Glomerulonefrit — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, asoratlari

Glomerulonefrit — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, asoratlari

Glomerulonefrit (yun. glomerulo — buyrak koptokchasi, nephritis — buyrak yalligʻlanishi, koptokchaviy nefrit) — bu immunoyallig’lanishli buyraklar kasalligi, asosan buyrak koptokchalarining shikastlanishi bilan kechadi. Ba’zan jarayonga interstitsial to’qima va buyrak naychalari jalb qilinadi. Glomerulonefrit mustaqil kasallik shaklida kechishi yoki muayyan tizimli kasalliklarda (infektsiyali endokardit, gemorragik vaskulit, tizimli qizil eritematoz) rivojlanishi mumkin. Glomerulonefritning klinik tasviri siydik, shish va gipertonik sindromlardan iborat. Glomerulonefritda siydik tahlili, Zimnitskiy va Reberg namunalari, buyrak ultratovush tekshiruvi va buyrak tomirlarining ultratovushli dopplerografiyasi diagnostik qiymatga ega.
svg%3EGlomerulonefrit kasalligi haqida to'liq ma'lumot

Glomerulonefrit

Ko’p hollarda glomerulonefritning rivojlanishi organizmning infektsion tabiatli antigenlarga nisbatan ortiqcha immun reaktsiyasi bilan bog’liq. Bundan tashqari, buyrakning shikastlanishi autoantitanalarning vayronkor ta’siri natijasida yuzaga keladigan glomeruloronefritning autoimmun shakli ham mavjud.

Glomerulonefritda antigen-antitana komplekslari buyrak koptokchalarining kapillyarlarida to’planib boradi, natijada birlamchi siydik ishlab chiqarish jarayoni buziladi, organizmda suv, tuzlar va modda almashinuvi mahsulotlari ushlanib qoladi, antigipertenziv omillar darajasi kamayadi. Bularning barchasi arterial gipertenziya va buyrak yetishmovchiligi rivojlanishiga olib keladi.

Glomerulonefritning tarqalganligi

Bolalarda glomerulonefrit orttirilgan buyrak kasalliklari orasida siydik yo’llari infektsiyasidan so’ng ikkinchi o’rinni egallaydi. Urologiya statistik ma’lumotlariga ko’ra, glomerulonefrit surunkali buyrak yetishmovchiligining rivojlanishi sababli bemorlarning erta nogiron bo’lib qolishining eng ko’p uchraydigan sababi hisoblanadi.

O’tkir glomerulonefrit har qanday yoshda rivojlanishi mumkin, ammo odatda, kasallik 40 yoshgacha bo’lgan bemorlarda yuzaga keladi.

Glomerulonefrit alomatlari va belgilari

O’tkir diffuz glomerulonefrit alomatlari ko’pincha streptokokklar (angina, pioderma, tonzillit) tomonidan chaqirilgan infektsion kasallikdan bir yoki uch hafta o’tgach paydo bo’ladi. O’tkir glomerulonefrit uchun uchta asosiy alomat xarakterlidir:

  • Siydik (oliguriya, mikro- yoki makrogematuriya);
  • Shish;
  • Gipertonik.

Bolalarda o’tkir glomerulonefrit jo’shqinlik bilan rivojlanadi, siklik ravishda kechadi va odatda sog’ayib ketish bilan tugaydi. Kattalarda o’tkir glomerulonefrit rivojlanganda kasallik xira shaklda namoyon bo’lib, siydikning o’zgarishi, umumiy alomatlarning yo’qligi va surunkali shaklga o’tish moyilligi bilan xarakterlanadi.

Glomerulonefrit tana haroratining ko’tarilishi (kuchli gipertermiya ehtimoli mavjud), umumiy zaiflik, ko’ngil aynishi, ishtahaning pasayishi, bosh og’rig’i va bel sohasidagi og’riq bilan boshlanadi. Bemor oqarib ketadi, uning qovoqlari shishgan bo’ladi. O’tkir glomerulonefritda dastlabki 3-5 kunda diurezning kamayishi kuzatiladi. Keyin chiqariladigan siydik miqdori ortadi, ammo uning nisbiy zichligi kamayadi. Glomerulonefritning yana bir doimiy va ajralmas belgisi — gematuriya (siydikda qon borligi). 83-85% hollarda mikrogematuriya rivojlanadi. 13-15% hollarda makrogematuriya rivojlanishi mumkin, bunda siydik uchun «go’sht yuvindisi» rangi xos bo’adi, ba’zida qora yoki to’q jigarrang bo’lishi mumkin.

Glomerulonefritning eng aniq belgilaridan biri — yuzning shishishi, u ertalab ifodalanadi va kun davomida kamayadi. Shuni ta’kidlash kerakki, mushaklar va teri osti yog’ to’qimalarida 2-3 litrgacha suyuqlik to’planishi shishish kuzatilmasdan ham sodir bo’lishi mumkin. Maktabgacha yoshdagi to’lacha bolalarda shishning yagona belgisi ba’zan teri osti kletchatkasining zichlashishi hisoblanadi.

