Golf koptogi fizikasi to’liq malumot oling

Golf koptogi fizikasi to’liq malumot oling

Golf butun dunyoda eng ommabop oʻyinlardan biri sanaladi. Uni avvallari faqat villasida keng yaylovi bor kiborlar oʻynagan boʻlsa, keyinchalik golf juda keng ommalashdi va hozirda olimpiya sport turlari dasturiga ham kiritilgan. Tabiat qoʻynida faol hordiq chiqarish uchun golf eng yaxshi variantlardan biri desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Golfga qiziqqan va muntazam oʻynaydigan shinavandalar yaxshi bilishadiki, golfchi uchun eng rasvo ish — koptokning qumloqqa “oʻtirib qolishi”. Aksincha, golfchining eng yaqin doʻsti esa golf koptogidagi gʻadir-budurliklar boʻladi. Koʻpchilik golf koptogidagi oʻsha gʻadir-budurliklarni shunchaki dizayn uchun qilingan deb oʻylaydi. Aslida golf koptogining fervey bilan olis parvoz qilishini taʼminlovchi mukammal aerodinamika aynan oʻsha gʻadir-budurliklarda yashiringan.

Zamonaviy golf koptogining ilk variantini 1848-yilda Robert Adams Peterson (1829—1904-yillar) ismli ruhoniy odam ixtiro qilgan edi. U sapodilla daraxti shirasidan olinadigan guttaperchdan (kauchukka oʻxshash modda) koptokcha yasagan va golfni shunday toʻplar bilan oʻynay boshlagan. Vaqt oʻtishi bilan golf oʻyinchilari agar koptokda oʻyiq va kesiqlar hosil qilinsa, bunday koptok silliq koptokka nisbatan uzoqroqqa uchishini payqab qoladi.

Golf koptogi ishlab chiqaruvchilari ham bu jihatga darhol eʼtibor qaratdi va koʻp oʻtmay endi golf koptoklari zavoddanoq tayyor “nuqsonlar” bilan, yaʼni ataylab hosil qilingan chuqurchalar va boʻrtmalar bilan ishlab chiqarila boshlandi. 1905-yilga kelib, golf koptoklari endi sirti toʻlaligicha gʻadir-budurliklar bilan qoplangan tarzda tayyorlanishga oʻtilgan.

Golf koptogi sirtidagi bunday gʻadir-budurliklar hosil qiladigan aerodinamik effektlar parvozning silliq koptoklardagidan koʻra uzoqroq boʻlishini taʼminlaydi. Birinchidan, gʻadir-budurliklar tufayli koptokni qurshab turgan chegaraviy havo qatlami parvoz davomida ham u bilan qolaveradi, chunki aynan gʻadir-budurliklar bu havo qatlamini tutib qoladi. Yaqin chegaraviy havo qatlami koptok atrofida uzoqroq qolishi natijasida koptok parvoz vaqtida undan nisbatan torroq kilvater oqim past bosimli qoʻzgʻalgan havo yuzaga keladi.

Natijada parvozdagi koptok uchun muhit qarshiligi kamayadi. Qolaversa, odatda tayoq bilan golf koptogiga zarba berilganda, zarba koptokka teskari aylanish uzatadi, buning natijasida Magnus effekti taʼsiri bilan koptokning havodagi parvozi barqarorligi yanada ortadi va koʻtarilish balandligi ham sezilarli koʻpayadi. Bu gʻadir-budurliklar Magnus effektini kuchaytiradi.

Zamonaviy golf koptoklarida 250 tadan 500 tagacha gʻadir-budurliklar boʻladi. Golf koptoklari uchishi fizikasini oʻrganish natijasida aniqlangan qiziq faktlardan biri shuki, agar koptok sirtidagi gʻadir-budurliklarning shakli oʻtkir qirrali koʻpburchaklar shaklida boʻlsa, masalan, oltiburchaklardan iborat gʻadir-budurliklar boʻlsa, bunday koptoklar gʻadir-budurliklarining qirralari silliq boʻlgan koptoklardan koʻra uzoqroqqa uchar ekan.

Fiziklar ashaddiy golf shinavandasi boʻlgan ishqiboz-oʻyinchilar va professional golfchilarning buyurtmalari asosida golf koptogini yana takomillashtirish ustida ham izlanishlar olib borgan. Bunda superkompyuterlarni qoʻllash orqali koptok parvozining gʻadir-budurliklar taʼsirida eng maqbul tezlikka va olislikka ega boʻlishi modellashtirilgan, bunda gʻadir-budurliklarning eng optimal shakllari tanlab olingan.

1970-yillarda golf koptoklari ishlab chiqaruvchi Polara brendi va AQSh golf assotsiatsiyasi oʻrtasida nizo kelib chiqqan edi. Oʻshanda Polara golf toʻplarida asimmetrik gʻadir-budurliklar qoʻllanilgan boʻlib, bunday toʻplarga zarba berilganda toʻpning keskin yonga ogʻishlari va qiyshiq uchishlari kamroq uchrar edi. Koptok sirtidagi gʻadir-budurliklar asimmetriyasi koptokning yon tarafga aylanishini neytrallagan va uchish trayektoriyasini barqarorlashtirgan.

Biroq bunday qulaylik negadir golf assotsiatsiyasi korchalonlariga maʼqul kelmadi va ular golf oʻyini uchun zarur boʻlgan mahoratni pasayishiga olib kelmoqda degan vaj bilan bunday koptoklarni rasmiy musobaqalarda qoʻllashni taqiqladi. Boz ustiga, keyinchalik bu masalaga yana qaytmaslik uchun golf assotsiatsiyasi golf koptoklari sirtidagi gʻadir-budurliklar simmetrik boʻlishi kerakligi haqidagi maxsus bandni ham oʻyin qoidalariga joriy qildi.

Nizo oqibatida golf assotsiatsiyasi Polara firmasiga 1,4 million dollar tovon puli toʻlashi evaziga endilikda firma bunday asimmetrik koptoklarni ishlab chiqarishni toʻxtatgan.

golf koptogi fizikasi 1

Rasmda: zamonaviy golf toʻplarida 250 tadan 500 tagacha gʻadir-budurlar mavjud boʻladi va bu havo qarshiligini teng yarimigacha kamaytiradi.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Golf koptogi fizikasi
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
Golf koptogi fizikasi