Glomerulonefrit — sabablar, davolash va oldini olish haqida malumot

Glomerulonefrit — sabablar, davolash va oldini olish haqida malumot

Buyrak koptokchalarining o‘tkir va surunkali yallig‘lanishlari glomerulonefrit deyilib, bunda asosan buyrakdagi koptokchalar, mayda qil tomirlar zararlanadi, oqibatda buyrak faoliyati buziladi. Gelomerulonefritning piyelonefritdan farqli jihatlari bor. Ya’ni piyelonefritda ko‘pincha bitta buyrakning kosacha va jomchalari zararlansa, glomerulonefritda esa har ikki buyrak ham baravariga yallig‘lanadi.

Asosan angina, faringit, skarlatina va boshqa infeksion-yallig‘lanish kasalliklar bilan og‘rib o‘tgandan so‘ng (ba’zan esa difteriya, o‘pka yallig‘lanishi, toshmali terlama, ich terlama va shunga o‘xshash asosan streptokokklar qo‘zg‘atadigan kasalliklarga chalingandan keyin)shuningdek o‘ta sovuq ob-havo ta’sir qilganda, havoda namgarchilik ortib ketganda, zararli moddalar (alkogol, simob, qo‘rg‘oshin, atseton, benzin singarilar) organizmga ta’sir ko‘rsatganda hamda tizimli kasalliklar (qizil volchanka, gemorragik vaskulit, infeksion endokardit) bilan og‘riganda buyrak to‘qimalari zararlanishi mumkin.

Qovoqlar atrofidagi shishlar

Glomerulonefritning uchta (o‘tkir, o‘tkir osti, surunkali) turlari farqlanadi. Kasallikning o‘tkir turiga chalingan bemorlarda uch xil holat (tanaga shish kelishi, arterial qon bosimi ortishi, peshobda o‘zgarishlar bo‘lishi) kuzatiladi. Ayrim bemorlarda kasallik to‘satdan boshlanadi, ayrimlarda esa asta-sekin, bilinar-bilinmas namoyon bo‘ladi. Aksariyatida oyoqlar shish kuzatilib, kamquvvatlik va bosh og‘rishi ro‘y beradi, peshob kam ajralishi mumkin. Davo o‘z vaqtida boshlanmasa bemorlarning 80-90 foizida qovoqlar atrofi va yuz sohasi shishadi, terisi rangpar, ko‘zlari qisilgan, yuzi yapasqi bo‘lib qoladi. Bunday vaqtda teri ostida, o‘pka va yurak pardasi orasida hamda qorinda suyuqlik to‘planishi kuchayib, tana og‘irligi 15-20 kilogrammgacha oshadi. Davo o‘z vaqtida boshlanganda esa ikki-uch hafta davomida shish asta-sekin qayta boshlaydi.

Bemorlarda shish yuzaga kelishining ayrim sabablari bor. Masalan kapillyarlar devori o‘tkazuvchanligi o‘zgaradi, buyrak koptokchalarining shikastlanishi natijasida filtrlash faoliyati susayadi, tanada suyuqlik tutilib qoladi, antidiuretik (ADG) gormoni ko‘payadi, buyrak to‘qimalari aldosteronga sezuvchan bo‘lib qoladi, qonning suyuq qismi qon tomirlardan chiqib, g‘ovak hujayrali joylarda to‘planadi. Bularning hammasi glomerulonefrit rivojlanishini tezlashtiradi. O‘tkir glomerulonefritning aralash turi ham borki, unda buyrak koptokchalari kattalashadi, qizaradi, qizil va oq qon tanachalari shu yerda to‘planib qoladi. Keyinchalik koptokchalar rangi oqarib, tomirlari yorilib ketishi ham mumkin. Kasallikning eng asosiy belgisi buyrakda qon aylanishining buzilishi natijasida arterial qon bosimining ortishidir.

Bemorlarda oliguriya (bir kecha-kunduz davomida siydikning 1 1,5 litrdan kam kam miqdorda ajralishi) va gematuriya (peshobda qon bo‘lishi) holatlari ro‘y beradi. Peshobning rangi xuddi go‘sht seliga o‘xshash bo‘ladi. Arterial qon bosimining ortishi tufayli gipertoniya zamirida o‘pka shishishi va o‘tkir yurak yetishmovchiligi ham rivojlanishi mumkin. Kasallik kuchaygani sayin belning ikki tomonida og‘riqlar kuzatilishi mumkin.

Kasallikning o‘tkir osti turi ko‘pincha yoshlarda uchraydi. Bu vaqtda bemorning peshobi o‘zgaradi, unda oqsillar, eritrotsitlar silindrlar paydo bo‘ladi. Arterial qon bosimi ortib, tanada shish kuzatiladi.Davo vaktida boshlanmasa kiska vakt ichida buyraklar faoliyati keskin buzilib, surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal boskichi yuzaga keladi. Aksariyat bemorlar dializ terapiyasiga muhtoj bo‘ladilar.

Surunkali turining ko‘rinishlari

Glomerulonefritning surunkali turida buyrak koptokchalari asta-sekin shikastlanishi tufayli buyrak faoliyati susayadi, arterial qon bosimi oshadi va buyrak faoliyati buzilishi natijasida buyrak yetishmovchiligi rivojlanib boradi. Kasallikning bu turi kechishiga ko‘ra bir necha ko‘rinishda ifodalanadi.

