoblarga koʻra, Galley aytgan 76 yil davriylikka ega kometa 1758-yilning aprel oyida yana osmonda koʻrinishi kutilmoqda edi. Bu davrga kelib, yangi ilmiy gʻoyalar bilan sugʻorilgan, ilgʻor fikrli butunlay boshqa avlod vakillari fan olamida faoliyat olib borishar edi va ularning koʻpchiligi aynan oʻsha Nyutonning “Matematik asoslari”da keltirilgan ilmiy gʻoyalarga yoʻgʻrilgan taʼlimot bilan katta boʻlishgandi. Ular orasida fransiyalik olimlar Klero, Lalland hamda madam Nikol Reyn Lepot alohida ajralib turgan. Kometaning Quyoshga bu safargi yaqinlashuvining aniq sanasini aynan ular birinchi boʻlib hisoblab chiqib, ommaga eʼlon qilishgan edi. Ayniqsa, madam Lepot bunday murakkab matematik hisob-kitoblarning katta qismini bajargan boʻlib, hech qanaqa kompyuter tugul, oddiy kalkulyator ham boʻlmagan oʻsha zamonlarda bunday murakkab hisoblashlar faqat qoʻlda, qogʻoz va qalam vositasida bajarilganini eʼtiborga olsak, bu janob va xonimlar qanchalik mushkul vazifani uddalashganini biroz boʻlsa-da tasavvur qilish mumkin boʻladi. Shunday qilib, 1758-yilning 15-noyabrida Parij fanlar akademiyasida katta majlis chaqirildi. Unda olimlar Klero, Lalland va madam Lepot oʻzlarining hisob-kitob natijalarini eʼlon qilishdi. Unga koʻra, kometa bu safar 1759-yilning 13-aprel kuni osmonda koʻrinishi kerak edi. Olimlar, shuningdek, kometaga nisbatan Saturn va Yupiter sayyoralarining gravitatsion taʼsiri natijasida biroz ogʻishi va shu tufayli uning osmonda koʻrinishi 30 kunga farq qilishi mumkinligini ham bayon qilishgan. Koʻrib turganingizdek, Galleyning oʻzi kometani 1758-yilda kutish kerakligini aytgan boʻlsa-da, lekin u 1759-yilning aprel oyida koʻrinish berishi hisoblangan edi. Galley deyarli 1 yilga adashgan boʻlib chiqmoqdami? Ishonavering, adashgan aslida Galley emas, balki madam Lepot va uning hamkasblari edi. Chunki 1758-yil kirib kelgach, Galley aytgan kometani birinchi boʻlib koʻrish va bu orqali katta mashhurlikka erishish istagida boʻlgan yuzlab havaskor va professional astronomlar teleskoplarini osmonga qaratgancha “mehmon”ni kuta boshlagan edilar. Yil yakunlanay deb qolsa ham “mehmon”dan darak yoʻq, bu tomonda esa Lalland va madam Lepot uni kelgusi yil aprelda kutish kerakligini aytib turishgan boʻlsa… Koʻpchilikning hafsalasi pir boʻlib turgan shunday bir paytda bu kabi kuzatuvlarda koʻpincha boʻladigan holat bu safar ham roʻy berdi: kometani birinchi boʻlib qandaydir mukammal rasadxona egalari boʻlgan professional astronomlar emas, balki oʻzi qoʻlbola vositalari orqali kuzatuv olib boradigan germaniyalik havaskor