Gul turlarini yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
Gul turlarini yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
DO`STLARGA ULASHING:
Ko‘chat tayyorlash. Yozning o‘rtalarida chala yarim pishgan na’matak teriladi, dukkaklari chaqib olinadi va o‘radagi qumga aralashtirib ko‘miladi. Ko‘mil-gandan so‘ng 3-4 kun davomida suv sepilib turiladi. 15-20 kun o‘tgandan so‘ng ko‘milgan na’matak qumdan olinadi, yoyib quritiladi.
Quriganlari elanib, qumdan ajratiladi, mato xaltaga solib, soya va quruq joyda saqlanadi. Na’matak urug‘i noyabr oyida yana qalinligi 25-30 sm bo‘lgan ho‘l qumga aralashtirib ko‘miladi. Mart oyining 5-10 sanalarida qumdan kovlab olinib, elanadi va 10-15 sanalarda yerga sepiladi. Sepilgan urug‘ 20-25 kun davomida unib chiqadi.
Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Gul yetishtirish uchun ajratilgan maydon tekis va uncha katta bo‘lmagan (2-3o gacha) nishablikda bo‘lishi lozim. Yer maydoni kuz oylarida tayyorlanadi. Organik o‘g‘itlar berib, 20-30 sm chuqurlikda chopiladi. Tuproq begona o‘tlardan tozalanadi, xaskashlanadi va pushta olinadi. Ular kaltaroq, balandligi 20-25 sm, kengligi 70 sm bo‘lishi kerak. Ekishdan oldin maydon sug‘oriladi. Ko‘chatlar 70×60 sm va 70×70sm sxemada ekiladi.
Ekish. Atirgullarni ekishning eng maqbul payti bahor faslidir. Ekish oldidan atirgulning ildizlari tekshirib chiqiladi, singan va titilgan ildizlar kesib tashlanadi, qolgan sog‘lom ildizlar esa loy va qoramol axlatidan tayyorlangan atalaga botirib olinadi. Gul ko‘chatini ekish uchun eni 30×30 sm, chuqurligi 30 sm kattaligidagi chuqur qaziladi. Ko‘chat o‘tqazishdan oldin bu chuqur suv bilan to‘ldiriladi. Tuplar ko‘chatzordagi holatidan bir oz chuqurroq (3-4 sm) qilib, payvand qilingan tarafini kun chiqish tomonga qaratib o‘tqaziladi. Payvand bo‘lgan joyi yer yuzasida 45-50 sm tepada bo‘lishi lozim. Nam ko‘tarilib ketmasligi uchun aylana ariq betiga 3-4 sm qalinlikda qipiq yoki yangi ot go‘ngi sepib qo‘yiladi. Uzun shoxlari qirqib, kalta qilinadi. Qirqishda yangi novdalar hosil bo‘lishi uchun to‘rt-olti kurtak qoldirilishi kerak. O‘simlik o‘tqaziladigan kuni har bir chuqurga 6-8 kg hisobidan chirigan go‘ng tuproqqa aralashtirib solinadi. Agrotexnika tadbirlari io‘g‘ri olib, borilganda o‘simlik tupidan 8-12 donagacha gul olish mumkin
Sug‘orish. Sug‘orishda na’matak unib chiqqandan keyin yer chala, ya’ni har 10 kunda 2-3 marotaba sug‘oriladi. Payvand qilingandan so‘ng tagidan nam ketmasligi kerak. Keyin ko‘chat hafta davomida 1 marta sug‘orilib turiladi.
O‘g‘itlash. Atirgul ko‘chatlari asosan mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi.
Qator oralariga ishlov berish. Ishlov berish ishlari sug‘orilgandan 2-4 kundan so‘ng bajariladi. Tuproqni yumshatish dastlabki yillari 3-4 marotaba amalga oshiriladi. Qator oralari qo‘l kuchi bilan 10-15 sm chuqurlikda chopiq qilinadi va begona o‘tdan tozalanadi.
Atirgul shox-shabbasini kesish. Atirgul asosan erta bahorda butaladi. Butalgan shoxlar yoz bo‘yi kelgusi yil uchun o‘rinbosar novdalar chiqaradi. Gullaydigan atirgullar kalta qoldirib butaladi. Yer muzlashdan bir necha kun ilgari atirgul tuplaridagi barglar batamom tushadi. Ortiqcha novdalar olib tashlanadi.
