GRAFIK USULLAR haqida malumot bilib oling.
GRAFIK USULLAR, i. ch. ni boshqarishdagi grafik usullar — bironbir tashkiliy yoki boshqaruv ishlarini shartli tasvirlash usullari. Dastlab, 20-a. boshlarida AQSH muhandislari F. U. Teylor va G. L. Gantlar i. ch. ni boshqarishni tashkil etish usullaridan biri sifatida qoʻllaganlar. Grafik usullar yordamida boshkarish jarayonlarini modellash masalalari hal qilinadi, turli omillar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik, hisob koʻrsatkichlari aniqlanadi, xoʻjalik amallari nazorat qilinadi, guruhlarga ajratiladi. I. ch. ni boshqarishda tasviriy-axborot (bezak-informatsion) operativ, analitik va hisob grafiklari ishlatiladi. Tasviriy-axborot aniq belgilangan, oldindan tekshirilgan, boshqariluvchi jarayonlarning haqiqiy holatini aks ettiruvchi maʼlumotlardan tuziladi; operativ grafiklar vazifalarni tez suʼrat bilan hal qilishda qoʻllaniladi; analitik grafiklar mantiqiy va matematik qayta ishlangan maʼlumotlardan tuziladi; hisob grafiklar (mas, nomogrammalar) oʻzgaruvchan koʻpdan-koʻp qiymatlarga bogʻliq boʻlgan funksiyani hosil qilishga imkon beradigan axborotlar boʻladi. Grafik usullarda sxema, diagramma, jadvallar va b. chizma vositalardan foydalaniladi. EHM va kompyuterlar paydo boʻlgandan soʻng Grafik usullar vazifalari shular zimmasiga yuklanmoqda. Lekin Grafik usullar hali ham oʻz nufuzini yoʻqotgani yoʻq.
Ensiklopediya.uz
GRAFIK USULLAR