O’tkir glomerulonefritli bemorlarning 60 foizida gipertoniya rivojlanadi va og’ir holatlarda u bir necha hafta davom etishi mumkin. 80-85% hollarda o’tkir glomerulonefrit bolalarning yurak-qon tomir tizimini shikastlanishiga olib keladi. Markaziy asab tizimi funktsiyasining buzilishi va jigar kattalashishi ehtimoli mavjud.

O’tkir glomerulonefritning ikkita asosiy kechish varianti ajratiladi:

  1. Tipik (siklik). Tez boshlanishi va klinik alomatlarning yoqrin namoyon bo’lishi xarakterlidir;
  2. Yashirin (asiklik). Glomerulonefritning xira shakli bo’lib, asta-sekin boshlanishi va alomatlarning zaif ifodalanishi bilan tavsiflanadi. Kech tashxislanishi va surunkali glomerulonefritga o’tish moyilligi tufayli sezilarli xavf tug’diradi.

O’tkir glomerulonefritning yaxshi kechishi, o’z vaqtida tashxislanishi va davolay boshlanishida asosiy alomatlar (shish, arterial gipertoniya) 2-3 hafta ichida o’tib ketadi. To’liq sog’ayib ketish 2-2,5 oydan keyin qayd etiladi.

Surunkali glomerulonefritning quyidagicha kechish variantlari ajratiladi:

  • Nefrotik (siydik alomatlari ustun);
  • Gipertonik (qon bosimining ko’tarilishi qayd qilinadi, siydik sindromi zaif ifodalangan);
  • Aralash (gipertonik va nefrotik sindromlarning birikmasi);
  • Latent yoki yashirin (zaif ifodalangan nefrotik sindromda arterial gipertoniya va shishlarning yo’qligi bilan xarakterlanadigan juda keng tarqalgan shakl);
  • Gematurik (siydikda eritrotsitlar borligi qayd qilinadi, boshqa alomatlar bo’lmaydi yoki zaif ifodalangan).

Glomerulonefritning barcha shakllari uchun retsidiv kechish xarakterlidir. Kasallik xurujining klinik alomatlari o’tkir glomerulonefritning birinchi epizodiga o’xshaydi yoki uni to’liq takrorlaydi. Retsidiv ehtimoli bahor-kuz davrida oshadi va qo’zg’atuvchi ta’siridan 1-2 kun o’tgach boshlanadi.

Glomerulonefrit sabablari

Glomerulonefrit rivojlanishining sababi odatda o’tkir yoki surunkali streptokokk infektsiyasi (angina, pnevmoniya, tonzillit, skarlatina, streptodermiya) hisoblanadi. Kasallik qizamiq, suvchechak yoki O’RVI asorati sifatida rivojlanishi mumkin. Uzoq vaqt davomida namlik yuqori bo’lgan sovuqda qolib ketishda glomerulonefrit boshlanishi ehtimolligi ortadi, chunki bu tashqi omillarning kombinatsiyasi immunologik reaktsiyalar kechishini o’zgartiradi va buyraklar qon ta’minotini buzadi.

Glomerulonefrit va ayrim viruslar, Toxoplasma gondii, Neisseria meningitidis, Streptococcus pneumoniae va Staphylococcus aureus tomonidan chaqiriladigan kasalliklar bilan bog’liqligiga ishora qiladigan ma’lumotlar mavjud. Juda ko’p hollarda glomerulonefrit streptokokli infektsiyadan 1-3 hafta o’tib rivojlanadi, tadqiqotlar natijasi glomerulonefrit A guruh b-gemolitik streptokokklarning «nefritogen» shtammlari bilan chaqirilganligini tasdiqlaydi.

Bolalar guruhida streptokokkning nefritogen shtammlari tomonidan chaqirilgan infektsiya sodir bo’lganda, o’tkir glomerulonefrit belgilari infektsiyalangan bolalarning 3-15 foizida qayd qilinadi. Laboratoriya tadqiqotlari o’tkazilganda, siydikdagi o’zgarishlar bemor atrofidagi 50% bolalar va kattalarda aniqlanadi, bu esa glomerulonefritning torpid (alomatlarsiz yoki zaif ifodalangan alomatlar bilan) kechishidan dalolat beradi.

