Golf koptogi fizikasi
Golf koptogi fizikasi
Golf butun dunyoda eng ommabop o‘yinlardan biri sanaladi. Uni avvallari faqat villasida keng yaylovi bor kiborlar o‘ynashgan bo‘lsa, keyinchalik golf juda keng ommalashdi va hozirda olimpiya sport turlari dasturiga ham kiritilgan. Tabiat qo‘ynida faol hordiq chiqarish uchun golf eng yaxshi variantlardan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Golfga qiziqqan va muntazam o‘ynaydigan shinavandalar yaxshi bilishadiki, golfchi uchun eng rasvo ish — koptokning qumloqqa o‘tirib qolishi, aksincha, golfchining eng yaqin do‘sti — golf koptogidagi g‘adir-budirliklar bo‘ladi. Ko‘pchilik golf koptogidagi o‘sha g‘adir-budirliklarni shunchaki dizayn uchun qilingan deb o‘ylaydi. Aslida, golf koptogining fervey bilan olis parvoz qilishini ta’minlovchi mukammal «aerodinamika» aynan o‘sha g‘adir-budirliklarda yashiringan.
Zamonaviy golf koptogining «bobo‘sini 1848-yilda Robert Adams Peterson (1829-1904) ismli ruhoniy odam ixtiro qilgan edi. U sapodilla daraxti shirasidan olinadigan — guttaperchdan (kauchukka o‘xshash modda) koptokcha yasagan va golfni shunday to‘plar bilan o‘ynay boshlashgan. Vaqt o‘tishi bilan, golf o‘yinchilari agar koptokda o‘yiq va kesiqlar hosil qilinsa, bunday koptok silliq koptokka nisbatan uzoqroqqa uchishini payqab qolishdi. Golf koptogi ishlab chiqaruvchilari ham bu jihatda darhol e’tibor qaratishdi va ko‘p o‘tmay, endi golf koptoklari zavoddanoq tayyor «nuqsonlar» bilan ataylab hosil qilingan chuqurchalar va bo‘rtmalar bilan ishlab chiqarila boshlandi. 1905-yilga kelib, golf koptoklari endi sirti to‘laligicha g‘adir-budirliklar bilan qoplangan tarzda tayyorlanishga o‘tilgan.
Golf koptogi sirtidagi bunday g‘adir-budirliklar hosil qiladigan aerodinamik effektlar parvozning silliq koptoklardagidan ko‘ra uzoqroq bo‘lishini ta’minlaydi. Birinchidan, g‘adir-budirliklar tufayli, koptokni qurshab turgan chegaraviy havo qatlami parvoz davomida ham u bilan qolaveradi, chunki, aynan g‘adir-budirliklar bu havo qatlamini tutib qoladi. Yaqin chegaraviy havo qatlami koptok atrofida uzoqroq qolishi natijasida, koptok parvozi vaqtida undan nisbatan torroq kilvater oqim past bosimli qo‘zg‘algan havo yuzaga keladi. Natijada, parvozdagi koptok uchun muhit qarshiligi kamayadi. Qolaversa, odatda tayoq bilan golf koptogiga zarba berilganda, zarba koptokka teskari aylanish uzatadi, buning natijasida, Magnus effekti ta’siri bilan koptokning havodagi parvozi barqarorligi yanada ortadi va ko‘tarilish balandligi ham sezilarli ko‘payadi. g‘adir-budirliklar Magnus effektini kuchaytiradi.
Zamonaviy golf koptoklarida 250 tadan 500 tagacha g‘adir-budirliklar bo‘ladi. Golf koptoklari uchishi fizikasini o‘rganish natijasida aniqlangan qiziq faktlardan biri shuki, agar koptok sirtidagi g‘adir-budirliklarning shakli o‘tkir qirrali ko‘pburchaklar shaklida bo‘lsa, masalan, oltiburchaklardan iborat g‘adir-budirliklar bo‘lsa, bunday koptoklar, g‘adir-budirliklarining qirralari silliq bo‘lgan koptoklardan ko‘ra uzoqroqqa uchar ekan. Fiziklar ashaddiy golf shinavandasi bo‘lgan ishqiboz-o‘yinchilar va professional golfchilarning buyurtmalari asosida, golf koptogini yana takomillashtirish ustida ham izlanish olib borishgan. Bunda, superkompyuterlarni qo‘llash orqali, koptok parvozining g‘adir-budirliklar ta’sirida eng maqbul tezlikka va olislikka ega bo‘lishi modellashtirilgan va bunda g‘adir-budirliklarning eng optimal shakllari tanlab olingan.
1970-yillarda golf koptoklari ishlab chiqaruvchi Polara brendi va AQSH golf assotsiatsiya o‘rtasida nizo kelib chiqqan edi. o‘shanda Polara golf to‘plarida asimmetrik g‘adir-budirliklar qo‘llanilgan bo‘lib, bunday to‘plarga zarba berilganda to‘pning keskin yonga og‘ishlari va qiyshiq uchishlari kamroq uchrar edi. Ya’ni, koptok sirtidagi g‘adir-budirliklar asimmetriyasi koptokning yon tarafga aylanishini neytrallagan va uchish trayektoriyasini barqarorlashtirgan. Biroq, bunday qulaylik negadir golf assotsiatsiyasi korchalonlariga ma’qul kelmadi va ular golf o‘yini uchun zarur bo‘lgan mahoratni pasayishiga olib kelmoqda’ degan vaj bilan, bunday koptoklarni rasmiy musobaqalarda qo‘llashni ta’qiqlashdi. Boz ustiga, keyinchalik bu masalaga yana qaytmaslik uchun, golf assotsiatsiyasi golf koptoklari sirtidagi g‘adir-budirliklar simmetrik bo‘lishi kerakligi haqidagi maxsus bandni ham o‘yin qoidalariga joriy qildi.
Nizo oqibatida golf assotsiatsiyasi Polara firmasiga 1,4 million dollar tovon puli to‘lashi evaziga, endilikda firma bunday asimmetrik koptoklarni ishlab chiqarishni to‘xtatgan.
Rasmda: Zamonaviy golf to‘plarida 250 tadan 500 tagacha g‘adir-budirlar mavjud bo‘ladi va bu havo qarshiligini teng yarimigacha kamaytiradi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Qiziqarli fizika
Golf koptogi fizikasi
Manba:orbita.uz