GURLAN TUMANI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GURLAN TUMANI haqida malumot bilib oling.

GURLAN TUMANIXorazm viloyatidagi tuman. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan. Jan. da viloyatning Shovot tumani, jan.-sharqda Urganch, Yangibozor tumanlari va shim.-sharqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, jan.gʻarbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Mayd. 0,45 ming km2. Aholisi 111,9 ming kishi (2002). Gurlan tumanida 1 shaharcha (Gurlan), 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Birlashgan, Vazir, Guliston, Dehqonobod, Doʻsimbiy, Olgʻa, Saxtiyon, Xizireli, Sholikor, Eshimjiyron, Oʻzbekistan) bor. Markazi — Gurlan shaharchasi.

Tabiati. Relyefi bir oz past-baland tekislikdan iborat boʻlib, shim.-gʻarbga qiyaroq. Iqlimi kontinental. Iyulning oʻrtacha t-ra-4 si 26—28°, yanv. niki , —6°. Yillik oʻrtacha yogʻin 100 mm. Vegetatsiya davri 180—200 kun. Tumanning shim. va shim.-sharqidan Amudaryo oʻtadi. Tuman ekinzorlari Qilichboyarna, Qiyotqoʻngʻirot, Daryoliq, Asyop, Toʻqsonarna, Nukusyop, Xizirliyop. Yangiyop, Olgʻayop, Savoyop kabi kanal va ariqlardan sugʻoriladi. Tuprogʻi allyuvial, oʻtloqi-botqoq va shoʻrxok tuproq. Tuman hududida kichikroq qumliklar xam bor. Yovvoyi oʻsimliklardan oqbosh, yantoq, shoʻra, pechak, qamish, yakan va b. usadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, boʻrsiq, quyon, qobon, ondatra, parrandalardan tustovuq, oʻrdaklar uchraydi.

Aholisi, asosan oʻzbeklar, shuningdek, rus, tatar, qozoq, koreys va b. millat vakillari ham bor. 1 km2 ga 249 kishi toʻgʻri keladi (2002). Shaharliklar 24,0 ming, qishloq aholisi 87,9 ming kishi.

Xoʻjaligi. Gurlan tumani asosan q. x. ga ixtisoslashgan. Paxta tozalash zdi, bosmaxona, xalq isteʼmoli mollari va poyabzal f-kalari, mahalliy sanoat korxonasi, «Gurlan» toʻqimachilik majmuasi mavjud. Kalava ip, gazlama, trikotaj gazlama va tayyor trikotaj kiyimlar ishlab chikarilmoqda. Tumanda 350 xususiy va kichik korxona va 9 aksiyadorlik jamiyati bor. Q. x. da sugʻoriladigan yerlar 28,9 ming ga, ekinzorlar 25,2 ming ga, shundan 12,3 ming ga paxta 1,6 ming ga sholi, 3,1 ming ga gʻalla ekinlari, 513 ga sabzavot-poliz ekinlari, 182 ga makkajoʻxori bilan band. G. t. da 12 shirkat xoʻjaligi, 535 dehqon-fermer xoʻjaligi va b. xoʻjaliklar bor (2002). Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 36,9 ming qoramol, 6,1 ming koʻy va echki, 104,7 ming parranda boqilmoqda (2002).

2001/2002 oʻquv yilida 43 umumiy taʼlim maktabida 26,4 ming oʻquvchi, 4 litseyda 837 oʻquvchi taʼlim oldi. 40 jamoat va bolalar kutubxonasi, 15 madaniyat uyi, 495 oʻrinli 4 kasalxona va dispanser, 13 ambulatoriya, 11 qishloq vrachlik punkti boʻlib, ularda 293 vrach, 1021 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1931-yildan «Gurlan hayoti» tuman gaz. chiqadi (adadi 2500 dan ziyod).

Ensiklopediya.uz
GURLAN TUMANI