Skarlatinadan so’ng, uy sharoitida davolangan bolalarning 3-5 foizida va shifoxonada davolangan bemorlarning 1 foizida o’tkir glomerulonefrit rivojlanadi. Surunkali tonzillit bilan og’rigan yoki teri nefritogen streptokok tashuvchisi bo’lgan bolalarda O’RVI ham glomerulonefritning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Glomerulonefrit asoratlari

O’tkir diffuz glomerulonefrit quyidagi asoratlarning rivojlanishiga olib kelishi mumkin:

  • O’tkir buyrak etishmovchiligi (1% hollarda);
  • O’tkir yurak yetishmovchiligi (3% dan kamroq hollarda);
  • Preeklampsiya yoki eklampsiya (o’tkir buyrak gipertenziv ensefalopatiyasi);
  • Miyaga qon quyilishi;
  • Vaqtinchalik ko’rish buzilishi;
  • Surunkali diffuz glomerulonefrit.

O’tkir glomerulonefritning surunkali shaklga o’tish ehtimolini oshiradigan omil, gipoplastik buyrak displaziyasidir, bunda buyrak to’qimasining rivojlanishi bolaning xronologik yoshidan ortda qoladi. Progresslovchi kechish va faol immunodepressiv terapiyaga chidamliligi bilan xarakterlanadigan surunkali diffuz glomerulonefrit yakuni buyrakning ikkilamchi bujmayib qolishi bo’ladi. Glomerulonefrit buyrak kasalliklari orasida yetakchi o’rinlardan biriga ega bo’lib, u bolalarda buyrak yetishmovchiligining rivojlanishiga va bemorlarning erta nogironligiga olib keladi.

Glomerulonefritni tashxislash

«O’tkir glomerulonefrit» tashxisini qo’yish anamnez (yaqinda boshdan o’tkaziladigan infektsion kasalliklar), klinik tasvir (shishlar, arterial gipertoniya) va laboratoriya ma’lumotlariga asoslanib amalga oshiriladi. Tahlil natijalari quyidagi o’zgarishlar bilan tavsiflanadi:

  • Mikro- yoki makrogematuriya. Makrogematuriyada siydik qora, to’q jigarrang yoki «go’sht yuvindisi» rangini oladi. Mikrogematuriyada siydik rangining o’zgarishi kuzatilmaydi. Kasallikning dastlabki kunlarida siydik tarkibida asosan yangi eritrotsitlar aniqlanadi, keyinchalik esa suvsizlanganlari.
  • 2-3 hafta davomida o’rtacha albuminuriya (odatda 3-6% oralig’ida) qayd qilinadi;
  • Siydik cho’kindisi mikroskopiyasi natijasiga ko’ra mikrogematuriyada donsimon va gialin silindrlar, makrogematuriyada esa eritrositar bo’ladi;
  • Nikturiya, Zimnitskiy porbasi o’tkazilganida diurezning pasayishi. Buyraklar kontsentratsion qobiliyatining saqlanib qolishi siydikning yuqori nisbiy zichligi bilan tasdiqlanadi;
  • Endogen kreatinin klirensini o’rganish natijalariga ko’ra buyraklar filtratsiya qobiliyatining pasayishi;

Umumiy qon tahlili natijalariga ko’ra o’tkir glomerulonefritda leykositoz va ECHT o’sishi aniqlanadi. Biokimyoviy qon tahlili mochevina, xolesterin va kreatinin miqdorining yuqoriligi, AST va ASL-O titrining oshganligini tasdiqlaydi. O’tkir azotemiya xarakterlidir (qoldiq azot miqdorining ortishi).

Buyraklar ultratovush tekshiruvi va buyrak tomirlarining ultratovushli dopplerografiyasi o’tkaziladi. Agar laboratoriya tadqiqotlari va UTT natijalari shubhali bo’lsa, glomerulonefrit tashxisini tasdiqlash uchun buyrak biopsiyasi olinadi va olingan meterial morfologik tadqiq qilinadi.

Glomerulonefritni davolash

O’tkir glomerulonefritni davolash kasalxonada amalga oshiriladi. №7 parhezi, yotoq tartibi buyuriladi. Bemorlarga antibakterial terapiya (ampitsillin + oksatsillin, penitsillin, eritromitsin), immunitetni to’g’rilash uchun gormonal bo’lmagan (siklofosfamid, azatioprin) va gormonal (prednizolon) preparatlar buyuriladi. Davolash choralari kompleksi yallig’lanishni davolash (diklofenak) va shishni hamda qon bosimining kamytirish uchun simptomatik terapiyani ham o’z ichiga oladi.

Keyinchalik sanatoriya-kurortlarda davolanish tavsiya etiladi. O’tkir glomerulonefritdan keyin bemorlar ikki yil nefrologning nazorati ostida bo’ladi. Surunkali glomerulonefritni davolashda kasallik xuruji davrida o’tkir glomerulonefritga o’xshash davolash tadbirlari majmuasi amalga oshiriladi. Remissiyda davrida davolash sxemasi alomatlar mavjudligi va kuchliligi asosida aniqlanadi.

Kasalliklar
alomatlari, asoratlari., davolash, Glomerulonefrit — sabablari, tashxislash