“Go” o‘yini to’liq malumot oling

“Go” o‘yini to’liq malumot oling

“Go” – ikki kishi oʻynaydigan stol oʻyini boʻlib, uni taxminan eramizdan 2000 yillar muqaddam Qadimgi Xitoyda oʻylab topishgan. Aniq dalil hisoblanadigan qoʻlyozma manbalar ichida esa eng qadimiysi eramizdan avvalgi 548-yilga taalluqli boʻlib, unda Szchao ismli xitoylik yozuvchi “Go” oʻyiniga mukkasidan ketgan odam haqida maʼlumot yozib qoldirgan. Oʻyin Xitoydan Yaponiyaga ham oʻtgan va eramizning XIII asrida kunchiqar yurt aholisi mazkur oʻyinga qattiq berilib ketgani haqida tarixiy maʼlumotlar bizgacha yetib kelgan.

Klassik “Go” oʻyinida 19×19 oʻlchamdagi doska kataklarining tutashgan joylariga oʻyinchilar navbat bilan oq va qora toshlarni qoʻyib chiqishadi. Hozirda doska kataklari oʻlchami 19×19 dan kattalari ham, kichiklari ham mavjud. Oʻyin qoidasiga koʻra, oʻyinchi oʻz toshlari bilan raqibining toshlarini har tomonlama toʻliq oʻrab olishi kerak. Oʻrab olingan, yaʼni qurshovda qolgan tosh (yoki toshlar guruhi) oʻyindan chiqadi. Oʻyin maqsadi – doskaning imkon qadar katta qismini raqibdan tortib olish (raqibdan koʻra koʻproq joyni egallash).

Bir qarashda juda joʻn tuyuladigan oʻyin aslida koʻp jihatdan anchayin murakkab sanaladi. Undagi oʻynalishi mumkin boʻlgan partiyalar sonining juda koʻpligi, doskaning katta oʻlchami va strategiyalarning ham xilma-xilligi oʻyinni ancha murakkablashtiradi. Raqibga nisbatan koʻproq toshga ega boʻlishning oʻzi gʻalaba uchun yetarli boʻlmaydi.

Simmetriyani eʼtiborga olgan holda hisoblansa, oʻyinda debyutlarning oʻzi 32940 ta variantda boʻlishi mumkin va ulardan 992 tasi kuchli debyutlar sanaladi. Toshlarning doskadagi joylashishi mumkin boʻlgan variantlari sonini esa hech kim aniq hisoblay olgan emas. Bu raqam 10172 atrofida ekani taxminan keltirib chiqarilgan. “Go” oʻyinida oʻynalishi mumkin boʻlgan partiyalar soni esa taxminan 10768 ni tashkil qiladi.

Odatda, har ikkala raqib ham ushbu oʻyin ustasi boʻlib ketgan teng kuchli boʻlsa, ular oʻrtasidagi oʻyinning bir partiyasi oʻrtacha 150 yurishdan iborat boʻladi, oʻynalayotgan partiyadagi istalgan holatda yurish mumkin boʻlgan variantlarning oʻrtacha soni 250 tani tashkil qiladi.

Shuning uchun ham, agar kompyuter dasturi puxta ishlab chiqilgan boʻlsa, kompyuter har qanday kuchli shaxmatchini, xususan, jahon darajasidagi grossmeysterni ham yutib qoʻyishi ehtimoli katta (deyarli 99% ga aniq), lekin “Go” oʻyinini odatda kompyuter yuta olmaydi va bu oʻyinda hali tajribasiz boʻlgan oʻrtamiyona oʻyinchi ham har qanday kompyuter dasturini oson yutib qoʻya oladi.

Buning sababi oddiy: “Go” oʻyinida, shaxmatdagidan farqli ravishda, bir necha yurish oldinni koʻzlab reja qilish qiyin. Bunday oldindan oʻylab yurish kerak boʻlgan variantlar sonini hatto kompyuter ham aniq hisoblay olmaydi.

Boz ustiga, bunday hisob-kitobni bajara oladigan superkompyuterlar ham shunday yurishlardan eng maqbuli, yaʼni eng foydalisi qaysi bir ekanini avvaldan baholash imkoniga ega boʻlmaydi. Chunki atigi bitta boʻsh turgan oʻrinni toʻldirish orqali qilinadigan birgina yurish bilan juda koʻp sondagi boshqa toshlarning taqdiri oʻzgarib ketadi.

2006-yilda vengr dasturchilari UCT nomli kompyuter dasturi ishlab chiqqani va uning algoritmiga koʻra, kompyuter “Go” oʻyini professionallari bilan tengma-teng oʻynashi va yutishi ham mumkinligini eʼlon qilgan edi. Biroq ularning kompyuter dasturi oddiy (klassik) 19×19 oʻlchamli taxtadagi emas, balki 9×9 oʻlchamdagi kichik “Go” oʻyinini oʻynay olarkan xolos…

Umuman olganda, kompyuterdagi “Go” oʻyinida insonni magʻlub eta oladigan algoritmni yaratish borasidagi ishlar kompyuterlar ommalasha boshlagan 1980-yillardayoq boshlangan edi. 1987-yildan 2000-yilgacha boʻlgan davrda “Go” oʻyinida odamni yuta oladigan kompyuter dasturi ishlab chiqqan dasturchi uchun 40 million Tayvan dollari (taxminan 1 million yevro) miqdorida mukofot ham eʼlon qilingan edi. Lekin ushbu mukofotni oʻsha paytda hech kim yuta olmadi.

“Go” oʻyinida odamni magʻlub eta oladigan dastlabki algoritm esa faqat 2015-yilga kelib paydo boʻlgan. AlphaGo deb nomlangan kompyuter dasturi oʻshanda tarixda ilk bor Yevropa chempionini 5 partiyaning hammasida magʻlub etib, 5-0 hisobida gʻalaba qozongan edi. 2016-yilda mazkur dastur “Go” oʻyini boʻyicha jahon chempionini ham yengishga erishdi.

2017-yilda, taʼbir joiz boʻlsa, endi odamzod “Go” oʻyinini kompyuterga butunlay yutqazdi deyish mumkin. Chunki oʻshanda sayyoramizning 5 nafar eng kuchli “Go” oʻyinchilaridan iborat jahon terma jamoasi “AlphaGo” dasturiga qarshi oʻynab, 3 partiyaning hammasini yutqazishdi. Aytish joizki, ushbu “AlphaGo” dasturini Britaniyaning sunʼiy intellekt masalalari bilan shugʻullanuvchi “DeepMind” guruhi ishlab chiqqan.

go oyini 1

tesera.ru

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Go o‘yini
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
“Go” o‘yini