GOLJI KOMPLEKSI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GOLJI KOMPLEKSI haqida malumot bilib oling.

GOLJI KOMPLEKSI, Golji apparati, plastinkasimon apparat — hamma eukariot hujayralar uchun xos organoid. Golji Kompleksini Golji (1898) nerv hujayralarida kashf qilgan. Strukturaviy va funksional birligi — diktiosoma. Hujayra sitoplazmasida birbiri bilan umumiy toʻr orqali bogʻlangan 20 ga yaqin diktiosomalar boʻladi. Golji kompleksi koʻpincha sentriollarni oʻrab turadi, hujayraning Golji kompleksi joylashgan qismida ribosomalar deyarli boʻlmaydi. Sekretor hujayralarda Golji kompleksi hujayraning apikal qismida joylashadi. Funksiyasi — oqsillarni modifikatsiyalash (glyukozalash, sulfatlash, fosforlash, qisman polipeptid zanjirni parchalash va b.), ajratiladigan mahsulotlarni granulalar holida taxlash, ayrim polisaxaridlarni sintezlash, hujayra membranasini hosil qilish, lizosomalarni sintezlash. Oqsillar membranali pufakchalar ichida endoplazmatik toʻrdan Golji kompleksiga oʻtadi. Golji kompleksida ulardan murakkab oqsillar (lipoproteidlar, mukoproteidlar, mukopolisaxaridlar) hosil boʻladi. Tayyor mahsulotlar pufakchalarda toʻplanadi. Pufakchalar diktiosomalar uchidagi xaltachalardan sitoplazmaga chiqib, u yerda toʻplanadi yoki mikronaychalar orqali hujayradan tashqariga chiqariladi. Oʻsimlik hujayralarida Golji kompleksi hujayra devori tarkibiga kiradigan gemitsellyuloza va pektinni sintezlaydi, polisaxaridli shilimshiq modda sintezida ishtirok etadi. Bir hujayrali hayvonlarda Golji kompleksi elementlari qisqaruvchi vakuollar hosil qiladi. Golji kompleksi granulotsitlar uchun granulalarni va spermiylar akrosomalarini shakllantiradi.

Hujayra boʻlinishida Golji kompleksi alohida diktiosomalarga ajralib ketib, yangidan hosil boʻladigan hujayralar oʻrtasida tasodifan taqsimlanadi.

Ensiklopediya.uz
GOLJI KOMPLEKSI