Tup bo‘g‘izi atrofiga 40-50 sm balandlikda tuproq o‘yiladi. Shu tarzda atirgullar qishlaydi. Erta bahorda kurtaklar bo‘rtmasdan oldin bo‘g‘iz atrofidan tuproq olinadi, usti ochiladi, ildiz bo‘g‘izi tozalanadi, shikastlangan va singan, uchlarini sovuq urgan novdalar qirqib tashlanadi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Shiraga qarshi 20 g anabazin yoki nikotin sulfatni yoxud 50 g yashil sovunni 10 l suvga qo‘shib tayyorlangan eritma purkaladi. O‘rgimchakkanaga qarshi tiofos eritmasi purkaladi. Bu eritma 10 l suvga 5-6 g tiofos solib tayyorlanadi. Un-shudring kasalligiga qarshi 10 l suvga 20 g to‘tiyoyi va 200 g yashil sovun qo‘shib tayyorlangan eritma ishlatiladi. Atirgulning zang kasalligiga moyilligi kuchli. Unga qarshi oltingugurt sepiladi.
Chinnigul
Ko‘chat tayyorlash. Chinnigul ildiz orqali yerdan undirib yoki urug‘ sepish orqali ko‘paytiriladi. Chinnigul ko‘p yillik gul turi bo‘lgani uchun ildizlari orqali yonidan kurtak chiqarib ko‘payish xususiyatiga ega.
Urug‘ sepib ko‘paytirishda sog‘lom, ya’ni pishgan urug‘ tanlab olinadi. Quritilgan urug‘ suvga bo‘ktirilgan yerga sepiladi va urug‘ usti tuproq bilan yupqa qilib yopib chiqiladi. Sepilgan urug‘ 10-15 kunda unib chiqadi. Unib chiqqandan keyin 50-60 kunda ekishga tayyor bo‘ladi.
Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Chinnigul tuproq tanlamaydi, lekin tarkibida bir oz ohak bo‘lgan, sog‘, unumdor va donador tuproqli yerni ko‘proq yoqtiradi. Tuproq har kvadrat metriga 4-5 kg go‘ng va 400-500 g qum qo‘shib chopiladi Agar tuproq qumli, yumshoq bo‘lsa, har kvadrat metrga 3-4 kg go‘ng solib chopiladi.
Ochiq maydonlarda 50-60 sm. li qatorlar tayyorlanadi. Yirik gulli chinnigul yetishtirish uchun ikkidan bir qism soz tuproq va yana ikkidan bir qismi chirigan bargdan iborat aralashma tayyorlanib, bunga tuproqning qay darajada zichlanganiga qarab, qum qo‘shiladi.
Yaxshi achiganidan keyin o‘simlik dastlab har olti kunda bir marta, bir oz vaqt o‘tgach – ikki marta ana shu suyuq go‘ng bilan sug‘oriladi. Suyuq o‘g‘it faqat g‘unchalar hosil bo‘la boshlaganda solinadi. Bunday o‘g‘it solingandan keyin o‘simliklar bir yoki bir necha marta toza suv bilan sug‘oriladi. To‘g‘ri agrotexnik chora tadbirlari olib borilganda o‘simlik tupidan 6-8 ta gul olish mumkin
Sug‘orish. Chinnigul yoz kunlarida har 10-15 kunda 2-3 marotaba zaxlatmasdan sug‘oriladi.
O‘g‘itlash. Chinnigul asosan may, iyun oylarida chirigan go‘ng bilan oziqlantiriladi.
Qator oralig‘iga ishlov berish. Tuproqni yumshatish dastlabki yillari 6-8 marotabagacha o‘tkaziladi. Qator oralari qo‘l kuchi yordamida 10-12 sm chuqurlikda ketmon bilan chopiq qilinadi. Bu ishlar sug‘orilgandan 2-4 kundan so‘ng amalga oshiriladi. Gulzor doimo begona o‘tlardan tozalanadi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Chinnigul asosan oq pashsha va zang kasalliklariga moyil. Bu kasalliklarga qarshi asosan oltingugurt va boshqa kimyoviy dorilar sepiladi.
Gladiolus
Ko‘chat tayyorlash. Gladiolus guli asosan piyozdan ko‘payadi. Piyoz gulning bolalash davri o‘tgandan keyin kovlab olinadi. Bu payt avgust oyining oxiri sentyabr oyining boshlariga to‘g‘ri keladi. Kovlab olingan piyoz quritilib, yirik va sog‘lom piyozlar ajratilib olinadi.