astronom Iogann Georg Palich koʻrib qoldi. U kometani 1758-yilning 24-dekabrdan 25-dekabrga oʻtar kechasi osmonda paydo boʻlganini oʻz koʻzlari bilan koʻrdi va barcha gazeta va shov-shuvlarning bosh qahramoniga aylandi. Biroq madam Lepot ham hisoblashlarda xato qilgan edi deb boʻlmaydi. U katta mahorat bilan, aslida , kometaning perigeliyda boʻlish sanasini deyarli toʻgʻri hisoblagan ekan va haqiqatan ham kometa 1759-yilning 13-martida, yaʼni ular hisoblagandan atigi 1 oy avval Quyoshning eng yaqin nuqtasiga kelib oʻtib ketdi. Oʻshanda hamma Galleyning naqadar haq boʻlganini eʼtirof eta boshlagan va kometani endilikda “Galley kometasi” deb nomlanishi ommalasha boshlagan edi. Galley kometasining oʻsha 1758-yildan keyingi davrlardagi tadqiq qilinishi ilm-fanning va ilmiy tadqiqot usullarining taraqqiy etib, mukammallashib borishini ham ifodalaydi. Vaqt oʻtishi bilan kometaning keyingi safar qaytishi arafasida olimlar ixtiyorida borgan sari yangi va yangi ilmiy asbob-uskunalar, yanada samarador hisoblash vositalari va aniqroq dalillangan ilmiy maʼlumotlar toʻplana borar edi. Har safar kometaga ushbu yangi maʼlumot va vositalar bilan qurollangan holda yuzlanar ekan, insoniyat u haqida yanada yangi bilimlarni egallab bordi. Xususan, 1910-yildagi navbatdagi qaytishi paytida endi Galley kometasini nafaqat kuzatish, balki fotosuratga ham olish imkoni mavjud edi. Boz ustiga, oʻsha yili kometa Yerga shu darajada yaqin keldiki, sayyoramiz oʻz orbital yoʻlida kometaning dumini kesib ham oʻtgan. Masalaning bu jihati astronomlarda yanada katta qiziqish uygʻotgan boʻlmasin, fitna nazariyasi tarafdorlari, shov-shuv va vahimaga beriluvchan olomon orasida katta qoʻrquv ham uygʻotgan edi. Oʻshanda odamlar orasida bu safar kometa dumi Yer yuzini kuydirib oʻtishi va natijada oʻsha kun Yerda oxirzamon boʻlishi haqidagi boʻlmagʻur vahimalar avj olgan. Lekin Yer kometa dumini kesib oʻtib ketib boʻlganini sinchkov astronomlardan boshqa hech kim sezmagan ham hatto. Faqat bir necha qiziquvchan olimlar kometa dumini kesib oʻtish paytida Yer atmosferasidan tahlil uchun namunalar olishgan va bu orqali kometa dumidan Yerga kirib kelgan zarrachalarni va ularning atmosferaga taʼsirini oʻrganmoqchi boʻlishgan. Lekin bu urinishlarning barchasi besamar ketgan boʻlib, atmosfera tarkibida hech qanday anomaliyalar aniqlanmagan edi. Va bu mutlaqo toʻgʻri natija boʻlgan. Gap shundaki, kometaning dumi, aslida, favqulodda siyrak gaz-changlardan iborat va bu gaz-changlar xavf tugʻdirmaydi.
Galley kometasining 1910-yilda olingan ilk fotosurati.
