Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929)
Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929)
DO`STLARGA ULASHING:
Hamza XX asr oʻzbek adabiyotiga tamal toshini qoʻyganlardan biri. XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek madaniyatining eng yirik namoyandalaridan, faol maʼrifatparvar shoir, oʻqituvchi, jamoat arbobi. U sheʼriyatni hayotga va xalqqa yaqinlashtirish, hozirgi zamon nasrini oʻzbek adabiyotida qaror topdirish, ayniqsa drama, komediya, tragediya yaratish bobida va teatr sanʼatini rivojlantirishdaulkan izlanishlar va kashfiyotlar qilgan sanʼatkordir. Hamza kompozitor, rejissyor, jurnalist, pedagog va darsliklar muallifi sifatida ham keng maʼlumdir. Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi” (1915–1917), “Zaharli hayot” (1916), “Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi” (1927), “Maysaraning ishi” (1926) kabi dramatik asarlari oʻzbek adabiyotida yangi hodisadir.
1913–1914-yillarda Hamza chet ellarda Afgʻoniston, Hindiston, Suriya, Turkiya mamlakatlarida, Makkada sayohatda boʻldi, u mamlakatlar hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar bilan tanishdi. 1915–1917-yillar davomidaHamza qator asarlar yaratib, undaxalqhayoti, uning orzu-intilishlarini ifodaladi, oʻzining insonparvarlik gʻoyalarini xalq tili bilan sodda va ravon uslubda bayon etdi, ommani ilm-maʼrifatgachaqirdi, bidʼatni qoraladi. Uning “Yangi saodat” povesti, “Gul” turkumidagi toʻplamlari (“Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi”) shu davrlarda yozilgandir. U maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ommalashtirishda teatrdan ham unumli foydalandi.1915–1916-yillarda “Feruzaxonim”, “Ilm hidoyati”, “Loshman fojiasi” kabi qator drama va komediyalar yozib, baʼzilarini oʻzi tuzgan “Havaskor truppa”sida sahnalashtirdi.
1917 yil fevral voqeasi munosabati bilan yozgan maqolasida Hamza bunday deydi: “Mana bu kun haqiqatan, hurriyat vositasi bilan eski xoin va zolim, mustabid hukumati 50 yildan beri boʻyin, qoʻl va oyogʻimizga sezimsiz solub kelgan umrlik ogʻir zanjirlarni qoʻlga koʻrsatub yechdi, xolos qildi. Bu haqiqat, musovot vositasi bila, bir taraf, zolim amaldorlar, ikkinchi tarafdan, rahmsiz, shafqatsiz talonchilar temir tirnogʻi ostida poʻstlari butun sidirilub, yuraklari ezilub, choʻkub xonimonlaridan ajrob kelub turgan mazlum, nohaq faqiru bechora, yetim, gʻariblarning burgutlarning panjai margidan raho qildi… Bu kun Ostroumov, Ilminskiy kabilarning tarbiyasida yashagan va aning maslakiga xizmat etuvchi, vatandagi oʻz oramizdan chiqqan din xoinlarini xiyonatlarin haqiqat maydoniga otur. Nohaqlarni sharmanda va marnigun qilur”.
Hamza oʻz asarlarida hurriyat, baxt-saodatga birlashish, oʻqish-oʻrganish, mehnat va kurash orqali erishish mumkinligini taʼkidlab: “Birlashsun emdi boshimiz, maslakda karshi yoshimiz”, “Birlashing, Turkiston!”, “Qoʻl ushlashing, birlashing emdi, Turkiston!”, “Haq yoʻlida jon bersak, boʻlsak millat qurboni”, deydi. 1917 yili oʻrtalarida yozgan “Uyon Vatan” sheʼrida Hamza “Ey Islom eli! Bu kun millatga oʻlsun harna himmatimiz!”, “Bitdi istibdod! Yetsun hurriyat! Bitsun nazorat, qullik, asorat!” deb hayqirdi. “Turkiston muxtoriyatina” sheʼrida “Toʻrt yuz yillik Romanov bitgach davlati koʻtarildi asorat, xoʻrlik illati”, “Bir sanjoqda toʻplansin islom davlati” deb kuylaydi.
Hamza sheʼriyati, xususan, uning “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi” uning ijodidagina emas, balki umuman XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek sheʼriyatida olgʻa tashlangan katta bir qadamdir. Hamza bu realistik turkumda Turkiston xalqining haqqoniy ahvolini, oʻz soʻzi bilan aytganda “Turkiston qissasini” koʻrsatib beradi. Toʻplamdagi sheʼrlarni sodda tilda va xalq qoʻshiqlari pardasida, yoʻsini, yoʻli va ohangida yozadi, har bir sheʼr boshida xalq orasida mashhur boʻlgan biror ashulani koʻrsatib, undan parcha keltirib oʻtadi. Uning “Yangi saodat” povesti ham yangicha proza asarlari yaratish sohasida qoʻyilgan muhim qadamdir. Unda ham maʼrifat, erkin-baxtli hayotga intilish ruhi yetakchilik qiladi. Asarning soʻngida shunday soʻzlarni oʻqiymiz: “Xudo zolim emas, birovga berub, birovga bermay qoʻymas. Xudoyi taborak va taolo saodat ilmda, razolat jahlda, har bir ish bandaning oʻz harakatiga muvofiq, deb kalomida takror xabar bergani bor”.
Hamza dramalari oʻzbek adabiyotiga yangilik boʻlib kirdi. “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” asari rosmana fojia, yaʼni tragediyadir. U “Istibdod qurbonlari” (“Loshmon fojialari” trilogiyasining uchinchi qismi, qolganlari topilganicha yoʻq) asarida istibdod toʻgʻrisida soʻzlab, rus chinovniklarini qahr-gʻazab bilan fosh etadi va aytish mumkinki, bu davr oʻzbek adabiyotida rus chorizmini Hamzadek fosh qilgan yozuvchi boʻlmasa kerak.
Oʻzbek adabiyotida haqiqiy maʼnodagi komediya janrining tugʻilishi va rivoji ham Hamza nomi bilan bogʻliq. Hamza “Maysaraning ishi” (“Burungi qozilar yoki Maysaraning ishi”) asari bilan oʻzbek adabiyotida komediya janriga asos soldi. Hamza komediyalari, eng avvalo, oʻzbek xalq ijodi – xalq qoʻgʻirchoq teatri, askiyachilik va Nasriddin Afandi latifalari, shuningdek, xalqning hazil-hajviy ertaklari zaminida tugʻildi. Shuning uchun komediyalarida xalq ijodi anʼanalarining salmogʻi katta.
Hamza oʻz davrida maktab maorif sohasida ishladi, dram truppalar tuzdi. U toʻgʻri soʻzligi, haqiqatgoʻyligi va murosasizliga tufayli biror yerda muqim ishlay olmadi. Buxoroda, Toshkentda, Fargʻona, Xoʻjaylida, Avval qishlogʻida – yurt boʻylab koʻchib yurdi. 1929 yili 18 martda Shohimardonda fojiali oʻlim uni hayotdan olib ketdi.
Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889–1929)