Yashirin kechuvchi (latent) glomerulonefritga bemorlarning taxminan 44 foizi duchor bo‘ladilar. Bu turdagi glomerulonefritda qon bosimi doimiy oshmaydi, shish ham deyarli sezilmaydi. Bemorlar uzoq yillar davomida ish qobiliyatini yo‘qotmaydilar, hatto xastalikni sezmay yashaydilar. Faqatgina ayrim xastaliklar bo‘yicha shifokorga murojaat qilinganda yoki tibbiy tekshiruvdan o‘tganda yashirin glomerulonefrit borligi aniqlanadi.

Nefrotik ko‘rinishdagi glomerulonefrit bilan og‘rigan bemorlarning peshobi orqali ko‘p miqdorda (bir kecha-kunduzda 3,5g.dan ortiq) oqsil ajraladi. Xolesterin moddasi ko‘payadi. Qonda esa oqsil moddasi kamayadi. Oqsil kamayishi natijasida bemorlarning badanida shishlar paydo bo‘ladi. Avvaliga oyoklardan boshlangan shish asta-sekin butun badanga tarqaladi. Hatto ichki a’zolar, masalan yurak, o‘pka va qorin bo‘shliqlarga yoyiladi. Teri shilliq pardalari quriydi, natijada teri bujmayib qoladi.

Kasallikning nefrotik ko‘rinishi buyrak yallig‘lanishi belgilari (peshobda qon-eritrotsitlar bo‘lishi, buyrak faoliyatining buzilishi) bilan kechadi. Xastalikning boshlang‘ich davrida arterial qon bosimi meyorda turadi. Kasallik rivojlana borgani sari qon bosimi ko‘tariladi.

Gipertonik kechuvchi glomerulonefritda qon bosimini yukori darajada ko‘tarilib, ayrim simptomlar (masalan bemorlarda yurakning ishemik kasalligi, stenokardiyaning rivojlanashi, ko‘z tubidagi tomirlar o‘zgarishlari) kuzatiladi. Ko‘z tubiga qon quyilishi xavfi va hatto ko‘z to‘r pardasida davolab bo‘lmaydigan jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin.

 Aralash ko‘rinishdagi glomerulonefritda shishlar, kon bosimi ko‘tarilishi va peshobdagi o‘zgarishlar (proteinuriya, gematuriya, silinduriya) ro‘y beradi. Vaqt o‘tavergach, (davo vaqtida amalga oshirilmasa) buyrak faoliyatida yetishmovchilik rivojlanib boradi.

Tashxis, davolash va oldini olish

Aniq tashhis qo‘yish uchun bemordan zarur tahlillar (ya’ni, peshob va qonning umumiy tahlili, qon va peshobdagi oqsilning umumiy tahlili, qondagi oqsilning fraksiyalari, qonning biokimyoviy tahlili -mochevina, kreatinin, qonda xolesterin va lipidlar miqdori, UTT tekshiruvi (buyraklar), buyrak to‘qimasini tekshirish, ya’ni punksion biopsiya) albatta olinishi shart. Kasallik barvaqt aniqlansa va o‘z vaqtida muolaja qilinsa, bemorlarning 14-18 foizga yaqini butunlay sog‘ayib ketishi mumkin.

Vaqt o‘tishi bilan glomerulonefrit oqibatida buyrak tobora bujmayadi va o‘z faoliyatini yo‘qota boradi, shundan so‘ng buyrak yetishmovchiligi – uremiya intoksikatsiyasi rivojlanadi. Uremiya intoksikatsiyasida umumiy holsizlik, ko‘ngil aynashi, qayt qilish, ishtaha yo‘qligi, peshobning ko‘p yoki kam ajralishi,badanda qichishishlar kuzatilishi mumkin.

Glomerulonefrit rivojlanishining oldini olish uchun bemorlar doimo vrach nazorati ostida bo‘lib, organizmdagi infeksiya o‘choqlarini o‘z vaqtida bartaraf etishlari, muntazam parhez tutib, sovuq va nam havo ta’siridan o‘zlarini ehtiyot qilishlari zarur. Bemorlar muolaja paytida parhezga qat’iy rioya etishlari kerak. Organizmga tushayotgan tuz va suv miqdorini, shuningdek oqsil miqdorini ham kamaytirish lozim. Ovqat tarkibidagi osh tuzining miqdori sutkasiga 1,5- 2,0 grammdan oshmasligi, o‘simlik oqsilli mahsulotlar – soya, tvorog va tuxum oqsilini iste’mol qilinishi, yog‘larning bir kecha-kunduzlik miqdorini 50 gramm mikdorida,suyuqlikning sutkalik miqdori ajratilgan peshobning mikdoriga qarab + 200 mlni tashkil etishi kerak.

Davo jarayonida patogenetik: yani kortekosteroidlar, antiagregantlar, immunosupressiv vositalar, antibiotiklar, peshob haydovchi, gipotenziv dorilar va simtomatik terapiya qo‘llanadi. Davolash uzoq yillar davomida statsionar va ambulator sharoitda olib boriladi.

© Anvar ZUFAROV, Nefrolog, professor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

Kasalliklar
davolash va oldini olish, Glomerulonefrit — sabablar