Keyin to‘rxaltaga solib, osib qo‘yiladi. Qurigan piyoz ko‘klamda, aprel oylarida ochiq yerga qadab chiqiladi. Qadab chiqilgan piyoz 10-15 kunda unib chiqadi va iyun oylariga borib gullay boshlaydi. Avgust oyining oxirida gladiolus piyozlari yana kovlab olinadi.
Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Gladioluslar o‘g‘itlangan qumoq tuproqli, serquyosh, shamollardan himoya qilingan yerda yaxshi o‘sadi. O‘simlikni o‘tqazish uchun suv to‘xtamaydigan, qumoq va qumloq tuproqli yer tanlanadi. Maydon kuzda 25-30 sm chuqurlikda haydaladi. Ko‘klamda yerni xaskashda tekislab, qatqalog‘i yo‘qotiladi.
Gladiolus kartoshkapiyozlari ekilishi oldidan uning quruq po‘sti olib tashlanadi, so‘ngra formalin (1:800) eritmasi bilan yuqumsizlantiriladi. Shundan keyin uni sovuq suvda yuvib, quritiladi.
Bu piyoz-kartoshka kurakchada ochilgan uyachalarga yoki egatchaga ekiladi. Buning uchun uyachalarga eng avvalo ozroq qum solinadi. Uyaga va egatlarga qo‘yilgan piyoz-kartoshkachalar seroziq tuproq bilan ko‘miladi.
Ekish. Gladiolus piyozining kattaligiga qarab gulzorga 25×25 yoki 30×30 sm oraliq bilan, 1 m2 ga yirik piyozdan 25-30 ta, maydasidan 60 tagacha, nush (bolacha) laridan 120 tagacha ekiladi.
Katta maydonlarga ekishda qator orasi 50-70 sm, tup orasi 25-30 sm etib tanlanadi. Gulning piyozi, avval arig‘i ochilib, pushta qismiga, ya’ni ustiga qadab chiqiladi. Qadab chiqish oralig‘i 5 sm. dan 10 sm. gacha bo‘ladi. Piyoz 10-12 sm chuqurlikda ko‘miladi.
Parvarishlash. Yozda kamida besh-olti marta o‘toq qilinadi va tuproq yumshatiladi. Gladioluslarning yaxshi o‘sishi uchun tuproq hamisha nam saqlanadi.
O‘simliklarni go‘ng sharbati (shaltoq) va mineral o‘g‘it eritmasi bilan oziqlantirish ayniqsa foydalidir. Shaltoqni tayyorlash uchun bir chelak go‘ng va to‘rt chelak suv bochkaga solinib yaxshilab aralashtiriladi. 6-8 kundan keyin shaltoq bilan o‘simlikni sug‘orish mumkin. Sug‘orish oldidan har chelak suyultirilgan shaltoqda yana 4-5 chelak suv qo‘shiladi. Suyuq shaltoq o‘simliklarga kechqurun, hul yerga solinadi.
Iyun-iyulda o‘simliklar, yuqorida ko‘rsatilgandek, azotli o‘g‘it yoki go‘ng shaltog‘i bilan yoki bo‘lmasa 10 l suvga 15-20 g hisobidan selitra yoki sulfat ammoniy qo‘shib tayyorlangan eritma bilan sug‘oriladi. Yozning o‘rtasidan boshlab o‘simliklar superfosfat eritmasi bilan sug‘oriladi. Bu eritma bir chelak suvga 30-40 g superfosfat qo‘shib tayyorlanadi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Gladiolus asosan kul rang chirish, quruq chirish, fuzarioz yoki bakterioz kasalliklariga chalinishi mumkin.
Bu kasalliklarga qarshi ularning oldini olish choralari qo‘riladi. O‘tqazish oldidan piyozlar formalin bilan dorilanadi. Buning uchun 1 l suvga 3-4 g 40 foizli formalin solinadi.
Xrizantema
Ko‘chat tayyorlash. Xrizantema asosan qalamcha usulida ko‘paytiriladi. Buning uchun ona ko‘chatdan ochilib bo‘lgan, pishgan sog‘lom novda olinadi. Kesib olingan sog‘lom novdadan uch bo‘g‘im qilib qalamchalar kesib chiqiladi. Qalamchaning tag qismdagi ikkita bargi olib tashlanadi. Tayyor qalamchalar 1 soat davomida karnoving dorisiga botirib qo‘yiladi. Karnovingdan olingandan keyin 10-15 sm qalinlikdagi qumga qadab chiqiladi. Qalamchalar orasi 1-2 sm bo‘ladi. Qadalgan qalamchalar usti plyonka bilan yopiladi. Bu ishlar asosan may, iyun va sentyabr oylarida qilinadi. Qalamchalar ildiz olgandan keyin plyonka ichidan olinib, ochiq yerga ekiladi.
Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Xrizantema uchun ajratilgan maydon tekis va uncha katta bo‘lmagan (2-3o gacha) nishablikda bo‘lishi lozim. Yer maydoni kuz oylari tayyorlanadi va organik o‘g‘itlar berib, 25-30 chuqurlikda haydaladi. Begona o‘tlar olib tashlanadi va ariqlar olinadi.
Pushtalar kaltaroq 25-30 m uzunlikda va balandligi 20-25 sm bo‘lishi lozim. Qatorlar oralig‘i 60-70 sm bo‘lishi kerak. Qatorlar nazoratlash uchun sug‘oriladi, kamchiliklar bartaraf qilinadi, so‘ngra ekishga kirishiladi.
Ekish. Ko‘chatlarni mahalliy sharoitga qarab gulzorlarga turli vaqtda ko‘chirib o‘tqazish mumkin. Ular oftob, chala oftob tushadigan joylarni yoqtiradi. Yaxshi o‘sgan va baquvvat o‘simliklar 10 apreldan boshlab ko‘chirib o‘tqaziladi. 1-2 °S sovuq ziyon yetkazmaydi. Bunda qator oralari 60-80 sm, o‘simliklar orasi esa 40-50 sm qilib olinadi. 10-15 sm chuqur kovlab, uni suvga to‘yintirib, ekib chiqiladi.
Ko‘chat oralig‘i ekilayotgan joyga qarab tanlanadi. O‘simliklar gulzorga ekilgandan keyin ularni bir necha kun davomida qondirib sug‘orish lozim. Gullari uzib olinadigan gulzorlardagi o‘simliklarda bittadan g‘uncha qoldirib, qolganlari olib tashlanadi, ba’zan novdalari ham siyraklashtiriladi. Ortiqcha g‘unchalarni uzish davrida o‘simliklar oziklantiriladi, ya’ni haftada bir-ikki marta suyuq o‘g‘it bilan sug‘oriladi. Xrizantemani keyinchalik parvarish qilish – butun yoz bo‘yi qatorlar orasini yumshatib turish, o‘simliklar orasini chopish, begona o‘tlarni yo‘qotish, tuplariga shakl berish va vaqtida sug‘orishdan iborat.
Sug‘orish. Xrizantema guli suvni yaxshi ko‘radi, shu bois haftada ikki marotaba sug‘orish kerak. Qatorlar oralig‘i 6-8 marotaba yumshatilib, qo‘l quchi yordamida 10-15sm chuqurlikda chopiq qilinadi.
Oziqlantirish. Mineral o‘g‘it me’yori har 10 l suvga 20-25 g selitra aralashtirib tayyorlanadi va sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Xrizantema guliga asosan ochilish, gullash davrida shiralarga qarshi 20 foizli Mospilan em. k. preparati sepiladi.
Lola
Ko‘chat tayyorlash. Lola ko‘chatini tayyorlash bahor oylarining oxirlaridan boshlanadi. Aprelning 20-25 kunlaridan boshlab may oyining 10-15 kunlarigacha ochilib bo‘lgan lola piyozlari yerning chuqur qismiga kirmasdan, ya’ni yuza qismida bo‘lgan paytda kovlab olinadi. Kovlab olingan piyozlarning sog‘lomlari saralab olinadi, selgitiladi va qorong‘i soya joyda saqlanadi. Saqlangan piyoz noyabr oyida yerga ekiladi. Ekilayotgan piyoz sog‘lom, chirimagan va butun bo‘lishi kerak. Lola piyozining bolalash davri gullash paytidan boshlanadi. Shuning uchun gullash davrida lola piyozini kovlash aslo mumkin emas.
Ekish. Lola piyozi zax bo‘lmagan, suv shimuvchi va yaxshi o‘g‘itlangan yumshoq yerga ekiladi. Piyoz tomorqaning katta kichikligiga qarab 10 sm. dan 30 sm. gacha oraliqda ekiladi.
Sug‘orish. Lola piyozi qadalgandan so‘ng ungch ko‘p suv talab qilmaydi. Chunki piyozlar salqin paytda, ya’ni noyabr oylarida yerga qadalib, kunlar qizir-qizimas, ya’ni aprelning oxirlari-may oyining boshlarida kovlab olinadi. Lola kasalliklarga chidamli, ko‘p miqdorda o‘g‘it talab qilmaydi.
A. Ubaydullayev
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti
Gul turlarini yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar