GOLFSTRIM haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GOLFSTRIM haqida malumot bilib oling.

GOLFSTRIM (ing. Gulf Stream – qoʻltiq oqimi) — Atlantika okeanining shim. qismidagi iliq oqim. Aslida Golfstrim bir qancha iliq oqimlardan iborat boʻlib, Florida ya. o. qirgʻogʻidan Shpisbergen va Novaya Zemlya o. larigacha 10 ming km masofaga oqib boradi. Golfstrim dastlab Florida qoʻltigʻining jan. qismida hosil boʻladi. Passat shamoli suvni Yukatan boʻgʻozi orqali Meksika qoʻltigʻiga haydaydi va oqibatda Meksika qoʻltigʻi suvi sathi b-n Atlantika okeanining shu atrofdagi qismi sathida kattagina farq vujudga keladi. Okeanga kiraverishda oqim hajmi sekundiga 25 mln. m3 (sutkasiga 2160 km3) ga yetadi, bu esa butun Yer sharidagi barcha daryolarning suv sarfidan 20-marta ortiqdir. Okeanda bu oqim Antil oqimi bilan qoʻshiladi, shundan soʻng 38° sh. k. da Golfstrimda sekundiga 82 mln. m3 suv oqadi. Golfstrim okeanda soatiga 6 km (baʼzan 10 km) tezlik bilan shimolga karab Shim. Amerika materigi sohili boʻylab oʻtadi. Oqimning eni jan. da 75 km, Xatteras burni yaqinida 110—120 km, qalinligi 700—800 m. G. juda koʻp issiqlik hamda tuz olib keladi. Suv yuzasida oʻrtacha yillik t-ra 25—26°, shoʻrligi 36,2—36,4%», 400 m chuqurlikda 10—12°, Nyufaundlend sayozligining jan. chekkasi yonida Golfstrimga shimoldan sovuq Labrador oqimi yaqinlashib keladi. Ana shu yerda ikki xil suv aralashadi va yuza qatlamdagi suv pastga tushadi. Taxminan 40° gʻ. u. da Golfstrim Shimoliy Atlantika oqimi nomini oladi, bu oqim gʻarbiy va jan.gʻarbiy shamollar taʼsirida Okeanii gʻarbdan sharqqa kesib oʻtadi va Yevropa yaqinida asta-sekin shim.-sharqqa buriladi. Tomson portiga yaqinlashganda Shim. Atlantika oqimidan Irminger iliq oqimi ajralib chiqib, Baffin dengizi tomon ketadi. Shim. Atlantika oqimining asosiy qismi Norvegiya dengizidan chiqqach, Shpisbergen oqimi nomini oladi va Skandinaviya ya. o. ning gʻarbiy qirgʻogʻi boʻylab shim. ga qarab ketadi, shundan soʻng Shpisbergen o. larining gʻarbiy qirgʻogʻi yaqinidan oʻtib, Shpisbergendan shim. da bu oqim pastga tushib ketadi va Shim. Muz okeanidan yana bir oz sezilib turadi. Golfstrim va uning davomi boʻlgan iliq oqimlar Shim. Muz okeani va uning dengizlari suviga, organik dunyosiga, Yevropaning Atlantika okeaniga yaqin mamlakatlari iqlimiga katta taʼsir etadi. Iliq suv Yevropa havosini ilitib turadi.

Ensiklopediya.uz
GOLFSTRIM