Goʼdak gigienasi
Goʼdak gigienasi
DO`STLARGA ULASHING:
Ona koʼzi yorib, tugʼruqxonadan qaytgach, goʼdagi parvarishi bilan band boʼladi. Bu vaqtda u birqancha masʼuliyatli vazifalarni qunt bilan bajarishi lozim. Maslahatlarimiz xuddi shu xususda.
Аvvalo chaqaloq uchun har kuni zarur boʼladigan narsalarga eʼtibor qarating. Uning kiyimlari dazmollangan holda stol ustiga taxlab qoʼyilishi kerak. Shuningdek salfetka, sochiqcha, sovunlar, sterillangan oʼsimlik yogʼi, qaychi va boshqa mayda-chuyda buyumlar ham taxt turgani maʼqul.
Chaqaloqning tirnoqlari nozik va oʼtkir boʼladi, juda tez oʼsadi, shuning uchun ham ularni haftasiga bir marta oling.
Bolalar qaychisi yoki yumshoq arracha yordamida goʼdak tirnogʼini uxlayotgan vaqtida olishga harakat qiling. Terisini shikastlab qoʼymaslik uchun barmoq yostiqchasini tirnoqdan orqaga tortib turing.
Oyoq tirnoqlari sekinroq oʼsadi, ularni oyiga bir yoki ikki marta olish kifoya.
Choʼmiltirish qoidalari
Ilk bora choʼmiltirish uchun sizga albatta yordamchi zarur. Shuningdek, goʼdakni doim issiq xonada choʼmiltiring va yoningizda uni oʼrash uchun quruq sochiq boʼlsin. Suvni haroratini tirsagingiz bilan tekshirib koʼring, u yoqimli iliq boʼlishi kerak.Eng muhimi hamma vaqt goʼdagingizni bir qoʼlingiz bilan ushlab turing va hech qachon bir oʼzini vannada qoldirmang. Uzoq choʼmiltirish shart emas, kir va koʼchgan terilarni yuvib tashlasangiz kifoya.
Goʼdakning jinsiy aʼzolarini yuvayotganda axlat qoldiqlari bilan ifloslantirmaslik uchun suvni orqa tomoniga qarab oqizing.
Boshidagi tabiiy yogʼlar tufayli sochlari yopishqoq boʼlishi mumkin. Shuning uchun goʼdak koʼzini achishtirmaydigan bolalar shampunini ishlating. Yuzi va qoʼllariga sovun surtmang, choʼmiltirib boʼlgandan soʼng goʼdak tanasini toza suvga chaying.
Terisi toza boʼlsin
Chaqaloqning ichi kelganda iliq suvda yumshoq sovun bilan (terida bakteriyalar qolmasligi uchun) tozalab yuvib tashlang. Yuvib boʼlgandan soʼng terini quruq qilib arting.Bola peshob chiqargach jinsiy aʼzosini iliq suvga chayib, paxta yo hidsiz (tarkibida spirt boʼlmagan) bolalar salfetkasi bilan artish kifoya. Terisini himoyalash uchun orqasining yumshoq joyiga vazelin surtish mumkin.
Koʼpgina goʼdaklarning orqa dumbasi va sonlarining terisi qizarib qoladi. Bunga yoʼl qoʼymaslik kerak, yaʼni sababini aniqlamoq zarur. Qizarish quyidagi hollarda roʼy beradi:
namlikning koʼpligi tufayli terisi zaiflashganda;
enzimlar, yaʼni axlat tarkibidagi ovqat fermentlarining taʼsiri boʼlganda;
axlat va siydik aralashuvi(ammiak taʼsiri tufayli) terisi qizarishi mumkin.
Bular taglik dermatiti atalib, tez orada yoʼqolavermasa shifokorga koʼrsatishingiz kerak.Toʼgʼri parvarishlansa, terisi qizarmaydi
Buning uchun avvalo goʼdakni toʼgʼri yoʼrgaklang, uning qoʼl-oyoqlarini juda qattiq qisib bogʼlamang. Oʼta boʼshashib ham ketmasin.Tagliklarini tez-tez almashtiring. Аlmashtirish tartibi quyidagicha:
goʼdak orqasini yumshoq sovun bilan yuvib qoʼying;
suv bilan chaying;
salfetka bilan quruq qilib arting;
davolovchi krem suribь qoʼying.
Chaqaloqni toʼgʼri parvarishlasangiz, yaʼni tagligini vaqtida almashtirish, terisini quruq saqlash va oʼz vaqtida uxlatib ovqatlantirishga eʼtibor bersangiz, goʼdagingiz sogʼlom oʼsib, voyaga yetadi.Sayrga olib chiqing
Goʼdakni vaqti-vaqti bilan ochiq havoga sayrga olib chiqish kerak. Hovlida boʼlsa qoʼlda koʼtargan holda, uzoqroq masofaga borilsa aravachaga solib sayr qildirish mumkin.Havo salqin paytda bolani yumshoq va issiq odeyalga oʼrash kerak, aks holda u tez shamollab qoladi. Yelvizak va shamolli kunlarda aravachaning toʼsiq pardalari yopib qoʼyilgani maʼqul. Yoki aravacha soyaboniga toʼr parda ilib qoʼyilsa ham boʼladi.
Havo va quyosh nuri tegishi uchun bolaning boshiga hech narsa kiydirmang. Chunki havo tegmasa goʼdak bosh terisida qazgʼoqlar paydo boʼladi. Oftob nuri ham goʼdak terisi uchun juda-juda kerak. Umuman, goʼdak gigienasiga qatʼiy amal qilinsa, bola orasta va sogʼlom boʼlib ulgʼayadi.
Jamila KOMILOVА,
pediatr shifokor.
Goʼdak gigienasi