Hamid Olimjon — O’rik gullaganda
Derazamning oldida bir tup O’rik oppoq bo‘lib gulladi… Novdalarni bezab g‘unchalar, Tongda aytdi hayot otini Va shabboda qurg‘ur ilk sahar Olib ketdi gulning totini. Har bahorda shu bo‘lar takror, Har bahor ham shunday o‘tadi, Qancha tirishsam ham u beor Yellar meni aldab ketadi. Mayli, deyman va qilmayman g‘ash, Xayolimni gulga o‘rayman; Har bahorga chiqqanda yakkash, Baxtim bormi, deya so‘rayman. Yuzlarimni silab, siypalab, Baxting bor, deb esadi yellar. Etgan kabi go‘yo bir talab, Baxting bor, deb qushlar chiyillar… Hamma narsa meni qarshilar, Har bir kurtak menga so‘ylar roz, Men yurganda bog‘larga to‘lar Faqat baxtni maqtagan ovoz: «Mana senga olam-olam gul, Etagingga siqqanicha ol, Bunda tole har narsadan mo‘l, To o‘lguncha shu o‘lkada qol. Umrida hech gul ko‘rmay, yig‘lab O’tganlarning haqqi ham senda, Har bahorni yig‘lab qarshilab Ketganlarning haqqi ham senda…» Derazamning oldida bir tup O’rik oppoq bo‘lib gulladi…Hamid Olimjon — O’rik gullaganda
DO`STLARGA ULASHING:
O’rik gullaganda
Hamid Olimjon — O’rik gullaganda