GUVOHNOMA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GUVOHNOMA haqida malumot bilib oling.

GUVOHNOMA — 1) yuridik faktlarni (mas, bola tugʻilganini, nikohdan oʻtilganini, nikoh bekor qilinganini) tasdiqlaydigan hujjat. G., albatta, tasdiqlanishi shart boʻlgan yuridik faktlarni nazarda tutadi, bu shart qonun yoki boshqa huquqiy hujjatlarda koʻrsatiladi. Guvohnoma shaqli va belgilari tegishli huquqiy hujjatda qayd etilib, ularga rioya qilmaslik Guvohnoma haqiqiy deb topilmasligiga sabab boʻlishi, mazmuni boʻyicha faqat sud orqali bahslanishi mumkin. Guvohnoma maxsus nom bilan ataladi (mas, oliy oʻquv yurtini bitirganlik toʻgʻrisida yoki prof. ilmiy unvonini berish toʻgʻrisida Guvohnoma va h. k.);

2) muayyan sohada ishlayotgan yoki tahsil olayotgan shaxslarga (mas, Prezident devoni, Milliy xavfsizlik xizmati, prokuratura, sud, militsiya, Adliya vazirligi xodimlariga, advokatlarga, oliy oʻquv yurti talabalari, oʻqituvchilari va h. k. ga) topshiriladigan, egallab turgan lavozimlari yuzasidan guvohlik beradigan hujjat;

3) maʼlum bir shaxsning xizmat va b. holatlarini, shuningdek, biror ishga (mas, taftish oʻtkazishga) vakolatini tasdiklovchi hujjat. Shaxsga muayyan malaka berilganligi haqidagi Guvohnoma va shu turdagi boshqa Guvohnoma larda uning muddati koʻrsatilmaydi, malaka komissiyasi raisi va aʼzolari imzosi boʻladi. Biror shaxsga muayyan imtiyoz berilganligi haqidagi Guvohnoma matnida tegishli qonun yoki hukumat qaroriga havola yoziladi.

Ensiklopediya.uz
GUVOHNOMA