Galley kometasining keyingi va hozircha oxirgi marta yaqinlashishi esa 1986-yilda sodir boʻlgan. Bu paytga kelib ilmiy taraqqiyot mislsiz darajada ilgarilab ketgan edi va olimlar ixtiyorida endi kometani oʻrganish uchun nafaqat oddiy teleskoplar, balki, samoviy avtomat uchar apparatlar ham boʻlgan. Garchi oʻsha yilgi “mehmon” oxirgi 2000 yil ichida Yerga nisbatan eng noqulay trayektoriya bilan eng olis masofa orqali oʻtib ketgan boʻlsa-da, bu narsa olimlarni toʻxtata olmadi. Uning yaqinlashuvi tomon bir necha xalqaro kosmik missiyalar tayyorlandi va kosmik zondlar hozirlandi. Xususan, Yevropa ittifoqi tomonidan “Jotto” kosmik stansiyasi, Sovet ittifoqi tomonidan “Vega-1” va “Vega-2” apparatlari hamda Yaponiyaning “Suisey” va “Sakigake” zondlari Galley kometasi tomon yoʻl oldi. Bu missiyalarning ahamiyatli tarafi shunda ediki, avvallari juda qimmat turadigan bu kabi apparatlar faqat oʻta yirik kosmik obyektlarga – sayyoralar va ularning yoʻldoshlariga uchirilar edi. Biroq kometaga apparat uchirilishi birinchi marta rejalashtirilgani tufayli konstruktorlar avval duch kelmagan qator muammoli masalalarni hal qilishlari lozim boʻlgan. Chunonchi, kometaning yadrosi har lahzada atrofga sochib turadigan va bizga uning dumi sifatida koʻrinadigan chang va gaz zarralari oqimi zarbasidan apparatlarni himoya qilish masalasi turardi. “Vega-1” va “Vega-2” apparatlari “mehmon” kelishidan naq ikki yil avval fazoga koʻtarildi. Ularni ketma-ketlik bilan 1984-yilning 15- va 21-dekabr sanalarida uchirilgan. Oʻsha paytlarda bunday oʻta qimmat ilmiy missiyalardan maksimal foyda olish maqsad qilinardi (hozir ham shunday). Shu sababli apparatlar Galley kometasi yoʻliga peshvoz chiqishdan avval Venera sayyorasini ham sinchiklab tadqiq qilishlari koʻzda tutilgan edi. Shu sababli ham aslida missiyaning toʻliq nomi “Venera Galley” boʻlgan va uni keyinchalik birinchi boʻgʻinlarga koʻra qisqartirib, “Vega” deb nomlashgan.
Galley kometasining 1986-yildagi yaqinlashuvi.
Vanihoyat, 1986-yilning erta bahorida “mehmon” olisdan koʻrinish berdi. 6-9-mart kunlari ketma-ket “Vega-1”, “Vega-2” kometa yadrosi yaqinidan uchib oʻtib, uni imkon qadar katta aniqlikda suratga tushirdi. Oʻshanda apparatlar va kometa yadrosi orasidagi masofa mos ravishda 8912 va 8036 km boʻlgan. “Vega” apparatlari yuborgan maʼlumotlar asosida kometaga keyingi yaqinlashuvchi apparat – “Jotto” trayektoriyasi uchun qoʻshimcha hisob-kitoblar amalga oshirilgan va uning yoʻnalishi shunga muvofiq qayta sozlab qoʻyilgan. Natijada “Jotto” kutilganidan koʻra muvaffaqiyatliroq missiya bajardi va 1986-yilning 14-mart kuni kometaga maksimal yaqinlashdi. U Galley kometasiga 600 km masofagacha yaqin borgan.
Galley kometasi yadrosining “Jotto” kosmik apparati tomonidan suratga tushirilgan tasviri.
Ushbu missiyalar orqali Galley kometasining tuzilishi haqida muhim maʼlumotlar qoʻlga kiritildi. Xususan, uning yadrosi oʻlchamlari 15×8 km ni tashkil qilishi, kimyoviy tarkibi, magnit maydoni, Quyosh shamoliga nisbatan taʼsirlanishi singari parametrlari oʻrganildi. Tadqiqotlarda dunyoning koʻplab mamlakatlari, xususan, Avstriya, Vengriya, Germaniya, Yaponiya singari davlatlari ishtirok etishdi. Galley kometasining navbatdagi yaqinlashuvi 2061-yilda kutilmoqda. Nasib qilsa, biz ham bu safargi kometani oʻz koʻzimiz bilan koʻrishga muvaffaq boʻlarmiz. Ungacha bizning ilm-fan va ilgʻor texnologiyalarimiz yanada taraqqiy etib, mehmonni yanada yaxshiroq oʻrganish imkonini bersa ajabmas.
Galley kometasi orbitasi
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Har 76 yilda keladigan mehmon:Galley kometasi haqida.
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Har 76 yilda bir keladigan mehmon: Galley kometasi haqida